Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tajribani orqasidan yugur... (video)

Jahongir Rahmonov

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan.

Talabalik paytida “Global Solutions”, “Shift Technologies” va “Newmax” kabi kompaniyalarda ishlagan.

Universitetni tamomlab, “Super Dispatch” kompaniyasida 3 yilga yaqin mehnat faoliyatini olib borgan.

2019-yil oxirida “Delivery Hero” kompaniyasida ishlash uchun Germaniyaga ko‘chib o‘tadi.

Oradan ikki yil o‘tib, “Anaconda” kompaniyasida faoliyatini davom ettiradi.

Hozirda “Amazon”da ish faoliyatini boshlash taraddudida.

U ish faoliyatini boshlaganda, birdaniga natijaga ko‘z tikmadi, balki jarayonga ishondi! Oradan yillar o‘tdi. Tinimsiz izlanishlar va turli jarayondan olingan tajribalar unga nufuzli kompaniyalarda ishlash imkonini berdi. Biroq, u bugunga qadar erishganlarini cho‘qqi sanamaydi! Uning uchun bu navbatdagi jarayon va mehnati natijasi, xolos! Oldinda esa uni “Amazon” kompaniyasida yangi jarayonlar kutmoqda!

Quyida Jahongir o‘zi haqida hikoya qiladi:

– Dasturlash sohasi bo‘yicha 2013-yildan boshlab o‘qiyman. Lekin ish faoliyatim  2014-yilning yozida boshlangan. O‘shandan beri har xil kompaniyalarda ishlab kelaman.

Anaconda” kompaniyasida biz Data Says dasturlash turi  bo‘yicha  paketlarni ishlata olishlari uchun instrument(vosita qurilma)lar tayyorlab berish bilan shug‘ullanamiz. Undan tashqari, xavfsizlikka juda ham katta e’tibor beradigan kompaniyalar uchun Enterprise-(korxona) darajasidagi instrument (vosita qurilma) larni qurib beramiz.

Anaconda”dan ketishimni sababi, birichidan, “Amazon”dan taklif oldim. Biz yoshligimizdan beri “Amazon”, “Google”, “Facebook” kabi nomdor kompaniyalarga ishga kirishni xohlardik. Ikkinchidan, kasbiy jihatdan o‘zimda turg‘unlikni payqab qoldim, o‘sish to‘xtab qoldi. Xullas, “Anaconda”da o‘zim xohlaganchalik tez sur’atda o‘solganim yo‘q. Boshida hammasi juda ham yaxshi edi, lekin bir yarim yil ichida:“Anakonda” dan ketsam, menimcha, yaxshiroq, tezroq o‘saman!” degan sabab, fikr bilan u yerdan ketishga qaror qildim! Odatda, birorta kompaniyada faoliyatimni boshlasam, astoydil yaxshi ishlashga harakat qilaman. Kompaniyaga yoqish maqsadida emas, o‘zimni ko‘nglim to‘lishi uchun! Agarda yaxshi ishlolsam, u yerdan  ketish qiyin bo‘ladi. Menejerlar to‘xtatishga harakat qilishadi, o‘zim ham ketishga ikkilanib turaman. Chunki, o‘tgan yillar davomida shu kompaniyaga mehr bergan bo‘lasiz-da.

Bizni mahsulotni kompaniyalar o‘zlarining alohida serverlariga o‘rnatib olib, foydalanishadi. Bu degani, bizning mahsulotni ko‘pgina o‘rnatilgan variantlari bo‘lib, har bitta variantni yuz, ikki yuz, nari borsa, ikki mingta odam ishlatardi. Bu juda ham oz ko‘rsatkich! Dasturchilikni backand qismi bilan shug‘ullanaman. Backand dasturchi uchun iloji boricha ko‘proq foydalanuvchi bo‘lsa, request-(so‘rov) ham tez jadallashadi va uning qamrovi kengayadi. Request-(so‘rov)lar soni million, milliardga yetganidagina, bizning bilimimiz ham yanada oshadi. Chunki, mingta foydlanuvchi uchun yozilgan yechim – kod millionta foydalanuvchi uchun ishlamaydi. Foydalanuvchilar soni oshgani sari har bir miqdor ko‘rsatkichi uchun alohida yondashishga to‘g‘ri  keladi. “Anaconda”da  ayni shu vaziyat bilan bog‘liq masala  ko‘ndalang bo‘lib, kompaniya mahsulotidan foydlanuvchilar soni sal kamroq edi. “Amazon” esa aksincha, soniya qadar request kelib tushadi. Unga umuman boshqacha, qiyin muhandislik yechimlarini topishga to‘g‘ri keladi. Natijada dusturchilarning ham mavqei  ancha oshib ketadi.

 “Amazon”ga ikki marta intervyu topshirganman. Birinchisida o‘tolmaganman. “Amazon”dan “yiqilsangiz”, sizga bu haqida hech qanday feedback – sabab, munosabat bildirishmaydi. Kompaniya mas’uli “O‘zingni ustingda ishla, yana bir yildan keyin qayta topshirib ko‘r!” deydi, xolos. “Amazon” men intervyusidan o‘tolmagan yagona kompaniya emas.

Hamma kompaniyalarda intervyu natijasi “Thank you…” deya boshlanib, e’lon qilinadi. Yuborilgan elektron xabar “Thank you…” bilan  boshlansa, bilingki, ijobiy natijadan umid yo‘q! Bu safar ham yana avvalgilaridek “Thank you…” deya boshlandi. Biroq, men bu gal intervyudan o‘tgandim! Taxminim bo‘yicha, Amerika bilan Yevropa madaniyati orasida farq bo‘ldimikin, deb o‘yladim. Sababi, oxirgi paytda men yevropaliklar bilan ko‘p ishlagandim, avval esa ish yuzasidan amerikaliklar bilan ko‘p muloqot qilardim. Farqni shunda ko‘rdimki, demak, hamma “Thank you…” deb  boshlanuvchi javob nomalar ham rad javobni izohlamas ekan. Menga intervyu natijasini aytish uchun qo‘ng‘iroq qilgan kompaniya elchisi avvaliga, xafaroq holatda “Thank you…” dedi-yu, so‘ng  kutilmaganda, ovozini  xursand kayfiyatga sozlab,  baralla  “Tabriklayman!” deya maqsadga o‘tdi.

O‘zbekistonga kelib ko‘rdimki, o‘tgan uch yil davomida IT sohasi ancha jadal sur’atda rivojlanibdi. Hozirda Germaniyada yashab, faoliyat yuritsam-da, O‘zbekistonning IT sohasi manzarasi, yangiliklaridan ijtimoiy tarmoq orqali doim xabardorman. Bugun kunda O‘zbekistonga EPAM va uning qatorida turuvchi bir nechta dongdor kompaniyalar kirib kelibdi. Mazkur kompaniyalarning ofislariga holatni kengroq o‘rganish maqsadida borib, dasturchi, menejerlar bilan suhbatlashdim.  

Kelajakdagi eng katta maqsadim – ITni ta’lim yo‘nalishida qo‘llash. Chunki, o‘zbek tilida aynan, ta’lim sohasida kontent ingliz, rus tiliga solishtiradigan bo‘lsak, ancha oz. Ayniqsa,  geymifikatsiya degan yondashuv borki, ana shuni  IT bilan birlashtirib, ta’lim yo‘nalishiga qo‘llasa, juda katta natija beradi, degan fikrlar bilan yuribman hozir. Masalan, shu yo‘nalishda Duolingo degan bitta zo‘r ilova bor. Bu ilova tillarni geymifikatsiya  orqali o‘rgatadi.

Universitetda ingliz tili fanidan listening – eshitish qobiliyatimizni kuchaytirish uchun o‘qituvchimiz Muhammadali aka bizga har xil hujjatli filmlar  ko‘rsatardilar. Shulardan bittasi, “Google” ni ofislari haqida edi. O‘n besh yoshli bola uchun bu Vau-effektni bergan va men bir kun kelib, ana shu joyda ishlayman, deya xayol qilganman. Garchi, hali o‘sha paytda dasturlash sohasini bilmasam-da! O‘sha kezlari men kelajakda iqtisodiyot, buxgalteriya sohalari bilan shug‘ullanaman, deb yurardim. Lekin “Google” haqidagi hujjatli filmni ko‘rdim-u, fikrim o‘zgardi, IT sohasiga burilish qildim! Ikkinchi bosqichdan IT yo‘nalishiga o‘tdim. Qolaversa, IT sohasini tanlashimga yana bir voqea turtki bo‘lgan. Birinchi bosqichda ITdan  saboq beruvchi Vasiliy Kuznetsov ismli o‘qituvchimiz bo‘lardi. Uning xarizmasi, fanni tushuntirish borasidagi o‘ziga xos uslubi bizni  ITga keskin burib yuborgandi. Undan juda minnatdormiz! O‘qituvchimiz bir kuni darsga biz talabalar uchun  ITga oid qalin betli noyob kitobni olib keldi. Kitob nomi "Si, Al, Ar, Es" bo‘lib, bu nom to‘rt kishidan iborat hammualliflar ismining bosh harfini anglatardi. Vasiliy Kuznetsov “Agar shu shu kitobni 20 betini bir yil ichida o‘qib tugatsanglar va tushuna olsanglar, sizlardan 100 ball aylansin!” deya va’da qildi. Bu o‘qituvchini hali yaxshi tanimaydigan biz g‘o‘r talabalar uning gaplarini hazilga yo‘yishga yo‘ydik-ku, bir tomondan qiziqish kuchlilik qilib, kutubxonaga chopdik. Shuncha tirishsak ham, kitobning 20-betigacha yetib borolmadik va o‘shandagina ustozimizni aslida nimani nazarda tutganligini yaxshi tushundik. Qiziqishimiz borgan sari ortib, Vasiliy Kuznetsovni uchratib qolgudek bo‘lsak, “Bu kitobni tugal o‘qishni siri nimada? Qanday qilib, 20 betini o‘qishni uddalolsak bo‘ladi?” deya hol-joniga qo‘ymasdik. O‘ylamang, faqatgina a’lo bahodan umidvor bo‘lib bunchalar yelib-yugurmadik. Bu kitobni siri shunda ediki, uni o‘qib, mag‘zini chaqqan kishi  “Google”, “Amazon” kabi nufuzli kompaniyalarda  ishlay olish ehtimoli katta edi.

Intervyulardan “yiqilish” jarayoniga tahlilning ravshan ko‘zi bilan to‘xtaladigan bo‘lsak, odamlar bir narsani yaxshi tushunib olishlari kerak. Shunda vaziyatdan to‘g‘ri xulosa qilish mumkin bo‘ladi. Ya’ni, intervyudan “yiqilding”, degani sen yaxshi mutaxassis emassan, degani emas! Shunchaki, o‘sha kompaniya taklif etgan vakansiyaga sen to‘g‘ri kelmading, degani xolos!

Men ham ko‘p bor ko‘p intervyulardan o‘tolmadim, to‘g‘ri! Lekin buning ma’lum asosli sabablari ham bor-da! Kompaniya vakillari avvaliga, mavjud vakansiya haqida boshqacha ma’lumot aytib berishdi-da, biroq keyin intervyu davomida menga butkul boshqa mavzudagi savollar bilan yuzlanishdi. Masalan, deylik, men shifokorman, lekin ular mendan bino qurib berishimni so‘rashgandek gapda xuddi.

Yaqin kelajakdagi rejalarimdan yana biri bu – “Amazon”da bir yarim, ikki yil ishlab, senior darajasiga ko‘tarilish, chunki, men “Amazon”ga midle darajasida ishga qabul qilindim. Har safar ish joyimni almashtirganimda, doim shunaqa holat bo‘ladiki, bir kompaniyada senior darajasiga ko‘tarilaman-da, boshqa kompaniyaga o‘tgach, faoliyatni yana midle darajasidan boshlayman. “Amazon” da ham senior darajasiga o‘tganimdan keyin menga ko‘pgina eshiklar ochiladi, deb o‘ylayman. Chunki, ”Amazon”ni tarjimai holdagi kuchi juda ham katta!

Hozirda IT sohasini O‘zbekistondagi rivojlanish sur’atini ko‘rib, tez orada Vatanga qaytib, loyihalarmini balki shu yerdan turib ham amalga oshirishim mumkin, degan fikrim ham yo‘q emas.  

Ko‘pchilik yoshlar bilan gaplashganimda, kelajak rejalari haqida tasavvurlari yo‘q hisob. O‘ziga, o‘z imkoniyatlariga nisbatan ishonchlari yo‘q!  Ichlarida ishonchdan ko‘ra “Siz  “Amazon”ga ishga kirdingiz!  Men ham u yerga ishga  kira olarmikanman? Shuncha kuch, vaqt sarflaganimga yarasha natija bo‘larmikan-a?”degan ikkilanish ustun. Shunaqa yoshlarga bir gapim bor: Trust the process! Ya’ni,  jarayonga ishon! Sen o‘z ustingda ishlayvergin, natija bo‘lishi aniq! Qandayligini oldindan aytish mumkinmas! Lekin jarayonga ishonish kerak!

Tajribani orqasidan yugur, pulni emas! Karera muqaddimasi yosh tanlamaydi!   Chekinga tushdimi, demak, ayni vaqti!

Lobar Qobilova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring