Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Apple — SI-startaplarni xufyona sotib olish bo‘yicha chempion!

Apple — SI-startaplarni xufyona sotib olish bo‘yicha chempion!

Foto: Techopedia

Gap sun’iy intellekt texnologiyalari haqida borarkan, Apple peshqadamlardan ortda qolayotgani ko‘zga tashlanadi. Ammo kompaniya “shoshmasang — tez yetasan” maqolini shior qilib olgan ko‘rinadi: imi-jimida SIga istalgan korporatsiyadan ko‘proq sarmoya kiritayotgani ma’lum bo‘ldi.

PitchBook kompaniyasi tadqiqotlariga ishonadigan bo‘lsak, SIga ixtisoslashgan startaplarni sotib olishda Apple boshqa yirik texnokompaniyalardan o‘zib ketgan. Xususan, 2017-yildan beri iPhone ishlab chiqaruvchisi 21 ta SI-startapni o‘ziniki qilib olgan. 19 ta startapni xarid qilgan Accenture konsalting kompaniyasi (Irlandiya) — ikkinchi o‘rinda, Microsoft (12 ta startap) — uchinchi, 8 ta SI-startap xaridoriga aylangan Alphabet (Google) — to‘rtinchi pog‘onada joylashgan.

Morgan Stanley hisobotida aytilishicha, Apple sun’iy intellekt bo‘yicha e’lon qilgan bo‘sh o‘rinlarining qariyb yarmi “chuqur o‘rganuvchi”, ya’ni generativ neyrotarmoqlar texnologiyasi bo‘yicha mutaxassislar uchun ajratilgan. Shu tariqa 2018-yilda Apple Googlening sun’iy intellekt bo‘yicha top-menejeri Jon Jannandreani o‘ziga og‘dirib olgandi.

Apple SI-ishlanmalarini yozning boshida, WWDC 2024 dasturchilar anjumanida taqdim etadi, degan mish-mishlar bor. Avvalroq Tim Kuk (kompaniya rahbari) kompaniya neyrotarmoqlarni bulutli servislarda emas, balki o‘z qurilmalarida ishga tushirishini bildirgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring