Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘ladi

Bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘ladi

Foto: Parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Seminarda mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati, unda aks ettirilayotgan yangi normalar va tadbirkorlik hamda fuqarolar uchun yaratilayotgan yengilliklar xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanishicha, amaldagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan bir qator qoidalar eskirgan va bugungi kun talabiga javob bermaydi. Jumladan, mavjud tartibga solish mexanizmlari va atamalar o‘z ahamiyatini yo‘qotgani sababli amaliyotda noto‘g‘ri talqin qilish holatlari va sohaning rivojlanishiga to‘siqlar paydo bo‘lmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi sub’yektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, qonun loyihasiga ko‘ra endi bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Seminar davomida qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Loyihada nazarda tutilgan telekommunikatsiyalar sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi vakolatlarini aniq belgilash, telekommunikatsiyalar sohasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik mexanizmini to‘g‘ri belgilash va boshqa shu kabilar shular jumlasidan.

Shu bilan birga, loyiha bilan amaldagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oldin mavjud bo‘lmagan qator yangi normalar kiritilmoqda. Jumladan, asosiy atamalar xalqaro normalarga muvofiqlashtirilmoqda, operator va provayderlarning o‘zaro tarmoq xizmatlarini aholiga ko‘rsatiladigan telekommunikatsiya xizmatlaridan farqlash mezonlari kiritilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovini hamda sifatini oshirishga, Internetdan foydalanish imkoniyatining kengayishi esa aholining davlat xizmatlaridan faol foydalanishlari, elektron tijoratni amalga oshirishlari, o‘zlari uchun zarur bo‘lgan axborotni izlashlari, olishlari va tarqatishlari singari konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Seminarda so‘z olgan quyi palata deputati Shuhrat Sharofutdinov qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, u bilan soha uchun mas’ul organlar belgilanib, ularning vakolatlari o‘zaro taqsimlangan holda, vazifalari aniq belgilab berilayotganini qayd etib o‘tdi.

Muhokamalar chog‘ida qonun loyihasi bilan bog‘liq savollarga vazirlik va idoralar mutaxassislaridan asoslantirilgan javoblar olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring