IT-tarix: Haydovchisiz boshqariladigan mashinalar zamonaviy ixtiro emas

Oxirgi vaqtlar haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar haqida ko‘p eshityapmiz. Mashhur avtokonsernlar robomobil texnologiyasi ustida ishlamoqda. Ko‘pchilik avtopilotlarni zamonaviy ixtiro, deb o‘ylaydi. Aslida bunday emas. Bu bo‘yicha ilk urinishlar 1980 yildan boshlangan. New York Times gazetasida mo‘’jizaviy mashinalar haqida hikoyalar chop etilgan.
1916 yilda Archibald Lou tomonidan radioboshqaruvga ega dron va samolyotga o‘xshab ketadigan transport vositasi kashf etildi. Albatta, bu davrning ixtirolari amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan, tajriba orttirish maqsadida yasab ko‘rilgan. Bundan keyingi loyihalarda ham avtonomlikka ko‘proq e’tibor berilgan, lekin ular masofaviy boshqarilmagan.
Masalan, 1980 yili Ernst Dikmans nemis tadqiqotchilarini jamlab, haydovchisiz avtomobil ustida ish boshladilar. «Prometey» deb nomlanuvchi loyiha doirasida bir qancha ilmiy ishlar yozildi. Murakkab mashina bilan shug‘ullanish ancha vaqt oldi va 1994 yili «VAmP» Mercedes avtomobili Parij ko‘chalarida harakatlana boshladi. U mustaqil ravishda soatiga 130 kilometr tezlikda harakatlangan.
2004 yilga kelib DARPA Grand Challenge robot-avtomobillari ishtirokida ilk musobaqa tashkil etildi. Shundan so‘ng ko‘plab yirik avtomobil kompaniyalarida haydovchisiz mashina yaratish g‘oyasi tug‘ildi. General Motors, Volkswagen, Audi, BMW, Volvo, Nissan, Google, Tesla Motors avtokonsernlari bu borada o‘zlarini sinab ko‘rdilar.
Guvohi bo‘lganingizdek, haydovchisiz mashina haqida ancha yillardan beri bosh qotirilyapti, lekin hamon ularning yo‘li ochilib ketgani yo‘q. Zero, bu hazilakam ixtiro emas. Avtomaktabda o‘qigan, imtihondan o‘tib, qo‘liga haydovchilik guvohnomasini olgan, kap-katta, aql-hushi joyida insonlar ishtirokida avtohalokatlar sodir etilayotgan ayni vaqtda hayot-mamot masalasini texnikaga batamom topshirib qo‘yishga shoshishmayapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter