Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazir AyTi va BPO-korxonalarni boshqarayotgan vatandoshlar bilan davra suhbati o‘tkazdi

Vazir AyTi va BPO-korxonalarni boshqarayotgan vatandoshlar bilan davra suhbati o‘tkazdi

Foto: Digital.uz

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Amerika Qo‘shma Shtatlariga xizmat safari doirasida Chikago shahrida O‘zbekistonning IT-autsorsing salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida, AQShdagi IT-kompaniyalar vakillari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Sherzod Shermatov mamlakatimizda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan muhim yutuqlar va IT-kompaniyalar uchun mavjud imtiyozlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Tadbirda O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan IT, BPO va KPO-xizmatlari autsorsingining imkoniyatlari, IT-sohasidagi qulay sarmoyaviy muhit, IT-kompaniyalarni O‘zbekistonga relokatsiya qilish bo‘yicha imkoniyatlar va yaratilgan shart-sharoitlar, AQSh kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish uchun tashkil etilgan “Zero risk” (Nol risk) dasturi, mamlakatimizda iste’dodli va salohiyatli IT-kadrlarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va boshqar qator masalalar muhokama etildi.

Muhokama jarayonida AQShda faoliyat olib borayotgan IT-kompaniyalar vakillari mamlakatimizda joriy etilgan soliq imtiyozlari, sarmoya kiritish, kadrlar tanqisligini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar, mamlakatimiz bozoridagi IT-xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj va masofaviy xizmatlarni taqdim etishda eng talabgor xizmatlar bo‘yicha bir nechta savollariga javob oldilar.

Sherzod Shermatov O‘zbekiston prezidenti va hukumati tomonidan mamlakatimiz hududlarini rivojlantirish, hududlarda iste’dodli yoshlar uchun yangi, yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish katta ahamiyat bildirishi ta’kidlab, tadbir ishtirokchilarini nafaqat Toshkent shahrida, balki respublikamizning barcha viloyatlarida teng imkoniyatlar yaratilganligi bois, hududlarda o‘z vakolatxonalarini ochishga chaqirdi. Bunda, Vazirlik tomonidan IT-kompaniyalarga zarur bo‘lgan barcha amaliy yordam ko‘rsatilishini bildirdi.

Shu bilan birga, vazir masofaviy xizmatlar uchun ish haqi to‘lashda IT-kompaniyalarga “Aloqabank”ning “bank2bank” xizmatidan foydalanishni tavsiya qildi va bu “Western Union” kabi boshqa xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlariga nisbatan kamxarjligini ta’kidladi.

Kadrlarni tayyorlash masalasida mamlakatimizda iqtidorli yoshlar uchun “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi amalga oshirilganligi va “Coursera” kompaniyasi bilan hamkorlik qilib kelayotganligi bildirildi hamda ushbu sohada mamlakatimizda bir nechta oliy ta’lim muassasasida har yili xalqaro talablarga javob beradigan dasturlar orqali minglab yoshlar tahsil olayotganligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida ko‘plab IT-kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishga qiziqish bildirdi, kompaniyalardan biri esa yaqin davr mobaynida Samarqand shahrida o‘z vakolatxonasini ochishga qaror qabul qildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda IT-xizmatlar eksporti oshiriladi, 2024-yilning yakuniga ko‘ra, 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring