Bolasini ayiq qafasiga uloqtiradigan onalar ko‘p...
Inson tabiati shunday: bir uchi o‘ziga tegishli axborotlardan qattiq ta’sirlanadi.
Hafta qahramoniga aylangan hayvonot bog‘idagi ayiq voqeasida ham shunday bo‘ldi. Internet ommasi qizalog‘ini ayiq oldiga tashlab yuborgan onani qo‘shtirnoq ichida yozib, rosa go‘riga g‘isht qalashdi.
Qanchalik erish tuyulmasin, bu ayolni la’natlash emas, undan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Chunki u mudhish harakati bilan ko‘plab ayollarga oyna tutdi. Albatta, kinolarda va kitoblarda hayotiy voqealar kuchaytirilib ko‘rsatilgani kabi u ham biroz qaltisroq va xavfliroq yo‘l bilan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning kamchiligini o‘z harakati ila namoyon etdi. Bolasiga zarar yetkazishga hech bir ota-onaning haqi yo‘q, uning qilmishi (xoh qasddan, xoh e’tiborsizlikdan bo‘lsin) oqlanmaydi, albatta. Ammo tilidan zahar tomib uni qoralayotganlar o‘ziga razm solsinchi, balki undan kam emasdir.
Ayiq ham, qafas ham - majoz. Bu hayvonot bog‘i xodimi aytganidek, tajribada kuzatilmagan voqea, lekin majozan shunga o‘xshash tajovuzli holatlar juda ko‘p ro‘y beradi. Zotan, ayolning harakatida tajovuz - agressiya bor. To‘g‘ri, uni ruhiy xasta deyishdi. Lekin hamma ruhiy xastalar ham tajovuzga qo‘l uravermaydi. Aksincha, ular atrofdagilarga eng kam zarar yetkazadigan qatlam.
Tuppa-tuzuk kelinlar borki, hayotdan alamzadaligini farzandiga tajovuz bilan chiqaradi. Bu bolasiga qo‘l ko‘tarish, baqirish, jazolash va barcha noto‘g‘ri munosabatlarda ko‘rinadi. Eridan kaltak yegan ayol qarshi javob qaytarolmagan holda bolasini turtkilaydi. Qaynonasidan gap eshitsa bolasiga o‘shqirishga o‘tadi. Onalar bolalarini yaxshi ko‘rishlariga shubha yo‘q, ammo haddilari sig‘gani bois ularni alamdan chiqish vositasiga aylantirib olganlari sir emas.
Endi ayting, bolasiga nomunosib muomala qilayotgan onalarning hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayoldan farqi qancha? Balki ular yetkazayotgan zarar ko‘proq hamdir? Axir "Tig‘ jarohati bitadi, til jarohati bitmaydi", degan naql bor-ku. Jarohatlarni davolaydigan shifoxonalar-u shifokorlar ko‘p, qalb jarohatini kim bitiradi? Ko‘ngil yaralariga bog‘lov qo‘yuvchi muassasani bilasizmi? Psixolog ham ruhiy jarohatlarni og‘riqsizlantirishga yordam berishi mumkin, lekin tag-tugi bilan yo‘q qilolmaydi.
Jabrdiyda qizaloq bir necha kundan keyin shifo topajak, lekin qalbi yaralangan va aynan o‘zlari bilmagan holda onalari tomonidan jarohatlangan bolalarning qachon o‘nglanishi mavhum, bunga hech kim kafolat ham berolmaydi.
Notinch oilalarda baxtsiz bolalar voyaga yetadi. Er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyat, qaynona-kelin mojarosi va hokazolar bolalarga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Zero, ona va bola o‘rtasida energetik ko‘prik juda mustahkam, darddan siniqqan ona dilbandini kulib bag‘riga bosishi mumkin, lekin uning ichki olami bolaga darrov seziladi. Asabiy holda bolaning erkaliklarini ko‘tarish ham dushvor. Alam olish manbaiga aylangan bolalar bir kunda bir necha marotaba majozan ayiq qafasiga uloqtiriladilar.
Tajovuz faqat aniq harakatlar ila bo‘y ko‘rsatmaydi. Farzandiga e’tiborsizlik, uning kelajagiga befarqlik, xususan sog‘lig‘i, ta’limi uchun biror islohot o‘tkazmaslik ham tajovuzdir asli. O‘zi ham, bolalari ham telefon ekranidan ko‘z uzmaydigan oilalarda ham farzandlarga ziyon hayvonot bog‘idagi voqeadan kam yetkazilmayapti.
Yoki ajrimlarni olaylik. Ota yoki ona mehridan mosuvo qilingan farzandlar ayiq qafasiga emas, kelajakdagi muammolar girdobiga tashlab qo‘yildi. Ayiq bir iskab o‘tib ketishi mumkin ekan, ularni kutayotgan hayot zarbalari esa beayov.
Zarba deganda faqat bosh yorilish tushunilmaydi. Ota-ona farzandidan jonini ayamagan holda ham unga o‘zining bilimsizligi, alamzadaligi bilan zarba berib qo‘yadi. Bu esa kelajakdagi muvaffaqiyatsizliklar bilan xotimalanadi.
Olam - sizning bir bo‘lagingiz. Unda sodir bo‘layotgan voqealar - sizga katta dars. Guvoh bo‘lyapsizmi, demak bejiz emas. U sizga ham mos va xos. O‘zini taftish etishga imkoniyat deb qabul qilgan va o‘z dunyosiga razm solgan odamgina yutadi.
Demak, bunday videolarni ko‘rib, nafratlanish va la’natlashga o‘tib ketmang, balki o‘zingiz uchun saboq berarli qirrasini axtaring. Jazolovchi Alloh bor, qonuniy chora ko‘ruvchi huquq-tartibot idoralari bor, sizning ishingiz esa faqat o‘zingiz bilan bog‘liq. Zero, hayotingizda uchragan har bir odam - ikkinchi "men"ingiz, u sizga o‘zingiz haqida xabar berayotgan bo‘lishi mumkin.
Dunyo ona energiyasiga muhtoj. Ayollardan tadbirkorlar, shifokorlar, tikuvchilar, o‘qituvchilar va yana turli kerakli insonlar ko‘p yetishib chiqqan, ammo, afsuski, onalar noyob. Bola ko‘targan, beshik tebratgan hamma ham ona bo‘lavermaydi. Siz samolyot sotib olishingiz mumkin, lekin haydolmaganingiz kabi, bolani dunyoga keltirish oson, haqiqiy ona bo‘lish mushkul. Mehribon, kechirimli, hayotga pozitiv va optimist nigoh bilan qarovchi kam sonli ayollar borki, ular farzand ko‘rmasdan turib ham dunyoga ona energiyasini tarata oladilar.
P/S: Voqea qahramoni ayol bo‘lgani uchun mavzu asosan onalarga qaratildi. Biroq, fikrlarning bari otalarga ham teng ravishda taalluqlidir. Qaysiki ota oilada o‘z vazifa va mas’uliyatlarini his qilmasa, xonadon rahbari bo‘lolmasa, farzandlariga noto‘g‘ri o‘rnak ko‘rsatsa va noo‘rin munosabat bildirsa, bilingki, uning ham ishi bolasini ayiq qafasiga uloqtirishdan kam emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter