“Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasiga start berildi (foto)

Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning iyunida saylovoldi dasturi bilan Xorazmga tashrifi chog‘ida istiqbolda viloyatning “tashrif qog‘ozi” IT sohasi bo‘lishini ta’kidlab, Xorazmda 2024 yildan boshlab “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi amalga oshirilishini aytgan edi. Bu tizim “maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit IT-ta’lim va xizmatlar zanjirini yaratishi bilan o‘ziga xosdir.
Tashabbus doirasida, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2023-yilning 4-choragidan boshlab, viloyatda “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
“Muhammad Al -Xorazmiy vorislari” — yuqori sinf o‘quvchilarini hech qanday o‘quv markazlari va oliy ta’lim diplomisiz ham xalqaro IT bozoriga tayyor mutaxassis qilib chiqarish maqsad qilingan kadrlar tayyorlashning noyob dasturidir.
Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihada dastlab Xorazmning 13 ta tumanidagi maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Qiziqish bildirgan 3 000 nafardan ziyod 7-10-sinf o‘quvchilari orasidan tanqidiy va mantiqiy fikrlash, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va yechim topish kabi yo‘nalishdagi testlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 1 200 nafar o‘quvchi saralab olindi. 2024-yil mobaynida Xorazmda 4 200 nafar o‘quvchini qamrab olgan 320 ta maxsus IT-guruh tashkil etiladi. Loyiha qatnashchilari maktabni bitirgunlariga qadar darsdan tashqari vaqtda malakali mentorlardan dasturlash sohalari va ingliz tilini bepul o‘rganadilar.
“Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi viloyatning har bir tuman markazida qurilgan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida tashkil etiladi. Buning uchun tanlov asosida dasturchilik va xorijiy tillardan mahoratli 50 nafar mentorlar saralab olingan.
Xorazm — O‘zbekiston hududlari orasida raqamlashtirish bo‘yicha yetakchilardan sanaladi. Hududda xorijga IT-xizmatlar eksport qiluvchi 43 ta IT Park rezidenti mavjud bo‘lib, ularda faoliyat olib boruvchilar soni 400 nafardan oshadi. Viloyatdagi IT-eksportyor korxonalar tomonidan 2023-yil mobaynida IT-xizmatlar eksporti 4 barobarga oshib, 1,5 mln AQSh dollarini tashkil qilgan. Bu raqamlarning tezkor o‘sib borayotgani, o‘z navbatida, keying yillarda sohada kadrlarga bo‘lgan yuqori ehtiyojni keltirib chiqaradi.
Shularni hisobga olib, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasida o‘quvlar hududdagi IT-kompaniyalar bilan hamkorlikda, mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, dasturchilik bilimlari bilan birgalikda, o‘quvchilarda loyihalarni amalga oshirish, jamoada ishlash, taklif va g‘oyalarni taqdim qila olish, ijodiy fikrlash kabi shaxsiy rivojlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga diqqat qaratiladi. Bitiruvchilar axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikat olish darajasida tayyorlanadi hamda xalqaro IT-bozoriga yo‘naltiriladi.
“Maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit IT-ta’lim va xizmatlar zanjiridan iborat “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini 2028-yilga qadar uch bosqichda respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab yo‘lga qo‘yish belgilangan. Loyiha natijasida 50 mingta maktab bitiruvchilari mehnat bozoriga tayyor kadr bo‘lib yetishib, mahalliy kompaniyalar orqali xalqaro IT bozoriga yo‘naltiriladi. Natijada 360 million dollarlik xizmatlarni eksport qilish salohiyatiga ega ishchi kuchi shakllanadi.
Jahonda, xususan, O‘zbekiston mehnat bozorida ham raqamli texnologiyalar sohasidagi kadrlarga ehtiyoj juda yuqoridir. Eng yuqori ish haqi ham IT-mutaxassislarga taklif etilmoqda. Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi tomonidan amalga oshirilgan IT mehnat bozori tahlili ham O‘zbekiston sharoitida dasturchilarga 20-50 mln so‘m oylik to‘laydigan bo‘sh ish o‘rinlari ko‘pligini ko‘rsatdi.
Jumladan, elektron vakansiyalar portallarida ham dasturchi, dizayner, ma’lumot tahlilchisi, axborot xavfsizligi va IT-mutaxassisi, loyiha va mahsulot menejerlari lavozimlariga bo‘sh ish o‘rinlari soni bir necha mingdan oshadi.
Jahon iqtisodiy forumining 2023-yil mehnat bozori tahliliga ko‘ra, keyingi 5 yilda raqamlashish sohasining Big Data (yirik ma’lumotlar), “bulutli” texnologiyalar, sun’iy intellekt texnologiyalari jahondagi jami biznesning 75 foiziga tatbiq etiladi, 86 foiz kompaniyalar raqamli platforma va ilovalardan foydalanishadi, shuningdek elektron tijorat, onlayn savdo-sotiq tizimlari yanada ommalashadi. Natijada, xalqaro mehnat bozorida 70 million nafar IT-mutaxassisga ehtiyoj tug‘iladi. Qolaversa, xodimlardagi raqamli ko‘nikmalarga bo‘lgan talab ham oshadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter