Qiziquvchan, dangasa, odatlariga sodiq "aytichi"lar
Axborot texnologiyalari barcha sohaga jadal kirib kelgach, aksariyat tashkilotlarning dasturchi, dizayner, robototexnik, "SMM"chi kabi IT-mutaxassislarga ishi tushmoqda. Ular bilan hamkorlik o‘rnatadigan taraf kasb egalarining ruhiyati, ichki olami, temperament va xarakter qirralaridan voqif bo‘lishi foydadan holi emas.
"Aytichi"larning zakovati o‘ziga xos, qilinadigan har kungi ishiga yo‘nalgan bo‘ladi. Ular o‘z olamini yaxshi biladi va tushunadi. Lekin bu bilimdonlar bilimlarini isbotlashga chanqoq emaslar. Kasb egalarini kuzatib, qalban his qilib, qanday kadr ekanliklarini anglab olish - sizning vazifangiz. Ular shunday fikrlashadi. Agar ishining ustasi bo‘lgan dasturchini yanglish tarzda ahmoq deb hisoblasangiz, unda sizning ta’rifingizni o‘zgartirishga rag‘bat yo‘q. Vaqti ham yo‘q, chunki uni tan olganlar bilan band. Ushbu tabiatlaridan kelib chiqib, "aytichi"larni kamtar deb aytish mumkin.
Albatta, axborot texnologiyalari olamiga mansub kishilarda qiziquvchanlik yuqori. Beparvo va betaraf odam bu sohada o‘rnini topolmaydi. Chunki dasturchilar ichidan qaynab kelayotgan qiziquvchanlik ishining murakkabligiga parda tortadi. Biror loyihaga qiziqqanlari uchun ham uning ustida soatlab o‘tira oladilar.
"Aytichi"lar dangasa bo‘ladi, degan gapga hayron qolsangiz kerak. Bir vaqtning o‘zida bir necha ishning boshini tutgan, tunu kun mehnat qiladigan, tinib tinchimas kishilarni qanday qilib yalqovlikda ayblash mumkin? Gap shundaki, ularning dangasaligi ham o‘ziga xos. Dasturchilar tanlashni yaxshi ko‘radi, ko‘ngliga o‘tirgan ish bo‘lsa butun fikru zikrini unga qaratib ishlashga tayyor. Avvalboshdan o‘ziga yoqinqiramagan taklifni ijro etishga esa dangasalik qiladilar. Yuqorida aytganimizdek, qiziquvchanlik - ular xarakterining asosiy qirrasi. Qiziqish uyg‘otmagan ishni paysalga soladilar va tashqaridan kimlargadir dangasadek ko‘rinadilar.
Bu kasb vakillarida o‘z qobig‘iga o‘ralish kuchli. Ular shaxsiy hududlarida o‘zlarini erkin va qulay his qiladilar. Ishlari texnika bilan tillashish bo‘lgani uchun odamlar bilan muomalada so‘zamol bo‘lmasliklari mumkin. Zotan, hamkorlik, muloqot, muomala deganda berilgan ishni vaqtida bajarib topshirshni tushunadilar. Ular bilan so‘zlashuvni onlayn, masalan elektron pochta orqali olib borsangiz, ko‘proq fikr qabul qilishingiz mumkin. Yuzma yuz ko‘rishganda nisbatan kamroq gapirishga harakat qiladilar. Chunki ular virtual olamni go‘yo o‘z uylariga aylantirib olganlar. Hamma qadrdon boshpanasida o‘zini erkin his qiladi-ku.
Ijodkorlarning hayoti betartib bo‘lishi sizga sir emas. IT-mutaxassislari faoliyatida ham ijodiy g‘oyalar ustunlik kasb etgani uchun ularga saranjom-sarishta hayot u qadar muhim hisoblanmaydi. Ular ivirsigan uy, yoyilgan ish stolida bugun va kelajak uchun olamshumul ixtirolarni kashf etishga qodirlar. Binobarin, alg‘ov-dalg‘ov o‘ylardan ozor topgan, fikrlarini tartibga keltirishga muhtoj odam beixtiyor yon-atrofni tozalashga, narsalarni joy joyiga qo‘yishga urinadi. Ko‘z oldini sarishtalash bilan ong ostidagi fikrlar betartibligiga chora ko‘rishga intiladi. Dasturchilarning esa fikr va bilimlari aniq yo‘nalishli bo‘lgani bois ularni tartibga solishga ehtiyojmand emaslar. Ular foydasiz g‘oyalarga uzoq vaqt sarflamaydilar, tasavvurlarni arxivlashtirish qobiliyatiga egalar.
Agar bu soha mutaxassislarida 2-3 yillik muddatda biror odat shakllansa, ularni yillar davomida qo‘yib yubormaydilar. Odat zararli ekanini anglagan hollarida ham o‘zgarishni istamaydilar. Chunki "aytichi"larga bir pozitsiyadan ikkinchi pozitsiyaga o‘tish, hayotiy rollarini o‘zgartirish oson emas. Ular o‘zlariga qulay, tinch, foydali, daromadli deb topgan muhitda muqim qolishga moyillar.
Bu tabi nozik insonlarning xarakterini anglagan holda hamkorlik o‘rnatsangiz, ularning mehnatidan katta manfaat topishingiz aniq!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter