Kelajak kasbi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bilan mashg‘ul bo‘layotgan yoshlar sonini oshirish va mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda Respublikamiz bo‘ylab kadrlar siyosatini oqilona yuritish eng ustuvor masalalardan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda, frilanserlik eng tez rivojlanayotgan kasblardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirda «frilans» so‘zi tobora tez-tez uchrab turibdi, xususan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxona, tashkilot va oliy ta’lim muassalarida o‘tkazilayotgan yig‘ilish va forumlarda tilga olinmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi davlat muassasasi tomonidan ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bilan mashg‘ul bo‘layotgan yoshlar sonini oshirish, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, talaba yoshlarni va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularga qo‘shimcha daromad manbaalarini topishga ko‘maklashish maqsadida bir qancha tadbirlar tashkillashtirib kelinmoqda. Xususan:
joriy yilning 3-iyunida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sh.Shermatov boshchiligida frilanserlar va frilanser bo‘lish istagida bo‘lganlar bilan ochiq muloqot tashkillashtirildi. Ushbu tadbirda 200 dan ortiq yoshlar «online» ishtirok etishdi.
Joriy yilning 2-iyulida «Amity» universitetida «Frilansingga birinchi qadam» mavzusida forum tashkillashtirildi. Ushbu forumga frilanserlik sohasida muvaffaqiyat qozongan va hozirgi kunda IT tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar jalb qilindi hamda 300 dan ortiq yosh avlodning ishtiroki ta’minlandi.
Joriy yilning 3-choragida 10 dan orqtiq Oliy ta’lim muassasalarida «Frilanserlik – bu kelajak kasbi» mavzusida forumlarni o‘tkazish va talaba yoshlar, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularga qo‘shimcha daromad manbalarini topishga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Frilanser sifatida faoliyat olib borishda ahamiyat berish kerak bo‘lgan muhim ma’lumotlar:
Dasturchi, dizayner, tarjimon, buxgalter, SMM mutaxassis, copywriter, onlayn-konsultant, audio va video tahrirchi, ma’lumotlar kiritish va boshqa masofadan turib ishlash imkoniga ega soha vakillari frilanser bo‘la oladilar. Upwork, fiverr, envato, toptal, freelancer.com, kwork, fl.ru, 99designs, jooble, flexjobs, simplyhired, guru, behance, peopleperhour va boshqa platformalarda frilanserlik faoliyatini yuritish mumkin.
Frilanserlik platformalari Payoneer, Qiwi, Webmoney va boshqa to‘lov tizimlari bilan ishlaydi. Bundan tashqari, frilanser platformalari Paypal, Skrill, Tellnet ammo to‘lov tizimlari bilan ishlaydi, ushbu to‘lov tizimlari orqali O‘zbekistonda pul yechib olish mavjud emas, lekin xalqaro onlayn xarid va to‘lovlarni amalga oshirish mumkun. Frilanserlik faoliyati orqali ishlab topilgan pullarni Payoneer, Wire transfer, Qiwi, Webmoney to‘lov tizimlari orqali yechib olishlari mumkin.
Frilanser ish asboblarini o‘zi sotib oladi va kafeda, ijaraga olingan ofisda, uyda yoki plyajda ishlashi mumkun. Internetga ulangan kompyuter yoki mobil telefon bo‘lishi lozim.
Sevimli mashg‘ulotdan pul ishlab frilanser bo‘lish mumkin. Inson o‘ziga yoqadigan va amalga oshira oladigan ish bilan mashg‘ul bo‘lish orqali qo‘shimcha daromad topish imkoniga ega bo‘ladi.
Asosiy ishni tashlab, frilanserlikka o‘tishdan oldin bozorni o‘rganish va tegishli buyurtmalar bilan saytlar yoki xizmatlarni topish lozim.
Inson vaqtini o‘zi tashkil qiladi va bevosita mijozlar bilan ishlaydi, shuning uchun biznes muvaffaqiyati faqat o‘ziga bog‘liq bo‘ladi.
Buyurtmachi frilansning vazifani to‘g‘ri va aniq tushunganligi bo‘yicha qiziqadi. Shuning uchun u texnik topshiriqni shakllantiradi, bu so‘rovning mohiyatini tushuntiradi. Ko‘p hollarda frilanser natija kerak bo‘lganda qidiriladi, shuning uchun ko‘rsatilgan muddatlarga e’tibor berish lozim.
Frilanser ishonchi komil bo‘lmagan yirik loyihalar yoki murakkab buyurtmalarni qabul qilmagani va imkoniyatlarni oldindan baholashga harakat qilgani ma’qul. Misol uchun, agar vazifa frilanserda mavjud bo‘lmagan qo‘shimcha uskunalar yoki kuchlarni talab qilgan taqdirda, bu natijaga qanday ta’sir qilishini o‘ylab ko‘rish lozim.
Frilanser xohlagancha ko‘p topshiriqlarni olishi mumkin, lekin o‘z ishini o‘z vaqtida topshirishni unutmaslik darkor. Tirishqoq va topshiriq muddatiga amal qiladigan frilanserlar bozorda qadrlanadi. Muddatlarni ba’zan «dedlayn» deb atashadi, bu ingliz tilida «deadline» so‘zi bo‘lib, oxirgi sana degan ma’noni bildiradi.
Frilansda bo‘shliq va qat’iy ish jadvali bo‘lmaydi. Frilansing erkinlik beradi, lekin juda ko‘p ma’suliyat va o‘z-o‘zini tashkil qilishni talab qiladi. Hech narsani unutmaslik va ishni rejalashtirish uchun telefondagi taqvim yoki shunchaki bloknotdan foydalanish lozim. Uxlashni va dam olishni xam unutmaslik darkor.
Buyurtmachini topishda frilanser o‘zining maqsadli auditoriyasini aniqlab olishi kerak. Bular maktab o‘quvchilarining ota-onalari, biznes egalari, uy bekalari va boshqalar bo‘lishi mumkin. Ular ijrochilarni turli joylardan qidiradilar, lekin umumiy platformalardan bo‘lgan – upwork.com, fiverr.ru, kwork.ru va turli xil platformalar mavjud.
«Frilans topish» yoki aniq soha «buxgalter topish» so‘zi bilan maxsus saytlar (ba’zan «birja» deb nomlanadi)dagi so‘rov orqali buyurtmalarni topish va tanlash mumkin. Buyurtmachi buyurtmasini tanlagan ijrochilarni o‘z xohishiga ko‘ra saralab oladi. Frilans ijrochini buyurtmachi tanlashi uchun uning reytingi baland va ijobiy izohlarga boy bo‘lishi lozim. Ushbu natijaga erishish va mijozlarning ishonchini qozonish uchun biroz vaqt talab qilinadi. Buning uchun frilans o‘z ijod va intilishidan to‘xtamasligi lozim.
Frilans internetda kontekstli reklamani ishga tushirishi mumkin. Ish faoliyatidagi namunalar va ma’lumotlarini kichik promo-sahifani yaratishi va mijozlar shu reklama orqali uning sahifasiga yo‘l olishi mumkin.
Frilanserlar Davlat soliq qo‘mitasiga shaxsan tashrif buyurgan holda, «SoliqUz» mobil ilovasi yoki YaIDXP (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali onlayn tarzda ariza topshirishlari mumkin. O‘z-o‘zini band qilgan shaxslar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.12.2020-yildagi 806-qarorida to‘liq tanishib chiqish mumkin.
O‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar singari buxgalteriya hisobini yuritish, hisobot yuborish yoki soliq deklaratsiyasini topshirishlari shart emas. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda SoliqUz ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish mumkin.
Dilshod Sagatov,
Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter