Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘qotilgan narsalarni my.gov.uz orqali topish mumkin

Yo‘qotilgan narsalarni my.gov.uz orqali topish mumkin

Foto: E-gov.uz

Avvallari Ichki ishlar vazirligi tizimida “Topilmalar stoli” bo‘lib, u yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bilan shug‘ullanardi. O‘tgan yildan bu faoliyat tugatilib, yo‘qolgan ashyolarni qidirish bo‘yicha murojaatlar Yagona portal (my.gov.uz) orqali qabul qilinadigan bo‘ldi.

Ya’ni, yo‘qotilgan narsani topish uchun my.gov.uz dagi “Topilmalar, yo‘qolgan buyumlar va hujjatlar bo‘yicha so‘rov yuborish” xizmatidan onlayn foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Yo‘qolgan va topib olingan buyumlar taqdiri nima bo‘ladi?

Ular uchun davlat xizmatlari markazlarida xavfsizlik talablariga javob beruvchi maxsus xonalar tashkil etilgan. Barcha markazlar temir seyflar, zarur moddiy-texnika vositalari hamda tashkiliy texnikalar bilan jihozlangan. “Topilmalar” avtomatlashtirilgan qidiruv tizimi esa my.gov.uz portali bilan integratsiya qilingan.

Egasini kutayotgan buyumlar, ularni topib olgan va qidirayotgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar muntazam ravishda tizimga kiritib boriladi. So‘rovnomaga yo‘qotib qo‘yilgan ashyoning alohida belgilarini aks ettiruvchi fotosuratlar, elektron ma’lumotlar, agar ashyo hujjat bo‘lsa, uning nusxalari ilova qilinishi mumkin. Topib olingan narsalar Davlat xizmatlari markazida 6 oy davomida saqlanadi.

Ko‘rib turganingizdek, qonun bo‘yicha “Topgan topaloq” emas. Agar ko‘cha-ko‘yda birovga tegishli nimanidir ko‘rib qolsangiz, uni darhol o‘zingizga yaqin yoki qulay joylashgan DXM idorasiga olib borib topshirishingizni tavsiya qilamiz.

Endi bir tasavvur qiling, yo‘qotib qo‘ygan odam zarur narsasini my.gov.uz orqali ariza berib, uni qo‘lga kiritganida qanchalik sevinishini va sizni duo qilishini!..

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring