Navoiy viloyatida raqamli ta’limni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari R.Karimjonov hamda Vazirlik huzuridagi “Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi” davlat muassasasining xodimlari Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, viloyatda raqamli ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha IT Parkning ta’lim rezident kompaniyalari bilan uchrashdi.
Jumladan, Respublikaning TOP-10 ta IT o‘quv markazlaridan biri bo‘lgan Navoiy shahridagi “Sensorika” IT-o‘quv markazi faoliyati hamda ushbu maskanda ta’lim olayotgan yoshlarning qiziqishlari bilan yaqindan tanishilib, mavjud imkoniyatlar haqida o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, tashrif davomida Navoiy shahrida tashkil etilgan Co-Working markazining ichki imkoniyatlari, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan IT xizmat turlari hamda ularni yanada kengaytirish orqali IT xizmatlar eksport hajmini oshirish bo‘yicha masalalar keng muhokama etildi.
Bundan tashqari, navoiylik yoshlarga IT ta’lim bilan bir qatorda ingliz tillarini mukammal o‘rgatib kelayotgan “IT and IELTS SCHOOL” o‘quv markazining muvaffaqiyatlari bilan tanishib, sohada yangi qabul qilingan qarorlar bilan yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida mutasaddilar tomonidan atroflicha ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan Xatirchi tumanida tashkil etilishi belgilangan IT-shaharcha faoliyatini barpo etish masalalari keng muhokama etish uchun Xatirchi tumani hokimi U.Adizov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida IT-shaharchani qurish uchun yer maydoni ajratish va qurilish ishlarini boshlash masalalari hamda qisqa muddatlarda IT-shaharchani qurib foydalanish uchun topshirish bo‘yicha tomonlarning fikr-mulohazalari tinglanib, belgilangan vazifalarni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter