Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“JOB& EDU FEST” — IT mehnat va ta’lim yarmarkasida 50 dan ortiq IT kompaniyalar yuqori daromadli bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi

“JOB& EDU FEST” — IT mehnat va ta’lim yarmarkasida 50 dan ortiq IT kompaniyalar yuqori daromadli bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi

Bugun 30-noyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida 2024-yil — “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” doirasida “JOB& EDU FEST” – IT mehnat va ta’lim yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

JOB& EDU FEST – IT sohasiga qiziquvchi yoshlarga sohada muvaffaqiyatli ta’lim olish hamda ish o‘rnini topishga yo‘naltiruvchi mehnat va ta’lim yarmarkasidir.

Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi. Vazir o‘z nutqida IT sohasida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda muvaffaqiyatli karera qurish uchun yangi ko‘nikmalarni egallash muhimligini alohida ta’kidladi. Vazir sohada mavjud resurslar va davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan maksimal darajada foydalanish orqali yoshlarning o‘z kelajagini IT bilan bog‘lashlari uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, barchani bu yo‘nalishda faol bo‘lishga chorladi.

Joriy yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2 bor tashkil etilayotgan yarmarkada 50 dan ziyod mahalliy va xorijiy kompaniyalar yuqori maoshli bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

An’anaviy tashkil etib kelinayotgan yarmarkada bu gal ham IT-ta’lim xizmatlarini taqdim etuvchi oliygohlar, o‘quv markazlari, mahalliy va xalqaro IT-korxonalar va boshqa tegishli kompaniyalar o‘zlarida mavjud qator imkoniyatlar haqida ma’lumot berishdi.

Tadbir davomida ish va o‘qish istagida kelgan 1000 ga yaqin yoshlar IT sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassislardan amaliy tavsiya oldilar. Shu bilan birga Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, IT Park universiteti, Turin politexnika universiteti kabi oliy ta’lim muassasalari hamda bir qancha xususiy o‘quv markazlari ishtirok etib, IT sohasida mavjud ta’lim dasturlarini yoshlarga taqdim qildi.

Yarmarka doirasida sohada muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan IT mutaxassislar ishtirokida taqdimotlar tashkil etilib, yoshlarga IT mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish, karera qurish, intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tish hamda xalqaro IT-sertifikatlarning ahamiyati haqidagi mavzularda maslahat va tavsiyalar berildi.

Mazkur yarmarkaning asosiy yangiliklaridan biri JOB& EDU FEST doirasida ishga tushirilgan ITdagi bo‘sh ish o‘rinlariga bag‘ishlangan maxsus kanal bo‘ldi. Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan yaratilgan ushbu kanal (https://t.me/digitalitvacancy) IT sohasidagi mutaxassislar uchun vakansiyalar, foydali materiallar va amaliy tavsiyalarni muntazam ravishda taqdim etib kelmoqda. Ushbu platforma IT mehnat bozoridagi imkoniyatlardan samarali foydalanishni maqsad qilgan barcha uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi missiyasi raqamlashtirish orqali insonlar hayotini yengillashtirish va qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlarini yaratish hisoblanadi. Mazkur missiyani amalga oshirishdagi ustuvor vazifalardan biri 2030 yilgacha IT sohasida ish bilan band bo‘lgan mutaxassislarni 300 ming nafarga yetkazish ustuvor vazifalardan biridir. Ayni maqsadga erishishda bu kabi mehnat va ta’lim yarmarkalari ish beruvchi va nomzodlar o‘rtasidagi yuzma-yuz muloqotni osonlashtirish orqali ishga qabul qilish jarayonini soddalashtirish, yoshlarni IT sohasiga yo‘naltirishda zarur ma’lumot sanalgan ta’lim olish manbalari, dasturlari hamda sohadagi imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishtirishga muhim tadbir bo‘lib xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring