Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IT Park delegatsiyasi “TechCrunch Disrupt 2023” konferensiyasida qatnashdi

IT Park delegatsiyasi “TechCrunch Disrupt 2023” konferensiyasida qatnashdi

Foto: Digital.uz

AQShning Kaliforniya shtatida, “TechCrunch Disrupt 2023” xalqaro konferensiyasida IT Park delegatsiyasi Qozog‘iston, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston va Tojikiston texnoparklari bilan birga ishtirok etdi.

Mintaqaning IT-salohiyatini hamkorlikda namoyish etish maqsadida “Silkroad Innovation Hub” tashkiloti tashabbus bildirdi. Shuningdek, “Silkroad Innovation Hub” tashkilotining pavilonlarida Markaziy Osiyodan tashrif buyurgan 14 ta startap, jumladan, IT Park rezidentlari ham ishtirok etdi.

Mazkur tadbirning asosiy qismi “Expo” (ko‘rgazma) bo‘lib, unda O‘zbekiston stendiga qiziqish bildirgan IT sohasi vakillari mamlakatimizda BPO va IT-autsorsingni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, bu yerda O‘zbekistonda startap va venchur ekotizimlari rivojlanishi haqida ma’lumot berildi hamda “IMAN”, “Mohirdev”, “Workly” va “MyID” kabi IT Park rezidentlarining stendlari namoyish etildi:

  • “IMAN” — mijozlarga “P2P” investorlari tomonidan moliyalashtirilgan chakana sotuvchilardan xohlagan narsani sotib olish imkonini beruvchi shariatga mos keladigan “PoS” yechimini taqdim etdi;
  • “Mohirdev” — barcha yoshdagilar uchun dasturlashni o‘rganish uchun ekotizim yaratmoqda. U 30 dan ortiq mahoratga asoslangan dasturlash kurslariga ega bozorni taklif qildi, shuningdek, o‘quv markazlari va universitetlarga o‘zlarining dasturlash kurslarini ochishga yordam berish uchun “CRM” va “LMS” yechimlarini yaratdi;
  • “Workly” — bu kichik va o‘rta biznes uchun bulutli texnologiyalarga asoslangan ish vaqtini hisobga olish yechimi. Tizim xodimlarga ta’til so‘rash, jadval yangilanishlarini olish va daromadlarni kuzatish imkonini beradi;
  • “MyID” — raqamli texnologiyalar sohasida istiqbolli startap va “Pastoral” — chorvachilik uchun dunyodagi birinchi sun’iy intellekt (AI) asoslangan platforma bo‘lib, Telegram orqali hayvonlar to‘g‘risida intellektual ma’lumotlarni taklif qiladi.

Bo‘lib o‘tgan tadbir davomida IT Park rezidentlari AQSh innovatsion ekotizimining yetakchi vakillari bilan aloqalar o‘rnatishdi. Bu O‘zbekiston texnologiya sektoridagi o‘sish va innovatsiyalar salohiyatini, shuningdek, mahalliy va xalqaro investorlarning mamlakat startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, “Raqamli asrda Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishi” panel sessiyasi O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston mintaqalar rahbarlari ishtirokida tashkil etildi. Muhokama ko‘pchilikning e’tiborini tortdi va asosiy ekspertlar sifatida: IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov, Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri o‘rinbosari Asqar Jambakin, Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi (Ozarbayjon) raisi vazifasini bajaruvchi Inara Valiyeva, shuningdek, hudud to‘g‘risida to‘liq taqdimot bilan “Silkroad Innovation Hub” asoschisi va bosh direktori Asset Abdullayev ishtirok etishdi.

IT Park ijrochi direktori “O‘zbekiston — BPO va IT-autsorsing uchun yangi xab” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimot davomida yangi strategik yondashuv — “Zero Risk” dasturi haqida ma’lumot berildi, bu esa mamlakatimiz hududida xorijiy tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish va yuritishni sezilarli darajada osonlashtiradi hamda mamlakatning mehnat salohiyatini oshirishda yordam beradi.

IT Park vakili yosh IT-iqtidorlar orasida ingliz tilini bilish darajasi balandligini, soliq imtiyozlari va kelajak rejalarini qayd etib, O‘zbekistonning kelgusidagi asosiy maqsadi — O‘zbekistonning IT-eksport hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish, shundan 3 milliard dollar AQSh bozoridan kelishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: “TechCrunch Disrupt” — startap hamjamiyatining yetakchi xalqaro tadbirlaridan biri bo‘lib, har yili butun dunyo bo‘ylab tadbirkorlar, investorlar va jurnalistlarni texnologiya olamidagi so‘nggi tendensiyalar va innovatsiyalarni muhokama qilish uchun birlashtiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring