Londondagi 27-UBTIC yig‘ilishi: O‘zbekiston va Britaniyaning IT-sohadagi hamkorligida muhim bosqich
Kecha, 28-noyabr kuni Londonda vazirliklar vakillari va kompaniyalarning yetakchi rahbarlarini birlashtirgan 27-O‘zbekiston — Britaniya savdo va sanoat kengashi (UBTIC)ning muhim yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston IT-sohada amalga oshirayotgan tizimli islohotlar hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar bilan tanishtirib o‘tildi, jumladan:
- IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish;
- IT-sohada 300 ming nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash;
- BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida mamlakatimizni yetakchi 30 ta davlat qatoriga kiritish.
Ma’lumot uchun: 2023-yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistondagi 22 ta mahalliy rezident kompaniya tomonidan Buyuk Britaniyaga 33,5 million dollarlik IT-xizmatlar eksporti amalga oshirilgan bo‘lib, bu jami ko‘rsatilgan IT-xizmatlar eksportining (238,7 mln dollar) 14 foizini tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda Buyuk Britaniya kapitaliga asoslangan 11 ta rezident kompaniya faoliyat olib bormoqda.
Londondagi muzokaralarda Buyuk Britaniyaga IT-xizmatlar eksportini oshirish va sohaga investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Britaniyadagi investorlar va IT-kompaniyalarga ushbu mazmundagi murojaatni yo‘lladi:
“Biz britaniyalik investorlar va kompaniyalarni O‘zbekistonda IT sohacida hamkorlik qilishga taklif qilamiz.
IT sohasida jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotgan O‘zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoning yangi IT-xabi sifatida paydo bo‘lmoqda. Biz hamkorlikka ochiqligimizni va birgalikda IT-xizmatlar eksportini rivojlantirishga tayyorligimizni ma’lum qilamiz”.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter