Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aslida vaqt nima?

Aslida vaqt nima?

Vaqt-bu o‘lchov. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, biz yashab turgan olamda nechta o‘lchov borligi haqida?

Ko‘pchiligimiz odatda faqat 3 ta o‘lchov bor deb o‘ylaymiz (uzunlik, balandlik va chuqurlik), lekin koinotda kamida 10 o‘lchov mavjud.

Keling, ularning ba’zilarini batafsilroq ko‘rib chiqamiz.

Quyida barchamiz bilishimiz kerak bo‘lgan, hamda tushunish va tasavvur qilish mumkin bo‘lgan asosiy o‘lchovlar haqida gaplashamiz.

Birinchi o‘lcham uzunlik yoki X o‘qi - boshqa hech qanday xususiyatga ega bo‘lmagan to‘g‘ri chiziq.

Ikkinchi o‘lchov: Balandlik yoki Y o‘qi ikki o‘lchovli ob’yektni yaratish uchun uzunlikka qo‘shilishi mumkin bo‘lgan chiziq. Masalan, bir varoq qog‘oz olib, unga uchburchak yoki kvadrat chizsangiz, bu ikki o‘lchamli ob’yekt bo‘ladi.

Uchinchi o‘lchov: chuqurlik. Kub, piramida yoki shar kabi hajmga yega bo‘lgan ob’yektlarni yaratish uchun oldingi ikki o‘lchamga chuqurlik yoki Z o‘qi qo‘shilishi orqali biz uch o‘lchovli ob’yektga ega bo‘lamiz. Bu inson tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy idrok qilish mumkin bo‘lgan o‘lchamlarning oxirgisidir. Ushbu uchinchi o‘lchovdan tashqari barcha o‘lchovlar nazariydir.

To‘rtinchi o‘lchov — bu uch o‘lchamli ob’yekt egallagan vaqtdagi pozitsiyasi.

To‘rtinchi o‘lchov tushunarli bo‘lishi uchun oddiy misol ko‘rib chiqamiz.

Vaqt to‘rtinchi o‘lchov ekanligini qanday anglashimiz mumkin?

Tasavvur qilaylik, ikki do‘st Eshmat va Toshmat qahva ichish uchun uchrashishga kelishib oldilar. Eshmat Toshmatga dedi: "Uyingizdan to‘g‘ri 5 km. yuring (x-koordinata). So‘ngra chapga buriling va 2 km (y-koordinata) yo‘lda davom yeting. U yerda siz qahvaxonaga duch kelasiz. Uchinchi qavatga ko‘tariling. Qahvaxona uchinchi qavati (z-koordinata). Men o‘sha yerda bo‘laman." Toshmat xuddi Eshmat aytgan yo‘l bo‘yicha qahvaxonaga bordi, lekin u yerda Eshmatni topa olmadi.

Nega?

Chunki Eshmat u yerda bo‘lish vaqtini tilga olmagan edi. U qahvaxonada qachon bo‘lishini aniq belgilashi kerak, aks holda ular uchrasha olmaydi. Agar Eshmat juma kuni yoki boshqa aniq biror vaqtda qahvaxonada bo‘lishini aytganida edi, Toshmat u bilan uchrasha olgan bo‘lardi. Shunday qilib, ushbu misol yordamida vaqt koordinata vazifasini bajarishini tushunib olish mumkin. Vaqt x, y va z koordinatalari bilan birga to‘rtinchi kordinataning o‘rnini belgilaydi. Shunday qilib, vaqt nima ekanini hamda nega koordinata deb atalishini tushuna oldingiz, degan umiddaman.

Yuqorida ko‘rib chiqqanimiz 4 o‘lchovdan tashqari bizning olamda yana kamida 6 nazariy o‘lchov mavjud. Lekin bu qolgan 6 o‘lchovni tasavvur qilish biroz qiyinroq. Oxirgi nazariy o‘lchov ya’ni 10-o‘lchovda "hamma narsa mumkin" tamoyili ishlaydi, bu degani inson tasavvur qila olgan barcha narsalar sodir bo‘lishi mumkin demakdir. 10-o‘lchovda masofa, vaqt va massa kabi tushunchalar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi hamda barchasi nisbiylikka aylanadi. Ushbu o‘lchovlar haqidagi fan bugungi kunga qadar eng bahsli mavzulardan sanaladi. Masalan Bozonik string nazariyasi 26 o‘lchov mavjud desa, M nazariyasi o‘lchovlar 10 tadan iborat deydi. Ko‘pchilik olimlarning fikriga ko‘ra esa o‘lchovlar cheksizdir va shu bilan birga bizga noma’lum olamlarda boshqacha o‘lchovlar amal qilishi mumkinligini ta’kidlashadi Menimcha ham oxirgi nazariya ancha haqiqatga yaqin ko‘rinadi. Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, biz yashab turgan olam sir-sinoatlari aql bovar qilmas darajada keng va ko‘pdir.

Asadulla Ashurov,

PhD

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring