Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Ayol xodimga farzandi xalaqit emas, rag‘bat beradi

Ayol xodimga farzandi xalaqit emas, rag‘bat beradi

Foto: "Freepik.com"

Ko‘plab ish joylarida yozilmagan qonun bor: Bo‘sh ish o‘rinlarini erkak xodimlar hisobiga to‘ldirishga harakat qilinadi. Ayol nomzodlardan ayb topish oson. Hatto vakansiya e’lonlarida nomzodlarga talablarni sanab, "jinsi: erkak" bandini qo‘shishga or qilmaydiganlar bor. To‘g‘ri, ayrim ish sharoitlari nozik jins vakillariga mos kelmaydi. Ammo sog‘liq va jismoniy qobiliyatga dahl ko‘rsatmaydigan, ofisda bajariladigan mehnatda ham aksariyat ish beruvchilar "Erkak kishi bo‘lsin" deya baralla hukm chiqarishdan tap tortmaydi. Chunki dekretga chiqish, bolasini bog‘chaga tashlab ishga kech qolish, farzandining mazasi qochganida mehnatga layoqatsizlik ta’tili olish, erining taqiqi ostida mehnat safarlariga borolmaslik, kechki ovqat tayyorlash g‘amida ishdan ertaroq ketish, shanba-yakshanba kunlari ishga chiqolmaslik kabi sabablar ish beruvchiga yoqinqiramaydi. Zotan, rahbarning maqsadi - tashkilot rivoji. Yuqorida sanalgan omillar esa bunga g‘ov bo‘lishidan xavfsiraydilar.

Ko‘rib turibsizki, erkaklardan ko‘ra ayollarga ishga joylashish qiyinroq. Boshliq ehtimollardan ko‘z yumgan holda ayol nomzodni tanladi, uni ishonch bilan ishga oldi ham deylik. Ammo muammo shu bilan barham topmaydi. Lavozimlar bo‘ylab vertikal va gorizontal o‘sishlarda ayol xodimlar nazardan soqit qilinadi. Yuqori o‘rinlarni ularga ishonib topshirishga ikkilanishadi. Hozirda rahbar sifatida ishlayotgan ayollar ko‘p, deya e’tiroz bildirishga shoshilmang. Ular bu darajaga yetguncha qanday dovonlarni oshib o‘tganlari o‘zlariga ayon.

Afsuski, ko‘plab safsataga teng stereotiplar ishli ayol va uning farzandi bilan bog‘liq. Bolasiga o‘ralashgan xodim rahbarning ensasini qotirishi tayin. Lekin ular fikrlarini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan isbotlar ham yo‘q emas.

Psixologik tadqiqotlar tugal xulosa berdi: Bilim va malakaga ega xodimga oila hamda farzand xalaqit bermaydi. Aksincha, bu omillar uni yanada yaxshi ishlashga undaydi. Gap avvalida aytilganidek, gap bilimli va malakali xodimlar haqida bormoqda. Ilmi xaminqadar va qo‘lidan tayinli ish kelmaydigan ishchilarga oila bahona vazifasini o‘taydi, xolos.

Birinchi turdagi ayol-xodimlar esa aynan oilada orttirgan tajribalari tufayli ancha tashkilotchi, ijodkor, sabrli, uddaburon, chaqqon bo‘ladilar. Chunki ular oila hayotida ulgurish san’ati, taym-menejment, murosa ilmidan ancha-muncha saboq olishgan. Shuning sharofatidan intizomli xodim, kirishimli hamkasb bo‘lishga qodirlar. Masalan, ayollarning ishda kechgacha qolib ketolmaslik jihati ish vaqti davomida rejali ishlash, vazifani vaqtida ijro etish, tezkorlik tamoyilini ishga solishga undaydi.   

Sir emaski, oilaga jajji a’zolar qo‘shilgach, xarajatlar ko‘payadi, daromadlarni oshirish ehtiyoji tug‘iladi. Demak, endi ona ham ko‘proq ishlab, shunga yarasha pul topishi kerak. Bu ayniqsa ishbay to‘lov sharti bo‘lgan korxonalarda yaqqol seziladi. Pulni qo‘yib turganda ham onalik roli ayolda intiluvchanlikni rivojlantiradi. Ertaga u farzandlari ko‘z o‘ngida ideal shaxs sifatida gavdalanish uchun ham o‘z kasbining sir-asrorlarini chuqur o‘rganish, yangi qirralarni kashf qilib, yuqori marralarni zabt etishni ko‘zlaydi. Bu uchun esa samarali mehnat qilish shart.

Anglagan bo‘lsangiz, onalik - kasb vakili sifatida ham "apgreyd" uchun bir imkon. Onalik buyuk ne’mat bo‘lgani uchun ham u jamiyatda faol ayolga zo‘r motivatsiya va rag‘bat bera oladi. Ona sifatida o‘z ustida ishlaydigan ayolga xodim sifatida o‘zini takomillashtirish cho‘t emas. Boshqacha aytganda, farzandi oldidagi mas’uliyatni his qilgan va bajarayotgan ayolga xodimlik mas’uliyati murakkablik qilmaydi.

Mehnat Kodeksi orqali ayollarga va alohida tarzda - homilador va yosh bolali xodimlarga ko‘plab imtiyozlar berilgan. Jumladan, ular qisqartirilgan ish soati, to‘liqsiz ish haftasida mehnat qilish huquqiga egalar. Ishning ayrim talablari (og‘ir mehnat sharoiti, ish vaqtidan tashqari ish, dam olish kunlaridagi ish, mehnat safari) qonunchilikda belgilangan ma’lum holatlarda ularni chetlab o‘tadi. Barcha me’yorlardan hosil bo‘ladigan ma’no yagona: Oilasi tinch, farzandlaridan ko‘ngli to‘q ayol to‘laqonli mehnat qila oladi. Psixologlar ham shaxsiy hayoti xotirjam ayollarning mehnat unumdorligi yuqori bo‘lishini tasdiqlaydilar. Demak, oilasi va bolalarini bir yoqqa surib emas, ular parvarishiga uyg‘un tarzda ish yuritayotgan ayol-xodimga ishonch bildirish mumkin. U uddalaydi, u eplaydi!

Maqola doirasida yuritilgan fikrlar bilan tanishib, bilimdon kadrga bola xalaqit bermasligi, aksincha ilhom bag‘ishlashini qabul qilgandirsiz. Ammo bundan navbatdagi bahsli savol tug‘ilishi ham mumkin. Xo‘p, oila ishga salbiy ta’sir ko‘rsatmas ekan, ish-chi? Ishlayotgan ayol ko‘p vaqtini uydan tashqarida o‘tkazishi oila a’zolari manfaatiga zid emasmi?

Birinchidan, zamon o‘zgarayotganini hisobga olish kerak. Bugun erli, qaynona-qaynotali va serfarzand ayolga muhim ishlarni topshirish mumkinligi qatorida muvozanat teng ushlanishi ham noyob hodisa emas. Chunki axborot texnologiyalari asri xonadon hayotini-da osonlashtirdi. Aqlli uy texnologiyalari uy bekasining vaqtini ko‘p miqdorda tejadi, ishchi kuchi, qo‘l mehnatini kamaytirdi. Bu esa ham ishlash, ham oilaga vaqt ajratish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, masofaviy mehnatning ommalashishi ayollarning bandligini oshirish bilan birga onalarni oila bag‘rida  saqlashga erishtirdi.  

Ikkinchidan, psixologik statistikaga ko‘ra, ishli onalarda farzandi oldidagi mas’uliyatni bajarish masalasi doim savol ostida bo‘ladi va bu yaxshilikka xizmat qiladi. Kimdadir mavjud "Farzandlarimga yetarlicha vaqt ajratolmayapman" degan aybdorlik hissi uni yaxshi ona bo‘lish yo‘lidagi yangi izlanishlarga chorlaydi. Ba’zi ayollar borki, ular bor kuchlarini oilaga, farzandlarga bag‘ishlaydilar, bu yo‘ldagi yutuqlaridan ichki xotirjamlik his etadilar. Ammo ayrim ayollarning aslida orzusi o‘qish, ishlash bo‘lgan holda erining tazyiqi ostida to‘rt devorga mahkum etiladilar. Bu esa ichki isyonni yuzaga keltirib, farzandlariga nisbatan minnatli kayfiyat uyg‘otadi. Asoratida ularga agressiv munosabat bildirilib, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yuqorida aytilgan birinchi (ishlaydigan) va ikkinchi (ishlamagan holda faqat farzand tarbiyasini maqsad qilgan) turdagi ayollar qo‘lida mustaqil, o‘ziga nisbatan ishonchi yuqori, muvaffaqiyatli farzandlar voyaga yetadi. Uchinchi (ishlashni armon deb bilgan holda bola boquvchi) toifadagi onalar esa o‘zlari bilmagan holda jamiyatga omadsizlarni yetishtirib beradilar.

Ayol - nozik xilqat. Biroq unda oila va jamiyatni teng ushlovchi, ish va oila manfaatlarini bir-biriga ta’sir ettirmagan holda oltin o‘rtaliqni ta’minlay oladigan kuch bor. Faqat, ishonch bildirilsa bas...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring