Vazir Nukus shahridagi “ Voice Solution VB” BPO markazi faoliyati bilan tanishdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Nukus shahridagi “Voice Solution VB” BPO (Business Process Outsourcing) markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur markaz 2024-yil oxiriga qadar 100 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali hududda IT xizmatlar eksporti hajmini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan edi. Ushbu reja joriy yilning 20 iyunida vazir Shermatov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida tasdiqlangan bo‘lib, markazga yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun Nukusdagi IT Park binosining 16-qavati to‘liq ajratib berilgan.
Vazir navbatdagi tashrifi davomida markazning hozirgi faoliyati, mavjud ish o‘rinlari va kelgusidagi rejalar bilan yaqindan tanishdi. Hozirgi kunda “Voice Solution VB” markazi hududdagi 100 nafardan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlagan bo‘lib, ular xalqaro darajadagi xizmatlarni ko‘rsatishda faol ishtirok etmoqda.
Markaz xodimlari bilan muloqot chog‘ida vazir yoshlarning IT sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, ularning xorijiy bozorlar bilan ishlashdagi tajribasini yanada oshirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, markaz rahbariyatiga ish o‘rinlarini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi mijozlarni jalb qilish bo‘yicha bir qator takliflar berildi.
Bu kabi markazlarning faoliyati nafaqat mahalliy aholining bandligini ta’minlashga, balki IT xizmatlar eksportidan olinadigan daromadni ko‘paytirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Mazkur tashrif davomida Shermatov hududda BPO sohasining istiqboliga e’tibor qaratdi va “Voicye Solution VB” kabi markazlar orqali yoshlar uchun IT sohasida yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, ularning global raqobatbardoshligini oshirish maqsadida zarur ko‘makni taqdim etishni davom ettirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter