Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mur qonuni muallifi vafot etdi

Mur qonuni muallifi vafot etdi

Foto: Intel

Intel kompaniyasi asoschilaridan biri hamda Mur qonuni muallifi — Gordon Mur 94 yoshida vafot etdi.

Mur o‘zini tadbirkorlikka adashib kirib qolgan deb hisoblar, atrofidagilar esa uni yarimo‘tkazgichlar sohasining taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan muhandis sifatida hurmat qilishgan.

Gordon Mur 1929-yilda San-Fransiskoda tug‘ilgan, Kaliforniya texnologiya institutida tahsil olgan (keyinchalik institutga tinmay moliyaviy ko‘mak berib keldi). 1954-yilda ilmiy daraja olgan Mur o‘zining yarimo‘tkazgichlar sohasi rivojlanishi haqidagi mashhur empirik tamoyilini ilk marotaba 1965-yili ilmiy maqolasida tilga olgandi. Keyinchalik Mur qonuniga aylangan ushbu tamoyilda yarimo‘tkazgichli sxemada tranzistorlarning joylashish zichligi har yili ikki baravar ko‘payishi taxmin qilingandi, keyinchalik bu muddatlar bir yarim yil va ikki yilga o‘zgardi.

Mur 1975-yilgacha Intel ijrochi direktori, 1979–1987-yillarda kompaniya bosh direktori hamda direktorlar kengashi raisi bo‘lgan. 2006-yilda xayriya faoliyati bilan shug‘ullanish uchun Intelni butkul tark etgan.

Gordon Mur baxtli hayot kechirdi, umrining so‘nggi yillarini Gavayidagi uyida, oilasi va yaqinlari qurshovida o‘tkazdi. 1950-yilda uylanib, rafiqasi Betti bilan ikki farzandli bo‘ldi. Pensiyaga chiqqanidan so‘ng asosan sayohatlar va baliq ovlash bilan shug‘ullandi, keyinchalik xayriya jamg‘armasi ochib, sayyoramizning turli nuqtalarida suv dunyosini muhofaza qilishga hissa qo‘shdi. Gordon Murning boyligini shu yil boshida Forbes jurnali $7,2 mlrd deya baholagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring