Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yapon universitetlari bilan hamkorlikda IT ta’lim sohasida qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi

Yapon universitetlari bilan hamkorlikda IT ta’lim sohasida qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyaning Sukuba universiteti prezidenti va Davlat universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti Nagata Kyosuke bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni kengaytirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Nagata Kyosuke O‘zbekistonda IT mutaxassislarini tayyorlashda Yaponiya tajribasidan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Sukuba universiteti misolida barcha talabalarga axborot texnologiyalari va ma’lumotlar tahlili asoslarini o‘rgatish zarurligini ta’kidlab, har qanday soha vakillari – hatto san’at va dizayn kabi yo‘nalishlarda ta’lim olgan talabalar ham IT bilimlari orqali o‘z sohalarida innovatsiyalar yaratishga qodir ekanliklarini qayd etdi.

Vazir Sherzod Shermatov O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi talabalarga xalqaro tajribani yetkazish va Yaponiya universitetlarida, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha o‘qish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yoshlarni xorijga ketmasdan, o‘z vatanidan turib ishlash imkoniyatlari bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratayotganini aytdi. Ayniqsa, yapon kompaniyalari bilan masofaviy ish o‘rinlarini yaratish va bu orqali O‘zbekistonning AKT sohasidagi kadrlarini tayyorlash uchun kelgusida ko‘plab imkoniyatlar mavjudligini bildirdi.

Vazir O‘zbekistonda yoshlarning masofaviy ish tajribasini oshirish va ularni yuqori malakali kadrlar sifatida shakllantirish, Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar orqali yanada rivojlanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, vazir O‘zbekistonda xorijiy IT kompaniyalari uchun qulay investitsion muhit yaratilayotganini ma’lum qildi. Bu xorijiy investorlar, jumladan, yapon kompaniyalari uchun O‘zbekistonni IT markaziga aylantirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Sukuba universiteti va boshqa yapon davlat universitetlari bilan ilmiy-tadqiqot va IT ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, AKT sohasidagi xalqaro standartlarga mos yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirish va Yaponiya mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda AKT sohasida malakali mutaxassislar yetishtirish, yoshlarning raqamli bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, Yaponiya va O‘zbekistonning ta’lim va texnologiya sohalaridagi tajribalarini boyitishda muhim qadam hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring