Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan IT sohasidagi imkoniyatlar va istiqbollar muhokama qilindi

Qoraqalpog‘istonlik yoshlar bilan IT sohasidagi imkoniyatlar va istiqbollar muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida hududdagi iqtidorli yoshlar, frilanserlar va IT Park rezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir davomida yoshlar tomonidan taqdim etilgan ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega startap loyihalar bilan yaqindan tanishildi.

Vazir yoshlarga ko‘maklashish va ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir startap loyihasini diqqat bilan o‘rgandi. 

Taqdim etilgan loyihalar quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lib, ular hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda:

– Hududdagi ma’lumotlar oqimini tezkor qayta ishlash uchun mo‘ljallangan texnologik yechimlar;

– Yosh tadbirkorlar va kichik biznes uchun elektron platformalar;

– Aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan innovatsion mahsulotlar.

Vazir har bir loyiha bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi, loyihalarni takomillashtirish va ularning amaliy ahamiyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotdan so‘ng IT sohasiga qiziquvchi yoshlar, frilanserlar va IT Park rezidentlari bilan muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda vazir Qoraqalpog‘istonda IT sohasi uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Jumladan, IT sohasi global bozor uchun cheksiz imkoniyatlar ochishini, hudud yoshlari nafaqat texnologiyalarni, balki chet tillarini mukammal o‘rganishi zarurligini, raqamli texnologiyalarni egallab, yuqori daromadli kasblarga ega bo‘lish uchun mahalliy va xalqaro imkoniyatlardan foydalanish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, vazir yoshlarning IT sohasida faollashishi nafaqat hududni, balki butun mamlakatni raqamli rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Uchrashuv so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, IT sohasi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. 

Vazir takliflarni ma’qullab, vazirlik tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring