Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq prezidentlar, qo‘liga chip o‘rnatilgan odam, sun’iy intellektni tanlagan 77 yoshli otaxon... (video)

Jahon maydonida O‘zbekiston Respublikasining brendini “Mintaqaviy IT-markaz” sifatida tizimli targ‘ib qilish hamda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan “Digital Leadership Uzbekistan 2023” xalqaro forumini O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi.

Forum ochilishida 300 dan ziyod BPO va IT-autsorsing kompaniyalari, xorijiy tashkilotlar, tadbirkorlar hamda butun dunyodan 20 dan ortiq spikerlar ishtirok etishdi.

Spikerlar ushbu forum O‘zbekistonda o‘z biznesini dunyoga namoyish etmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun muhim tadbirlardan biri ekanligini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Nufuzli tadbir “Huawei” kompaniyasining mintaqaviy ofisi, “ZTE” kompaniyasining BPO markazi, shuningdek, “VEON”ning yangi biznes yo‘nalishi hamda “Achariya” universitetining ochilish marosimlariga ulanib ketdi.

“Digital Leadership Uzbekistan 2023” xalqaro forumi doirasida bir qator sessiyalar ham tashkil etildi.

Jumladan, “Qanday qilib 2030-yilga qadar BPO va IT xizmatlari autsorsingi orqali 5 milliard AQSh dollari miqdoridagi eksportga erishish mumkin?” mavzusida panel muhokamasida o‘z sohasida ko‘p yillik tajribaga ega, malakali xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi.

Shuningdek, “O‘zbekiston venchur kapitali ekotizimi: xalqaro strategiyalarni ko‘rib chiqish va amalga oshirish” mavzusidagi sessiya doirasida bir qator xorijiy ekspertlar ishtirokida “O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani rivojlantirishning keyingi istiqbollari va xalqaro moliya markazi tashkil etishning afzalliklari” va “Markaziy Osiyo tadqiqotlari: O‘zbekistonda va xorijiy mamlakatlarda venchur kapital salohiyatini oshirish” masalalari ham muhokama qilindi.

Xalqaro forum doirasida “Xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jahon tajribasi” mavzusida davra suhbati ham tashkil etilgan bo‘lib, unda bir qator xorijiy ekspertlar bir qatorda GAP ayollar klubi a’zolari ham ishtirok etishdi. IT sohasiga xotin-qizlarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan mazkur sessiyani O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova ochib berdi. Ishtirokchilar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Isroil kabi mamlakatlarning tajribasi, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusi rejalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

IT-ko‘nikmalarga global talab: IT-ta’limga sarmoya kiritish orqali ehtiyojlarni to‘ldirish mavzusida tashkil etilgan EdTech sessiyasida esa AQSh, Germaniya, Hindiston, Bangladesh, Janubiy Koreya va Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan xalqaro ekspertlar IT-ta’limni rivojlantirish, sohada istiqbolli loyihalarni amalga oshirish kabi mavzulardagi taqdimotlari bilan ishtirok etishdi va panel muhokamalarida o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

"Digital Leadership Uzbekistan 2023” xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan navbatdagi sessiyada “Sun’iy intellekt sohasidagi etika va tartibga solish masalalari” ham muhokama qilindi.

“Raqamli O‘zbekiston-2030“ strategiyasi doirasida elektron hukumat tizimini joriy etish“ mavzusida tashkil etilgan GovTech sessiyasida esa Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda elektron hukumat yo‘nalishidagi muammo va yechimlar borasida o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, sessiya davomida xorijiy ekspertlar ishtirokida davlat boshqaruvi organlarini raqamlashtirishning hozirgi holati va istiqbolli rejalar ham muhokama qilindi.

Xalqaro forumga tashrif buyurgan xorijlik va mahalliy mehmonlar orasida bir otaxon e’tiborimizni tortdi va uni suhbatga tortdik. Hikmatillo ota EHM yo‘nalishida ta’lim olgan ekanlar. E’tiborlisi shundaki, 77 yoshli otaxon Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida dars berar ekanlar! Spikerlar ingliz tilida su’niy intellektda erishilgan yutuqlar, yangiliklar va dolzarb masalalar yuzasidan taqdimot qilar ekan, Hikmattilo ota ham zarur faktlarni qiziqish bilan yozib ola boshladilar. Ha, “beshikdan to qabrgacha ilm izla", deganlari ayni haqiqat. Hikmatillo ota esa bu borada bizga chinakam ibrat bo‘ldilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ishtirokchilarni O‘zbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirish hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan ushbu forum xorijlik mehmonlarda ham iliq tassurotlar qoldirganiga shubha yo‘q.

E’zoza Turg‘unova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring