Raqamli texnologiyalar: sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurash (Video)

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan «Mintaqaviy muloqot» XNNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2022-yilning 6-aprel kuni «Hilton» mehmonxonasida «Raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda axborot xavfsizligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada ushbu sohadagi xalqaro va mahalliy ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Adliya vazirligi, Oliy sud, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa tashkilot hamda idoralar vakillari, olimlar, amaliyotchi huquqshunoslar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Xususan, xalqaro ekspertlardan Mitya Djermol o‘z ma’ruzasida davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydanishning o‘ziga xos xususiyatlariga oid Sloveniya davlati tajribasiga, Marko Grobelnik sun’iy intellektdan foydalanishga doir xalqaro huquqiy tartiblarga, Ziya Farukiy bolalarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha «Bitcoin» tomonidan moliyalashtirilgan kiberjinoyatlarni tekshirish usullariga, Shardul Desay huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan buzg‘unchi xakerlik dasturlariga javob qaytarish yo‘llariga, Dobran Bojich Axborot xavfsizligini tashkil etish va takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.
Milliy ekspertlardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi I.Abdullayev «Raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga doir qonunchilikning shakllanishi va transformatsiyasi jarayonlari: sabab-oqibat bog‘liqligi», O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktor o‘rinbosari X.Xudayberdiyev «Rivojlanib borayotgan o‘zbek blogosferasida axborot xavfsizligini ta’minlashning muhim jihatlari», Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari A.Rasulev «O‘zbekiston Respublikasida raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy siyosat», O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi xodimi A.Razikov «Raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati», O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti xodimi U.Avilov «Axborot texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish xususiyatlari: tahlil va muammolar», O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutaxassisi O.Talipov «Elektron to‘lov tizimlarida huquqbuzarliklar va ularni oldini olish choralari», O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi vakili B.Usmanov «Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va ulardan foydalanishni huquqiy tartibga solish» mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha muammolar muhokama qilindi, axborot xavfsizligiga erishishda sun’iy intellekt texnologiyalarining rolini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi, shuningdek, mazkur sohada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter