Zero Risk dasturi orqali ishlayotgan masofaviy xizmatlar markazi faoliyatini kengaytirish muhokama etildi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov Navoiy shahrida tashkil etilgan masofaviy xizmatlar eksporti markazi – “EMAL4U” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur markaz – IT Park rezidenti hisoblanib, xorijiy davlatlarga masofadan xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yirik BPO (Business Process Outsourcing) loyihalaridan biridir. Hozirda markazda 100 dan ortiq yosh mutaxassislar, jumladan, yigit va qizlar faoliyat yuritmoqda.
“EMAL4U” Rossiyaning PEK logistika kompaniyasiga aloqa markazi sifatida masofaviy xizmat ko‘rsatib, mijozlar bilan ishlash va mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini samarali tarzda yo‘lga qo‘ygan. Bu jarayon xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etilgan bo‘lib, markaz nafaqat texnologik jihatdan rivojlangan, balki malakali kadrlar bilan ta’minlangan.
Vazir Sh. Shermatovning tashrifi davomida “EMAL4U” markazining faoliyatini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Yaqin kelajakda markazda yangi ish o‘rinlarini 1000 taga yetkazish va xizmat ko‘rsatish geografiyasini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning IT eksporti hajmini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash hamda xalqaro miqyosda IT xizmatlari ko‘rsatishda salohiyatini namoyon qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida “ZERO RISK” dasturi doirasida markazning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi. IT Park tomonidan taklif etilgan “ZERO RISK” dasturi yosh mutaxassislar va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratib, innovatsion loyihalarni rivojlantirishda yordam beradi. Bu esa IT sohasida ishlayotgan yoshlar va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘mak beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter