Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oila mustahkam bo‘lishining eng muhim shartlari

Oila mustahkam bo‘lishining eng muhim shartlari

Foto: Xabar.uz

Xalqimizda azaldan oila yuksak qadriyat hisoblangan. Har qanday sharoitda ham oilani saqlab qolish uchun mas’uliyat yuqori bo‘lgan. Oila jamiyatning kichik bir yacheykasi bo‘lib, jamiyatning rivojlanishida, farovon va barqaror bo‘lishida roli muhim. Shunday ekan hech bir inson oiladan tashqarida yashay olmaydi. Olimlarning o‘tkazgan tadqiqotlariga qaraganda, oilasiz, yolg‘izlikda yashagan insonning umri qisqa bo‘larkan. Jamiyat, oila va shaxs bir-birisiz mukammal bo‘la olmaydi.

Kecha, 8-noyabr kuni “UNICON.UZ — Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasida “Oila huquqi asoslari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent davlat yuridik universitetining yuridik fanlari doktori Feruza Muhitdinova ishtirok etib, korxona yoshlariga oila, uning jamiyatdagi o‘rni, oilani saqlab qolish omillari haqida so‘zlab berdi.

— Juda dolzarb mavzuni tanlabsizlar, bu bugungi kunda eng og‘riqli mavzulardan hisoblanadi, — deya so‘z boshladi notiq. — Oilalarni mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, oiladagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish borasida ishlar olib borilayotganligiga qaramasdan, keyingi paytlarda ajrimlar soni ortib borayotganligi har qanday normal odamni jiddiy tashvishga soladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning boshidan shu kuniga qadar 40 mingdan ziyod ajrim qayd etilgan. Bu raqamlar naqadar dahshatli ekanini tasavvur qilyapsizmi, aziz yoshlar? Buning ortida qanchadan-qancha bolalar yo otasiz yoki onasiz qolmoqda. Biz azaldan oilani qadrlagan xalqmiz. Shunday ekan, oila mustahkamligi yo‘lida mas’uliyatimizni unutib qo‘ymasligimiz kerak. Xo‘sh, qanday oila mustahkam oila hisoblanadi? Qaysiki oilada erkak kechirimli, ayol sabrli bo‘lsa, ana o‘sha oilada tinchlik, farovonlik, barqarorlik, baxtiyorlik hukm suradi.

Davra suhbati chog‘ida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi hamda shunday uchrashuvlar tez-tez o‘tkazilib tursa maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlashdi.

Solijon Zoirov,
“Xabar” muxbiri

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring