Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Bloger faoliyati bachkanalikka asoslanmasligi kerak

Bloger faoliyati bachkanalikka asoslanmasligi kerak

Foto: Vraki.net

Har yili 14 iyun internet hamjamiyatida “Xalqaro blogerlar kuni” sifatida nishonlanadi.

Bu g‘oya 2004 yilda tug‘ilgan. Bir vaqtning o‘zida 40 dan ortiq mamlakatdan 500 kishi birlashib, butun dunyo bo‘ylab tarmoq blogerlari o‘z kunlariga ega bo‘lishi kerakligini ilgari surishgan.

“Xalqaro blogerlar kuni” bilan bir qatorda, dunyo bo‘ylab har yili 31 avgustda “Blog kuni” ham nishonlanadi.

Bloger — o‘z internet kundaligini mustaqil yurituvchi, u yerda o‘z hayotida sodir bo‘lgan voqealar haqida muntazam xabar berib turuvchi, fotosuratlar bilan o‘rtoqlashuvchi, o‘z fikrlarini bildiruvchi va dolzarb muammolar yuzasidan boshqalar fikrini to‘plovchi shaxs.

Gap shundaki, har bir blogerning faoliyatida mantiq va mazmun ustun bo‘lgani ma’qul. Agar uning ommaga havola etadigan mahsuloti bachkanalik va bema’nilikka asoslangan, auditoriyada faqat kulgi uyg‘otadigan bo‘lsa, blogerlikning ahamiyati tushib boraveradi. Tan olish kerak, bemaza video va postlari bilan o‘z obunachilarini ko‘paytirayotgan, buning ortidan mo‘may daromad orttirayotgan blogerlar ham yo‘q emas. Bachkanalikning umri qisqa — jamoatchilik vaqtincha aldangani bilan, kun kelib, sifatli kontentni sifatsizidan ajratib oladi.

Qaniydi, blogerlar o‘zlarining auditoriyani jalb etish imkoniyatlaridan oqilona foydalanishsa, odamlarning fikrini to‘g‘ri shakllantirishsa, ularning ongini o‘stirishga ko‘maklashishsa. Ularga ergashayotganlarning didi faqat va faqat o‘tkirlashib borsa.

Albatta, bunda internet foydalanuvchilariga ham ko‘p narsa bog‘liq. Agar maza-matrasiz kanallarga shunchaki ko‘ngilxushlik uchun a’zo bo‘lib qo‘yishmasa, ularni kuzatuvchilar safiga qo‘shilishmasa, bachkana blogerlar o‘z bahosini anglashi osonlashadi. Bordiyu atrofida qarsakbozlar ortib boraversa, o‘sha tuturuqsiz qiliqlarini ko‘paytirish payiga tushadi.

Tan olish kerakki, blogerlar jurnalistlardan ko‘ra ancha erkin. Lekin buni suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik, kerak joyda nazoratni ishga solish darkor. Masalan, yo‘l-yo‘lakay videokontent yaratadigan blogerlarning aksariyati mashina boshqarayotib o‘zlarini videoga oladilar. Yoki yosh bolani old o‘rindiqqa o‘tqazish, me’yordan ortiq yo‘lovchi tashish, tezlikni oshirish kabi yo‘l harakati qoidalariga zid holatlarni keltirib chiqaradilar.

Va albatta, foydali kontentlar tayyorlovchi, keng jamoatchilikka o‘rnak bo‘larli va kerakli maslahatlar taqdim etadigan, jamiyatdagi voqea-hodisalarga dadil munosabat bildiradigan blogerlar ham talaygina. Bugungi bayramning ham asl egasi shular aslida. Barchangizga bayram muborak bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring