“Biz 36 million aholiga ega bozorda ajoyib imkoniyatni ko‘rmoqdamiz» — Feliks Lammers

23-mart kuni O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarning holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlar va tashkilotchilar:
- Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ);
- Yevropa biznes assotsiatsiyasi (YBA);
- Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi;
- O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi;
- IT Park Uzbekistan.
Moderatorlar: Oybek Shayxov (EUROUZ bosh kotibi), Lui Skayner (EUROUZ boshqaruv kengashi a’zosi va Dentons kompaniyasi hamkori).
Vebinarda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, Plug and Play Uzbekistan hammuassisi va direktori Feliks Lammers hamda RevoTech kompaniyasining rivojlanish va innovatsiyalar bo‘yicha menejeri Gulsara Sharipovalar so‘zga chiqishdi.
Onlayn munozarada Yevropaning 100 dan ortiq kompaniyalari qatnashdi. Spikerlar O‘zbekistonda xalqaro IT-kompaniyalarning imkoniyatlari, rivojlanishi va ularning ishtiroki o‘sib borayotganini batafsil tahlil qilishdi.
Sherzod Shermatov O‘zbekiston hukumatining ta’lim sohasidagi sa’y-harakatlariga urg‘u berib, jumladan, yoshlar O‘zbekistonni tark etmasdan ham Yevropa kompaniyalarida autsorsing asosida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘layotganini ta’kidladi.
Vazir qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Yevropa bozorida IT-eksportdan olinadigan daromadlarni oshirish imkoniyatlarini ilgari surishdan manfaatdor.
“Yevropa Ittifoqi kompaniyalarining aksariyati jahon bozorida raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun xarajatlarni optimallashtirish yo‘llarini izlayotgan bo‘lsa-da, biz O‘zbekistonni IT-autsorsingning navbatdagi yo‘nalishiga aylantirishga intilamiz. Buning uchun biz xalqaro IT-kompaniyalarga zarur infratuzilma, qonunchilik bazasi va soliq imtiyozlari, inson kapitali va hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan eng yaxshi sharoitlarni taqdim etamiz”, — dedi Sherzod Shermatov o‘z nutqi yakunida.
Ushbu mavzuni navbatdagi spiker — Farhod Ibragimov davom ettirdi. U IT Park tomonidan soliq imtiyozlarini berish, IT Park, IT va BPO-markazlarning mintaqaviy filiallarini ishga tushirish, IT-ta’limga sarmoya kiritish va korporativ akseleratorlarni ishga tushirish orqali O‘zbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
“IT Park allaqachon AQShda vakolatxonasiga ega, shuningdek, 2022-yilda Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Germaniyada vakolatxonasi ochilgan. Hozirgi vaqtda autsorsingning asosiy ulushi AQShga to‘g‘ri keladi va biz Yevropa kompaniyalarining ulushini oshirishni juda xohlaymiz. Shuningdek, biz Yevropa kompaniyalari bilan O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishda hamkorlik qilishga va buning uchun ularga imkoniyatlar yaratishga tayyormiz.
18 mart kuni O‘zbekistonda yaratilgan startaplarni rivojlantirish, ularni xalqaro bozorga olib chiqish va sarmoyalarni jalb qilishga qaratilgan birinchi Plug and Play akseleratsiya dasturi ishga tushirildi. Bu mintaqada startap ekotizimini rivojlantirish va keyingi xalqaro hamkorlik uchun katta qadamdir”.
IT Park rahbari O‘zbekistonning kegusi salohiyati haqida ham statistik ma’lumotlarni keltirdi:
“So‘nggi olti yil davomida IT Park xizmatlari eksporti 2017-yildagi 700 ming AQSh dollaridan 2022-yilda 140 million AQSh dollarigacha o‘sdi. Prognozlarga ko‘ra, 2023-yilda eksport hajmi 300 million AQSh dollarini tashkil etadi, 2025-yilda esa eksport hajmi 1 milliard AQSh dollari darajasida bo‘lishi kutilmoqda”, — deya xulosa qildi Farhod Ibragimov.
Feliks Lammers o‘zbekistonlik tadbirkorlarni va innovatsion madaniyatni yuqori baholab, Plug and Play O‘zbekiston bozoriga kirishining asosiy sabablaridan biri mamlakatning ulkan salohiyati ekanligini ta’kidladi:
“Biz 36 million aholiga ega bozorda ajoyib imkoniyatni ko‘rmoqdamiz — ular asosan nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham rivojlanish g‘oyalari ustida ishlashni xohlaydigan, yaxshi ma’lumotli, yosh va g‘ayratli tadbirkorlardir. Biz O‘zbekistonni butun dunyo bo‘ylab IT tashabbuslarining haqiqiy provayderi sifatida ko‘rishni istaymiz va uni global bozor uchun ajralmas haqiqiy BPO-provayder mamlakatiga aylantirmoqchimiz”.
Gulsara Sharipova IT Parkning ilk rezidentlaridan biri — RevoTech kompaniyasini misol keltirdi. Bir necha yil avval kichik buxgalteriya ishi bilan boshlangan RevoTech hozir O‘zbekistondagi har bir kompaniyani kutayotgan cheksiz o‘sish potensialini o‘z misolida ko‘rsatib, ma’lumotlarni kiritishdan tortib moliyaviy prognozlargacha bo‘lgan turli funksiyalarni bajara oladi.
Vebinar savol-javoblar sessiyasi bilan yakunlandi, ishtirokchilar hukumat vakillariga O‘zbekistonda ITni rivojlantirish bo‘yicha kelajakdagi rejalar va maqsadlar haqida batafsil savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter