Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gollivuddagi ish tashlashga neyrotarmoqlar sababchi

Gollivuddagi ish tashlashga neyrotarmoqlar sababchi

Foto: Kino Bar

Gollivud kinosanoati, ssenariynavislar va aktyorlarning ish tashlashi oqibatida, murakkab kunlarni boshdan o‘tkazyapti.

Kinochilar mehnat sharoitlari va huquqlari muhofazasi yaxshilanishini talab qilishmoqda. 2023-yilning may oyida boshlangan ish tashlash iyul oyida ham to‘xtagan emas — ssenariychilar qatoriga aktyorlar ham qo‘shilishdi.

Xususan, SAG-AFTRA kasaba uyushmasiga a’zo aktyorlar Gollivud studiyalaridagi qoniqarsiz sharoitlar sababli ish tashlashdi. Bu jarayonda muhim jihatlardan biri aktyorlarning raqamli nusxalarini yasash uchun neyrotarmoqlardan foydalanishdir. Ya’ni, kinosanoat korchalonlari bir martalik to‘lov evaziga aktyorlarning raqamli klonlarini qo‘lga kiritishmoqchi, studiyalar esa aktyorlarning ishtirokisiz bu obrazlardan toabad foydalanish huquqiga ega bo‘lishmoqchi. Albatta, o‘zini hurmat qilgan san’atkor uchun nomaqbul taklif. Ish tashlashda qatnashayotganlar orasida ko‘plab taniqli yulduzlarni uchratish mumkin: Robert Kichik Dauni, Mett Deymon, Emili Blant, Rami Malek, Killian Myorfi va boshqalar.

WGA kasaba uyushmasiga a’zo ssenariychilar may oyidan buyon norozilik namoyishlarini davom eetirishmoqda. Kinomatnchilar eng kam ish haqini oshirish, ssenariy yozish jarayonida neyrotarmoqlardan foydalanishni cheklash hamda mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilishmoqda.

Ish tashlash ko‘plab filmlar va seriallarga ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, “Juda g‘alati ishlar” serialining yangi mavsumi to‘xtab qoldi. Aftidan, neyrotarmoqlar zabt etishni boshlagan ilk sohalardan biri aynan kino. Navbatdagilar qaysilar — vaqt ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring