Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

IT akademiya: Bizda har bir bitiruvchi 100 foiz ish bilan ta’minlanadi!

“IT-Motivatsiya” ko‘rsatuvining navbatdagi mehmoni – Farobiy IT Academy asoschisi Farruh Boltayev.

Farruh Boltayev  – 1993-yil 10-dekabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan;

2017-yil – “Marcos Soft” dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniya asoschisi;

2018-yil – TATUning bakalavr bosqichini tamomlagan;

2020-yil – TATUning magistrlik diplomiga ega bo‘lgan;

2020-yil – Xalq ta’limi vazirligida Respublika ta’lim markazi bo‘lim boshlig‘i;

2022-yil – “Farobiy” IT akademiyasi asoschisi.

– Avvalo, an’anaviy savolimizdan boshlasak, IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?

– Bilasizmi, litseyda o‘qib yurgan kezlarim Diplomatiya universitetiga kirishni orzu qilardim. Ammo ikki yil davomida harakat qilib universitetga kira olmagach, o‘sha kezlarda endi ommalashayotgan zamonaviy kasblardan biri axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qishga qaror qildim va Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga kirdim. Ammo hali dasturchi bo‘lish haqida o‘ylab ham ko‘rmagan edim. Keyinchalik dars jarayonlarida bildimki, nafaqat katta hayotda, balki universitetda ham dasturchi bo‘lishning ustunliklari katta ekan.

Dastavval, talabalik yillarim universitetga o‘z xizmatimni taklif qilganman. Ilk ish haqqimni qo‘limga olgach, menda motivatsiya yanada kuchayib, xizmatlarimni Yunusoboddagi turli tashkilotlarga taklif qilib chiqqanman. Keyinchalik “Marcos Soft” dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyani tashkil qildim. Faoliyatim davomida xorij kompaniyalariga ham xizmat ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldim.

– Akademiyangiz faoliyati bilan qisqacha tanishtirib o‘tsangiz? Qachon asos solgansiz? Qanday yo‘nalishlarda ta’lim beriladi?

– Farobiy IT akademiyamizga o‘tgan yili oxirida asos soldik va joriy yilning yanvar oyidan boshlab o‘quvchilarni qabul qildik. Hozirda o‘quvchilarimiz foundation, veb dasturlash, mobil dasturlash, video montaj, grafik dizayn va logistika yo‘nalishlarida ta’lim olishmoqda.

– Qancha o‘quvchiga mo‘ljallangan?

– Hozircha 1000 kishiga mo‘ljallangan, ammo xonalarni kengaytirib, 4000 nafar o‘quvchini qamrab olishni rejalashtirganmiz.

– O‘quv kurslari necha oyga mo‘ljallangan?

– Kuurslarimiz turiga qarab, 4 oydan 7 oygacha davom etadi.

– Kelayotgan o‘quvchilarga yo‘nalish tanlashlarida akademiya a’zolari tomonidan ham yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladimi?

– Albatta, biz o‘quvchilar o‘ziga mos yo‘nalishni tanlab olishi uchun har bir yo‘nalish uchun birinchi darsimizni pulsiz qilganmiz. O‘quvchilar bepul darslarda o‘qib ko‘rib, o‘zlari uchun ma’qul kelgan kurslarni tanlab o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

– Ular ichida yaxshi o‘zlashtira olmayotganlar bo‘lsa, qanday chora ko‘riladi?

– Biz o‘quv kurslari davomida imtihonlar ham o‘tkazib turamiz va shu orqali o‘quvchilarning bilim va salohiyatlarini tekshirib, aynan qaysi jabhada oqsayotganliklarini aniqlab, chora ko‘rishga harakat qilamiz.

– IT sohasini faqat ko‘p pul topish uchun tanlaydigan yoshlarga nima degan bo‘lardingiz?

– E’tibor bergan bo‘lsangiz, akademiyamiz logotipida aynan aysbergni tasvirlaganmiz. IT sohasining o‘zi ham ko‘pchilik nazdida go‘yo aysberg kabi ko‘rinadi. Ammo cho‘qqiga yetish uchun insondan sabr va bilim talab etiladi. Aks holda, ko‘p pul topish ham shunchaki yetib bo‘lmas cho‘qqi kabi orzuligicha qolib ketadi.

– O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga qandaydir imtiyozlar yoki rag‘batlantirishlar ham bo‘ladimi? Masalan, ishga joylashishlari uchun ko‘mak beriladimi?

– Albatta, biz yuqorida o‘quv kurslari davomida imtihonlar o‘tkazib turishimizni aytdik. Aynan sinovlarda o‘zini yaxshi ko‘rsata olgan o‘quvchilarimizga o‘quv kursning ma’lum bir oylari uchun chegirma hamda biror-bir loyihaga taklif qilib, o‘qish davomida pul topish uchun imkoniyatini ham taqdim etishimiz mumkin.

– Eshitishimizcha, akademiyangiz vakillari bilan turli universitetlarga borib maxsus seminar-treninglar ham o‘tkazib turar ekansiz, bundan ko‘zlangan maqsad nima? Masalan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalari uchun IT sohasi aynan qaysi jabhalarda kerak bo‘lishi mumkin?

– Bilasizmi, biz yaqinda tibbiyot yo‘nalishida yangi loyihaga asos solmoqchimiz. Bu borada esa albatta malakali tibbiyot hodimiga ehtiyoj seziladi. Hozirgi kunda to‘qimachilik sohasida ham axborot texnologiyalariga ehtiyoj katta. Agar biz soha mutaxassislarining aynan shu yo‘nalishdagi bilimlarini oshirsak, ish ancha osonroq kechadi. Umuman olganda, ayti sohasi bugungi kunda har bir sohaning chambarchas bir qismiga aylanmoqda.

– Hozirgi kunda ko‘plab dasturchilar o‘z faoliyatlarini mobil ilovalar yaratish bilan boshlashmoqda, nima deb o‘ylaysiz, mobil ilova yaratayotganda uning ommalashishi uchun ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerak?

– Avvalo, qanday loyiha yaratishdan qat’i nazar, o‘sha yo‘nalishni yaxshilab o‘rganish kerak. Aynan qanday mobil ilova yaratmoqchiligini aniqlab olish lozim. Masalan, agar o‘yinlar yaratmoqchi bo‘lsa, aholi orasida surishtiruv o‘tkazib ko‘rish ham yaxshi samara beradi. Hozirda yoshlar orasida aynan qaysi o‘yinlar ommalashgan, ushbu o‘yinlarning afzalligi nimada, shu kabi savollarga javob olib, keyin mobil ilova yaratsa, albatta u tez fursatlarda ommalashadi.

– Bugungi kunda yoshlarni IT sohasiga qiziqtirish uchun nimalar qilish kerak?

– Ota-onalar farzandim biznesmen bo‘lsin, farzandim doktor bo‘lsin kabi orzulari sirasiga farzandim yaxshi dasturchi bo‘lsinni ham qo‘shib qo‘yishsa va bolalikdan shu sohaga tayyorlab borishsa, tabiiyki, yosh avlodning ham zamonaviy sohalarga qiziqishi yanada ortadi.

– Kelgusida yaxshi IT mutaxassisi bo‘lish uchun oliy ma’lumot qanchalik muhim?

– Bilasizmi, kelajakda kim bo‘lishini aniq belgilab olish uchun oliy ma’lumot muhim. Chunki men universitetga kirmagunimga qadar aytishnik bo‘lishni o‘ylab ham ko‘rmagan edim. Ammo maqsadi aniq bo‘lg‘usi aytishnik uchun oliy ma’lumot muhim emas.

– Sizningcha, yoshlar nima uchun Farobiy akademiyasini tanlashlari kerak? Akademiyangizning o‘ziga xos jihatlari nimada?

– IT sohasida o‘qish istagidaki yoshlarga eng keraklisi bilim olish uchun yaxshi sharoit, tajribali o‘qituvchi hamda o‘qishni tamomlagach ish topa olish. Bizning akademiyamiz bularning har uchalasini ham o‘zida mujassamlashtira olgan, eng asosiysi, har bir bitiruvchimiz uchun ishlar ham allaqachon tayin!

Odatda xaker deganda yovuz niyatli jinoyatchilar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Aslida xakerlar mehnatidan yaxshi maqsadlarda ham foydalanish mumkin ekan. Qanday qilib deysizmi? U holda, ko‘rsatuvning to‘liq shaklini xabar.uz YouTube kanalimizda tomosha qiling!

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring