Prezident Shavkat Mirziyoyev Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi.
Raqamli boshqaruv markazida “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Ma’lumki, bu strategiyada mamlakatimizni mintaqaviy “IT-NUB”ga aylantirish maqsadi belgilangan. Bu davlat boshqaruvi va sohalarni raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT ta’limni rivojlantirish kabi ko‘p omillarni talab etadi.
Oxirgi yillarda ushbu yo‘nalishlarda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Axborot texnologiyalari sub’yektlari uchun yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar natijasida bunday korxonalar va ish o‘rinlari soni, xizmatlar eksporti ortib bormoqda. Xususan, 2017-yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 1 ming 600 taga yetgan. Ish o‘rinlari ham qisqa vaqtda 10 baravar ko‘payib, 24 mingtadan oshgan. 2017-yilda 600 ming AQSh dollari bo‘lgan eksport hajmi joriy yil yakuni bilan 300 million dollardan oshishi kutilmoqda.
My.gov.uz yagona portali orqali bugungi kunda 8 milliondan ortiq aholi va tadbirkorlar 570 turdagi onlayn xizmatdan foydalanmoqda.
Ijro intizomi yagona tizimi — ijro.gov.uz orqali davlat idoralari va ularning quyi bo‘g‘inlari xodimlari tomonidan 28 millionta hujjat elektron ayriboshlangan.
Prezidentimiz bu tizim rahbarlarning ongi va mas’uliyatini o‘zgartirganini ta’kidlab, hujjatlar integratsiyasi va sifatini yaxshilash, ijro intizomi nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
2022-yilda BMTning Elektron hukumat reytingida mamlakatimiz 18 pog‘ona yuqorilab, 69-o‘rinni egalladi. 2030-yilga borib, ushbu reytingda birinchi o‘ttiztalikka kirish bo‘yicha yillik chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Buning uchun hududlarda IT infratuzilmani va venchur bozorini rivojlantirish, “local to global” tamoyili orqali mahalliy korxonalarni eksportga olib chiqish, yurtimizda xalqaro kompaniyalarning ofislarini ochish kabi ko‘plab choralar ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, IT-park hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, umuman, bu sohaga 100 yillik qulaylik yaratish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Davlat rahbari mamlakatimizning axborot texnologiyalari, turizm, investitsiya salohiyatini mujassamlashtirgan yaxlit imijini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
(Davomi bor)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter