Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtiriladi

Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtiriladi

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalar tegishli davlat organlari va tashkilotlar mas’ullari, ekspertlar ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qo‘mita a’zolari dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonunga e’tibor qaratdilar. Ta’kidlanganidek, qonunda muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishining oldini olish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish idoralarining mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish natijadorligini oshirish maqsad qilib olinmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiqlikni baholash idoralari tomonidan texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqarilishiga, shu bilan birga mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga ham zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladigan omillar uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Qonunda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalaridagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma’muriy jarimalar qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar tarkibi aniqlashtirilmoqda.

Shundan so‘ng, Qo‘mita a’zolari “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunni muhokama qildilar.

Ushbu Qonun bilan tele- va radiokanallarga, shuningdek, uyali aloqa virtual operatorlariga o‘z faoliyatlarini amalga oshirganlari uchun to‘laydigan davlat boji miqdorlari kamaytirilib, ularga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Jumladan, uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan yillik davlat boji miqdori ham kamaytirilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan tele- va radiokanallar tomonidan teleradioyeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlar ko‘rsatganligi uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari ilgarigi miqdorlarga nisbatan mos ravishda 50 foizga kamaytirilmoqda.

Bundan tashqari Qonundagi ushbu o‘zgartirishlarga asosan endilikda tele- va radiokanallar tomonidan yuqoridagi faoliyat turlari uchun to‘lanadigan davlat bojini yilning har choragi uchun teng miqdorlarda bo‘lgan holda to‘lashga imkoniyat yaratib berilmoqda.

Qo‘mita a’zolari ushbu imkoniyatlar kelajakda aloqa hamda tele va radiokanallar orqali efirga uzatilayotgan media mahsulotlari sifatini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring