Raqamli hukumat milliy treningi ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi
Osiyo va Tinch okeani mintaqasini rivojlantirish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi, AKT o‘quv markazi va O‘zbekistondagi BMTTD bilan hamkorlikda joriy yilning 5–7-iyun kunlari Raqamli hukumat transformatsiyasi bo‘yicha milliy trening o‘tkazildi.
Mazkur treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – raqamli texnologiyalarning davlat boshqaruvi sifatini oshirishdagi o‘rni, raqamli hukumat siyosati yuritilishini samarali tashkil etish va ushbu yo‘nalishdagi muhim tamoyillar haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat edi.
Shuningdek, trening raqamli hukumat tashabbuslari bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning asosi sifatida ko‘riladigan umumiy yo‘nalishlar, jumladan, raqamli infratuzilma, raqamli xizmatlar salohiyatini oshirish va tartibga solish siyosati kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Uch kun davom etgan treningda "Raqamli texnologiyalar kundalik hayotda va boshqaruv", "Raqamli hukumat strategiyalari", "Inklyuziv raqamli rivojlanish - raqamli jamiyat", "Inklyuziv raqamli rivojlanish – raqamli iqtisodiyot", "Raqamli siyosat, rivojlanayotgan tendensiyalar va oldinga yo‘l" kabi mavzularda sessiyalar tashkil etildi.
Ushbu sessiyalar davomida raqamli texnologiyalarning davlat va xususiy sohalarimizda tobora ortib borayotgani va bu texnologiyalarning joriy etilishi boshqaruvga qanday ta’sir ko‘rsatishi, raqamli hukumat loyihalaridagi muvaffaqiyatsizlik sabablarini aniqlash, barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq boshqaruv tamoyillari muhokama qilindi.
Shuningdek, Raqamli hukumat strategiyalari va rejalarining komponentlari hamda ular bilan bog‘liq jarayonlar, raqamli hukumatning samarali transformatsiyasi uchun zarur bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar va huquqiy bazani kengaytirish yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Raqamli siyosatda tovarlarni elektron xarid qilish va sotish hamda raqamli siyosatda elektron ma’lumot almashish kabi komponentlar bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
Trening davomida ishtirokchilar raqamli texnologiyalarning davlat va xususiy sohalardagi o‘rni, bu texnologiyalarning joriy etilishi boshqaruvga qanday ta’sir qilishi mumkinligi, qolaversa, fuqarolar va davlat xizmatchilarini raqamli davlat xizmatlarini loyihalashda ishtirok etishga undash vositalari va usullari haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
O‘z navbatida, raqamli hukumat strategiyalari va rejalarining komponentlari hamda ular bilan bog‘liq jarayonlarni tushuntirish, raqamli hukumatning samarali transformatsiyasi uchun zarur bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar va huquqiy bazani kengaytirish hamda raqamli hukumat loyihalarining turli bosqichlari va raqamli hukumat dasturini amalga oshirishning rivojlanayotgan tendensiyalarini o‘rganish bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar berildi.
Trening yakunida esa ishtirokchilar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter