O‘zbekistonda IT-ta’lim: raqam va faktlar
Xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash bo‘yicha IT-istedod portali ishga tushirildi. Bu va IT-ta’limga oid boshqa ma’lumotlarni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Raqamli texnologiyalar vazirligi vazir maslahatchisi Fazliddin Anvarov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar 370 dan ortiq yoshlarni ishga qabul qilgan.
Yoshlarning IT-ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy kasblarga o‘qitish va ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda:
- Mamlakatimizda IT sohasidagi oliy ta’lim muassasalari soni 60 dan va ularda tahsil olayotgan talabalar soni 50 mingdan nafardan ortdi.
- Xususan, vazirlik tizimidagi IT oliy ta’lim muassasalarida xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha 29 ming nafardan ortiq oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
- 2022-yilda “EPAM Systems” xalqaro IT kompaniyasi bilan hamkorlikda birinchi onlayn shakldagi “IT Park University” raqamli universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
- Qorako‘l IT-klasterini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi (2023-yil 5-iyul). Ushbu klasterda 2023/2024 o‘quv yilidan IT-yo‘nalish bo‘yicha Buxoro viloyatida Hindiston bilan hamkorlikda Acharya universiteti tashkil etildi.
- Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichini amalga oshirish maqsadida yoshlarga uzbekcoders.uz platformasi orqali AQShning “Coursera” kompaniyasining onlayn ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Ushbu loyiha doirasida 2023–2025-yillarda 1,2 mln nafar yoshlar 8 ta yo‘nalishdagi onlayn kurslarda bepul ta’lim olishadi.
- Bugungi kunda uzbekcoders.uz sayti orqali “Coursera” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilar soni 316 325 nafar, ulardan 314 ming nafari faol o‘quvchilar hisoblanadi. O‘quvchilarning 162 901 nafarini erkaklar, 153 424 nafarini ayollar tashkil etdi.
Ma’lumot uchun: IT sohadagi o‘quv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafardan ortiq yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratildi.
Xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash bo‘yicha IT-istedod portali ishga tushirildi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali (my.gov.uz) orqali arizalarni qabul qilish uchun “Xalqaro IT-sertifikatlarni olish hamda o‘qish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish” xizmati joriy etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunga qadar xalqaro IT-sertifikatni olish uchun qatnashgan jami yoshlar soni 1600 nafardan ortiq bo‘lib, shundan:
735 nafar yoshlarga jami 1 mlrd. so‘m dan ortiq xarajatlari qoplab berilgan. Jumladan, 2023-yil hozirgi kunga qadar 285 nafar yoshlarga jami 618,3 mln.so‘m miqdorida xarajatlar qoplab berildi.
Aholining raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazida 400 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, ularda hozirgi kunga qadar 195 ming nafardan ortiq tinglovchilar malakasini oshirdi. Shundan, 39 ming nafardan ortig‘i davlat xizmatchilaridir.
Iqtidorli yoshlarni saralash, qo‘shimcha o‘qitish hamda xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimini joriy etish va zamonaviy IT-kasblarga o‘qituvchi “IT Skills” tizimini yaratish choralari qo‘rilmoqda. Unga muvofiq, har yili 50 ming nafardan ortiq axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarning bazasi yaratiladi, 5 ming nafar iqtidorli yoshlarning bilim va ko‘nikmalari oshirilib, xalqaro mehnat bozoriga tayyorlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter