Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli texnologiyalar vaziri yoshlar bilan qanday masalalarni muhokama qildi? (video)

Joriy yilning 23-iyun kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning IT sohasiga qiziquvchi va ushbu yoʻnalishda taʼlim oluvchi yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Bu galgi uchrashuv ayni yoz oqshomlarida yoshlarga oʻzgacha motivatsiya, koʻtarinki kayfiyat berish maqsadida poytaxtimizdagi Yapon bogʻida boʻlib oʻtdi.

Yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad — yoshlarning axborot texnologiyalari borasidagi fikrini tinglash hamda ular tomonidan koʻtarilgan masalalarning yechimini topishdir.

Qolaversa, davlatimiz tomonidan IT sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va keng imkoniyatlardan ularni boxabar etishdir.

Ochiq osmon ostida, tabiat qoʻynida tashkil etilgan uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Oʻzbekistondagi TOP IT universitetlar“ loyihasi misolida hozirgi kunda yoshlarga axborot texnologiyalari boʻyicha taʼlim berishda yetakchilik qilib kelayotgan universitetlarni alohida eʼtirof etib oʻtdi.

Ayniqsa, yoshlar eʼtiborini IT sohasiga jalb qilish va ularni jahon bozorida raqobatlasha oladigan innovatsion yechimlar va ishlanmalarni yaratishga undash maqsadida tashkil etilgan umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 000 000 AQSH dollar boʻlgan President Tech Award tanlovi haqida aytib oʻtar ekan, Sherzod Shermatov yoshlarga yangidan-yangi startap loyiharni amalga oshirishlari va IT sohasining rivoji uchun yanada yaxshiroq harakat qilishlari lozimligini alohida taʼkidladi.

Bundan tashqari, ushbu tanlovdan mamlakatimizdagi barcha yoshlarni boxabar etish maqsadida targʻibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish muhimligini ham aytib oʻtdi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vaziri yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida IT sohasida ayollar salohiyatini oshirish masalalariga ham alohida toʻxtalib, yigʻilganlarni mazkur sohada xotin-qizlarning rolini oshirish boʻyicha oʻzlarining takliflarini bildirishga chorladi.

Umid qilamizki, boʻlib oʻtgan uchrashuv yoshlarimizning IT sohasida oʻz oʻrnini topib, mehnati, bilimi va salohiyati bilan kelgusida raqobatbardosh kadr boʻlib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring