Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Romeo va Julettada smartfon bo‘lganidami...

Romeo va Julettada smartfon bo‘lganidami...

Foto: "Rg.ru"

O‘tgan hafta so‘ngida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat drama teatrida "Romeo va Juletta" asari namoyish etildi. Albatta, uyushmaning taklifi ham, sahnadagi ijro ham tahsinga sazovor bo‘ldi. Teatr san’ati yana bir bor tomoshabinlarni lol qoldirdi.

Shu o‘rinda bir fikr tug‘ildi. Sevishgan qahramonlar nimaning qurboni bo‘lishdi? Ikki xonadon o‘rtasidagi adovatning, deysizmi? Yo‘q, xato! Ular hech narsaga qaramay visol chorasini ko‘rishgandi, ammo ularga bexabarlik, o‘zaro ma’lumot almashishdagi nosozlik xalaqit berdi. Ularning baxtiqaroligi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda tug‘ilmaganidadir.

Zotan, asarni eslasangiz, rohib rejasini amalga oshirgach, bu haqida Romeoga xabar berish maqsadida chopar jo‘natadi. Vabo balosi tahdid solayotgan paytga to‘g‘ri kelgani uchun elchining yo‘llari to‘siladi va maktub qo‘lida qolib ketadi. Agar har ikki tomonda gadjetlar, aloqa imkoniyatlari bo‘lganida, vaqtida ogohlik sharofatidan ikki yosh taqdiri baxtli yakun topgan bo‘larmidi, nima dedingiz?

Yana kim biladi, deysiz, balki hozirgi zamonda ham shunday muhabbat voqeasi takrorlansa-yu, ayni kerak paytda to‘satdan "vay-fay" o‘chib, internet "mega-bayt"i tugab yoxud telefon quvvati pand berib qolsa, hammasi chappasiga ketishi hech gap emas.

Hamon barhayot bo‘lib kelayotgan shoh asardagi ushbu kulminatsion nuqtadan mobil aloqa kompaniyalari, internet provayderlari hamda aqlli texnologiyalarga ixtisoslashgan brendlar foydalansa arziydi. Binobarin, biznesda kreativ reklamalar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Masalan, kadrda tarixiy sahnani gavdalantirish, zamonaviy talqiniga ulab ketib, rohib va Romeoda gadjet yoxud aloqa vositasi bilan bog‘liq muammo yuz bergani, oqibatda fojia takrorlanishiga bir baxya qolganini ifodalash mumkin. So‘ngida esa sifatli gadjet yoki tezkor internetli operator, provayder faoliyati tufayli qahramonlar vaqtida ogohlik topadi va qarabsizki tragediya "xeppi-end"ga aylanadi.

Bu bir g‘oya. Hozirda mashhur kompaniyalar mahsuloti ommabopligidan xotirjam tortmagan holda qoyilmaqom va mubolag‘ali reklamalarga katta e’tibor, vaqt va mablag‘ ajratmoqda. Chunki bu insonlar ongini maxf etishga qodir. Milliy brendlarimiz ham bu yo‘ldan ketsa, maqsadga muvofiq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring