IT ta’lim olishda qanday imkoniyat va imtiyozlar bor?
Bugun, 30-oktyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “IT ta’lim olishda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyat va imtiyozlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ayni vaqtda respublikamizda 600 dan ortiq IT ta’lim markazlarida 65 ming nafardan oshiq yoshlar tahsil olmoqda. Biroq shu vaqtga qadar mazkur o‘quv markazlari sifati so‘roq ostida qolib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “IT-xizmatlar eksporti yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, joriy yildan boshlab “IT-iste’dod” dasturi kuchga kirdi.
“IT iste’dod” dasturi – IT-Park rezidenti bo‘lgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab beruvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish hamda kengaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan loyiha sanaladi.
Qarorga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha ya’ni 25 milliongacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi ishga joylashganda esa 105 baravarigacha, ya’ni 35 milliongacha bir martalik subsidiya ajratiladi.
IT-Park rezidenti bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya berish uchun maxsus axborot tizimi (crm.digital.uz) yaratilgan bo‘lib, joriy yilning mart oyida ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib, ushbu maxsus axborot tizimidan 485 dan ziyod ta’lim rezidentlari ro‘yxatdan o‘tgan hamda o‘zlarining 1281 ta o‘quv kursi bo‘yicha ma’lumotlarni kiritgan. Ushbu kurslarni 26 800 nafra o‘quvchi muvaffaqiyatli bitirgan va hozirgi kunda 5 600 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim olib kelmoqda. Bitiruvchilarning 11 000 nafardan ziyodi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ulardan 467 nafari IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarda ishlamoqda.
Subsidiya olish uchun o‘quv markazi dastlab o‘z talabalari haqida ma’lumotni CRM tizmiga joylashtiradi. O‘quv markazning IT yo‘nalishidagi kursini tamomlagan bitiruvchisi uch oy muddatda IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashib uzliksiz olti oy ishlashi kerak.
IT o‘quv markazlari reytingi bitiruvchilarining eksport qiluvchi hamda mahalliy IT komapniyalarga ishga kirganlik natijasiga ko‘ra real vaqt tartibida o‘zgarib turadi. CRM ma’lumotlariga ko‘ra, platformadan ro‘yxatdan o‘tgan 420 dan ortiq o‘quv markazining 11 000 dan ziyod o‘quvchilari rasmiy ish joyiga ega bo‘lgani aniq bo‘ldi.
Xususiy IT ta’lim markazlarini qo‘llab-quvvatlash orqali 2030 yilgacha IT ta’lim markazlari sonini 1 mingtaga, undagi o‘quvchilar sonini esa 108 mingga yetkazish kutilmoqda.
Yoshlarni IT ta’lim olishga rag‘batlantirish hamda sohada iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlarning yana biri sifatida 31 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning IT sertifikatni olish va o‘qish uchun sarflagan harajatlarini qoplab berish mexanizimining joriy etilganligi deb aytish mumkin.
2022-yildan boshlab Xalqaro IT sertifikatni qo‘lga kiritgan 14 yoshdan 31 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga sarflagan xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi kompensatsiya shaklida to‘lab berilgan. 2024-yil 17-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 95-qaroriga muvofiq, endilikda IT sertifikatni olishga bo‘lgan xarajatlarining 60 foizigacha qismini kompensatsiya qilib olish imkoniyati yaratildi. Agar xalqaro IT sertifikatga qo‘shimcha xalqaro til bilish sertifikati bo‘lsa, sarflangan xarajatlarni 100 foizini qaytib olish mumkin. Hozirgi kunga qadar 750 nafarga yaqin yoshlarning 2,6 mlrd. so‘mga yaqin miqdoridagi xalqaro IT-sertifikat uchun sarf qilingan xarajatlari qoplab berildi. Ushbu imtiyozdan foydalangan yoshlar 2 091 nafarni tashkil qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter