O‘zbekiston hukumatining Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalashga oid ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalash tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi (2023-yil 21-sentyabr) 485-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmatlar ko‘rsatishga doir litsenziya uchun davlat bojining miqdorini uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) tomonidan xizmatlar ko‘rsatish uchun maqbullashtirish belgilandi.
Shu bilan birga, teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmatlar ko‘rsatishga doir litsenziya berganlik uchun davlat bojining miqdorini 50 foizga kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish belgilangan.
Mazkur qaror telekommunikatsiyalar sohasidagi, xususan, ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish va teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) sohasidagi faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga litsenziya uchun davlat bojini to‘lashda yengillik yaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter