Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tafakkur tafovuti ortib ketmasin...

Tafakkur tafovuti ortib ketmasin...

Sun’iy intellekt tushunchasi tobora ommalashib, endilikda kundalik hayotimizda ham keng qo‘llanilmoqda.

1956-yilda mustaqil fan sifatida asos solingan ushbu yo‘nalishni bugungi kunda eng ilg‘or g‘oyalarning o‘ziga xos yaxlit ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sun’iy intellekt yaratayotgan ijod mahsullari allaqachon mo‘may daromad keltirmoqda. Masalan, kimoshdi savdosiga qo‘yilgan “robot-rassom” Ai-Da tomonidan chizilgan Alan Tyuring portreti 1 million dollardan ziyodga sotildi.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Masalan, odamsimon robotlar allaqachon yirik avtomobil zavodlarida asosiy “ishchi kuchiga” aylanib ulgurdi, hattoki savdo markazlarida ham mijozlarga bemalol xizmat ko‘rsatmoqda.

Sun’iy ong va maxsus dasturlar orqali boshqariladigan avtomobillarga esa hattoki haydovchining ham keragi bo‘lmay qoldi.

Shunday vaziyatda turli savollar tug‘iladi:

Ofislar, ko‘chalar va xonadonlarimizga jadallik bilan kirib kelayotgan temir jussali aqlli robotlar bilan yaqin kelajakda yonma-yon, ahil va inoq yashashga tayyormizmi?

Sun’iy intellektlar qaysidir kuchlarning ko‘z ilg‘amas ta’siri ostida bir kun kelib insonlarni mehnat bozoridan butkul siqib chiqarmaydimi?

Kun kelib, biz bu texnologiyalarni yaratgan va qo‘llayotgan shaxslar va kompaniyalarning zamonaviy qullariga aylanib qolmaymizmi?

Shundoq ham boylik va kambag‘allik o‘rtasidagi farq tobora o‘sib borayotgan dunyoda odamlar o‘rtasidagi tafakkur tafovuti keskin kuchaymaydimi?

Asosiy masala shundaki, biz bilib-bilmay o‘zimizga dushman yaratib qo‘ymadikmi?

Tafakkurning bir tomonlama o‘sib ketishi bilan milliyligimizga mos bo‘lgan eng oliyjanob qadriyatlar, go‘zal hissiyotlar, betakror an’analarimiz yo‘qolib ketmaydimi? 

To‘g‘ri, olimlar bu masalalarni ham inobatga olishmoqda, lekin yetarli darajada emas.

Masalan, sun’iy intellektning eng mashhur namunalaridan biri Chatgptni oladigan bo‘lsak, hozirda undan foydalanuvchilarning aksariyati maktab o‘quvchilari.

Barchamizga ma’lumki, u har doim ham rost va asoslangan ma’lumotlarni beravermaydi.

Boz ustiga, yoshlar telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy ongning qulay imkoniyatlariga ohanrabodek bog‘lanib qolishmoqda.

Yoshlarimiz kitob, gazeta, jurnal va rasmiy saytlarni o‘qish o‘rniga tobora oldi-qochdi, zo‘ravonlik va ahloqsizliklarni targ‘ib qiluvchi dasturlarga mukkasidan ketib, oltinga teng vaqtini behudaga sarflashmoqda.

Agar biz ham ota-bobolarimiz va ustozlarimiz kabi, o‘z ustimizda muntazam ishlab, haqiqiy ilmga cheksiz mehr qo‘ysak, til o‘rganib, dunyoda sodir bo‘layotgan jarayonlarga teran nigoh bilan boqsak, o‘z o‘rnimizni hech qachon inson ongi bilan yaratilgan moslamalarga bo‘shatib qo‘ymaymiz.

 

Kamola Xasanova

Shahrisabz shahri 7-sonli umumiy o‘rta 

ta’lim maktabi o‘quvchisi 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring