“IT-PARK” brendi logotipi nimani anglatadi? IT-PARK logotipi muallifi, rezidenti, dizayner Sherzod Nosirov bilan suhbat
“IT-PARK” loyihasi – dastavval, ikki-uch kishi ishtiroki bilan boshlangan g‘oya ko‘rinishida vujudga kelib, rivojlangan. Ya’ni, boshida faqatgina g‘oyani o‘zi bo‘lgan, boshqa hech narsa bo‘lmagan. Shu o‘rinda, bu loyihani yaralish tarixini ozgina eslaymiz. Farhod Ibragimov boshchiligida IT-PARK rahbariyati bizga murojaat qilib, “Yangi yaratilayotgan texnologik parkga “IT-PARK” nomini berdik, endi shunga logotip – brend qiyofa yaratishimiz kerak” mazmunida taklif bilan chiqishgan. Farhod Ibragimov bilan yoshlikdan bir-birimizni taniymiz. Men ixtisosligim va faoliyatim bo‘yicha ijodiy (dizayn, arxitektura) yo‘nalishdagi mutaxassis bo‘lganim uchun Farhod Ibragimov o‘z taklifida shu imkoniyatlarimni ham hisobga olgandi. Bildirilgan taklifni xursand bo‘lib, qabul qildim. Aslida, logotip dizayni mening xobbim, bunga ish faoliyati sifatida qaramayman. Biroq, bildirilgan ishonch meni butun diqqatimni mazkur ishga jamlagan.
Taxminan, bir hafta oralig‘ida bo‘lib o‘tgan izlanishlar mahsuli sifatida IT-PARK logotipining bir necha variantlarini ishlab chiqqanmiz va ularni taqdim etganmiz.
Dastlabki variantlar “yarq” etgan xarakterga ega xususiyatlar yetishmganligi tufayli qabul qilinmagan. Nihoyat, ancha izlanishlardan so‘ng, uzog‘i o‘n kunlar ichida logotipning oxirgi, yakuniy, bugun barchaga ma’lum varianti tug‘ilgan. Logotipning bu ko‘rinishi o‘zimizga ham ma’qul kelgan. Shu tarzda jamoa kengashib, mazkur variantda to‘xtalganmiz. Keyin esa logotip – loyiha qiyofasiga chuqquroq yondashib, unga“Brand book”(brend kitobi) tarzida ishlov berganmiz. Bu orada brend yaralishi bilan birga parallel ravishda IT-PARK ham o‘z faoliyatini boshlagan.
Bu brendning o‘z falsafasi bor. Brendga nisbatan quyidagicha savollar tug‘ilishi mumkin: brend nega aynan shunday shaklda? Nega yashil rangda? Hammasiga asosli javob bor. Har bir o‘ylangan chiziqda mantiq bor!
“IT-PARK” brendi yaratilayotgan 2018-yilda bizda innovatsion yo‘nalishdagi Texnopark, IT-Park kabi brend hali mavjud emasdi. Shu bois, bizda bu yo‘nalishdagi brend namunalarini faqatgina chet el tajribasidan ko‘rib, kuzatish imkoni bor edi, xolos. Shu tariqa o‘zi bu nima ekan, qanday brend ekan, deya chuqur izlanganmiz.
O‘sha paytda Farhod Ibragimovdan bu borada aniq bir topshiriq ham tushgandi, unga ko‘ra bo‘lg‘usi yaratilajak brend Simple – (ingliz tilida oddiy degan ma’noni anglatadi)ko‘rinishi talablarida bo‘lishi belgilangandi. Ya’ni, brend bir ko‘rganda, darrov ilg‘anadigan, tez esda qoladigan, va albatta, zamonaviy qiyofaga ega bo‘lishi juda muhim edi.
Shuningdek, Flight – ingliz tilidan parvoz degan ma’noni anglatuvchi, soha amaliyotidagi mohiyatiga ko‘ra esa reklama beruvchilarning ilg‘or qismini ifodalovchi, bu orqali brendni ilgari surish strategiyasini o‘zida aks ettiruvchi mazkur atama talab va imkoniyatlarini ham o‘rgandik va loyihaga tatbiq etdik.
Zamonaviy dunyoda texnologiya deganda, avvalo, yirik brendlar – Apple, Google va hokazo har xil brendlar ko‘z oldimizga keladi.
O‘sha brendlar taraqqiyot tajribasini o‘rganganmiz. Shu bilan birga, o‘zimizning loyihani mustahkam yaratishga harakat qilganmiz.
Shunchaki o‘zga brendni ko‘chirib qo‘yish ham, bo‘lmasdi. IT-PARK logotipining ilk qoralama variantlarini bir qarab ko‘rdim, afsus, saqlanmagan ekan. Logotip masalasida qidiruv, izlanuvimiz “IT” so‘ziga bog‘liq holda kechgan.
E’tiboringizga IT-PARK brendi logotipining xomaki chizgilaridan kelib chiqqan holda bir butun jamlanma ta’rifini bayon etamiz. Bunda logotip mohiyatini uning har bir detali tafsiloti bo‘yicha tushuntirib beramiz. Ya’ni, bu orqali logotipning har bir chizig‘i yaralishi tarixi qanday bo‘lganligi va u qanday ma’no anglatishi xususida ma’lumotga ega bo‘lasiz.
Bugungi kunda logotip va brend yaratish juda murakkab ish. Sababi, logotip mualliflik ishi bo‘lsa hamki, keyin internetda qidiruv qilsangiz, qarabsizki, o‘xshash nusxalar chiqib keladi. Garchi, siz uni ko‘chirmagan bo‘lsangiz ham, bir vaqtni o‘zida shunga o‘xshash logotip, nomlarga duch kelasiz.Chunki, dunyoda bu narsa hammayoqda rivojlanayapti. Ya’ni, bir-biriga o‘xshash forma, rang, nomlar bir vaqtning o‘zida ko‘plab uchrashi ehtimoli katta bo‘lib bormoqda. Shularni hisobga olib, ushbu brend bo‘yicha izlanish jarayonida ham nom, ham shakl xususiyatlarini muntazam tahlil qilib turganmiz. Ma’lumki, yangi brendga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda har xil sharhlar bildiriladi. Ko‘p hollarda yo‘q joydan, bilib, bilmay, ko‘chirmakashlikda aybdor sanashlari ham mumkin. Shuning uchun hozirgi yosh dizaynerlarimizga maslahatim shuki, brend qilayotganda, shu jihatlarini ham chuqur o‘ylash zarur.
Hozirgi paytda logotip qilish ko‘plar nazarida juda oson ishdek bir qarashda. Lekin uning zahmati o‘z ishining ustasiga ma’lum. Zero, professional dizayner qilayotgan ishining poydevorini mustahkam quradi.
Ya’ni, bular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Brend logotipi boshqa brendlar bilan assotsiatsiya bo‘lib qolishi kerak emas. Ya’ni, brendni raqobatbardosh bo‘lishiga intilish zarur;
- Brend logotipi mantiqqa asoslanib, fikrga qurilishi kerak;
- Chizilayotgan brend logotipini keng miqyosdagi rivojini hisobga olish darkor.
IT-PARKning ilk g‘ishti 2018-yildan boshlab qo‘yilgan bo‘lsa, bugunga kelib, juda qisqa vaqt ichida katta bir brendga aylanishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni, IT-PARK tizimlashgan, yo‘nalishga boy katta harakat maqomiga yetdi. Haqiqatdan, nomiga mos IT-PARK bo‘ldi. Biz bundan juda xursandmiz. Yanada rivojlanishiga tilakdoshiman ushbu brendni.
Ko‘rib turganimizdek, oxirgi izlanishimizdagi simvol(ramz)da bir to‘xtamga kelganmiz. Uning ifodasi shundayki, bu chizgi bizga daraxt shaklini eslatib turadi. Nimaga daraxt? Chunki, daraxt bu – har doim tepaga intiluvchi, rivojlanuvchi, ko‘karuvchi tabiat mo‘’jizasi. IT-PARK – ham shu daraxtga bir oila timsolida qiyos qilinganki, uning ishtirokchilari, rezidentlari, yosh startapchilari bu oilaning a’zolaridir! Bu oilaning har bir a’zosi o‘z intilishlari ila ushbu daraxtning ko‘karib, chinor bo‘lishiga hissasalarini qo‘shadilar. Eng muhimi, har bir a’zo bir-biri bilan o‘zaro aloqadorlikda, hamjihat harakat qiladi.
Yashil rangni tanlaganimiz sababi, o‘sha paytda bu yo‘nalish yangilik bo‘lgan. Ya’ni, yashil nihol – yangilikka intilish ramzi sifatida qo‘llanilgan.
Dumaloq shakl bilan bog‘langan chiziqlar bu – plata. Istalgan IT soha mahsulotini ixtiro qilsak, bu albatta, kompyuter bilan bog‘liqdir. Bugungi kunda kompyutersiz hech bir ish qilolmaymiz. Chunki bu, zamon talabi. Texnologiya peshqadam bugungi zamonda har bir g‘oya texnologiya orqali o‘z yechimini topishga moyil.Gadjet bo‘ladimi, kompyuter bo‘ladimi, boshqa bir dastur bo‘ladimi, farqi yo‘q. Shuning ramzi sifatida logotipda neyron tarmoqlari, raqamli yo‘lakchalar, uning ta’sirida yuzaga kelgan dumaloq shakllar o‘rin olgan.
Dumaloq shakllar esa bu – neyronlar bo‘lib, ular kompyuter tuzilmalarini o‘z ichiga olgan Ona (materinskaya) plata – (ang. motherboard) tizimidagi bog‘lovchi yo‘laklarni ifodalaydi.
Dumaloq shakl jarayonda odam shakli – yosh startapchi obrazini ham ifodalaydi. Yoki jamoaning yosh bir vakili qulochini keng yoyib turibdiki, uning kayfiyatida erkinlik, rivojlanish, o‘zidan, o‘z ishidan qoniqish, xursandchilik hissi aks etgan.
IT so‘zi – ma’lumki, inglizcha “Information Technology” (“Axborot texnologiyalari”) so‘zlarining qisqartmasidir. Shu sabab, logotipning poydevori ushbu so‘zlarning qisqartmasi – IT harflariga qurilgan. Ikki harfni atrofini esa daraxt va raqamli plata shakli o‘rab, logotip qiyofasini tugallaydi.
Logotip tayyor bo‘lib, tasdiqdan o‘tgach, unga “Brand book”(brend kitobi) tayyorladik. Mazkur kitobdan bu brend logotipidan qanday foydalanish, uni qanday ishlatish qoidalari o‘rin olgan. Bu ham muhim masala. Axir, IT-PARK bitta kompaniyadan iborat emas. Respublika bo‘ylab bir necha IT-markazlar mavjud. Ular bu brendni qanday ishlatish kerakligi yoki aksincha qanday ishlatish mumkin emasligi haqida shu kitob orqali bilib oladilar. Bu kitob – IT-PARK tomonidan har kuni ishlatiladigan muhim hujjat hisoblanadi.
IT-PARKning yangi qad rostlayotgan binolari ofislarining intereri dizaynida ham o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Bunda birinchi navbatda, IT mutaxassislari o‘zlarini qanday sharoitda qulay va erkin kayfiyatda his qilishlari hisobga olinib, shunga ko‘ra interer muhitini ishlab chiqamiz.
IT-PARK logotipidagi yashil rangni biz qabul qilgan bitta kodi, tanlangan tusi bo‘yicha ishlatish umumqoida sifatida qabul qilingan.
Albatta, bu yaratilgan brend logotipi qog‘oz betida yoki interer dizayni tasvirida bo‘lsa, odam quvonadi. Lekin logotip qiyofasi butun shahar, respublika bo‘ylab baland, osmono‘par binolarning peshonasida ko‘rk to‘kib turganini ko‘raganimizda esa ich-ichimizdan juda xursand bo‘lamiz. O‘ylaymanki, IT-PARK brendi yaralishida o‘z hissasi bor har bir kishi bundan faxrlanadi. Biz ham shu qatori yurt istiqboli, ravnaqi yo‘lida qilingan ushbu ezgu ishga hissamiz qo‘shilganidan mamnunmiz!
Lobar QOBILOVA suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter