Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“GIDRO STANKO SERVIS” MChJda mahalliy dasturchilar tomonidan ishlab chiqilgan bir qancha yuqori texnologiyali loyihalar taqdimoti o‘tkazildi

“GIDRO STANKO SERVIS” MChJda mahalliy dasturchilar tomonidan ishlab chiqilgan bir qancha yuqori texnologiyali loyihalar taqdimoti o‘tkazildi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Navoiy viloyatiga tashrifi davomida “GIDRO STANKO SERVIS” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu MChJ mahalliy sanoatni raqamlashtirish va yuqori texnologiyalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirayotgan sanoat korxonalaridan hisoblanadi.

“GIDRO STANKO SERVIS” MChJ 2007-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda korxona yirik sanoat tarmoqlari uchun avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va zamonaviy texnologik detallarni ishlab chiqarmoqda. Korxonada 200 dan ortiq xodim mehnat qilmoqda va hozirgi kunga qadar 400 dan ortiq istiqbolli loyiha muvaffaqiyatli amaliyotga joriy etilgan.

Shuningdek, Shermatov “GIDRO STANKO SERVIS” MChJ tomonidan tashkil etilgan “Navoiy Elektroremont” MChJ faoliyati bilan ham tanishdi. Bu korxona asosan “GIDRO STANKO SERVIS” ishlab chiqargan qurilmalar uchun dasturiy ta’minot yaratish va ularni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. 60 dan ortiq ishchi-xodim faoliyat yuritayotgan mazkur korxona, texnik xizmat ko‘rsatish, dasturiy ta’minotni rivojlantirish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi.

Tashrif davomida mahalliy dasturchilar tomonidan ishlab chiqilgan bir qancha yuqori texnologiyali loyihalar taqdim etildi. Bularga tog‘-kon sanoatida foydalaniladigan og‘ir texnikalar uchun boshqaruv bloklari, elektr energiyasini tejashga qaratilgan nasos stansiyalari, aqlli svetoforlar va elektrodvigatellar uchun invertorlar kabi innovatsion mahsulotlar kiradi. Ushbu mahsulotlar raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish, energiya sarfini kamaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Raqamli texnologiyalar vaziri Shermatov ushbu loyihalarning yuqori ahamiyatini e’tirof etib, korxonani IT Park rezidentligiga qabul qilish taklifini ilgari surdi. Bu taklif “GIDRO STANKO SERVIS” va “Navoiy Elektroremont” korxonalariga qo‘shimcha imtiyozlar va imkoniyatlar yaratib, ularning raqamli texnologiyalar sohasida rivojlanishiga ko‘maklashadi. IT Park rezidentligi ularning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro bozorga chiqish va sanoatda IT-yechimlarni joriy etishda yirik yutuqlarni qo‘lga kiritishga yo‘l ochadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring