Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Durdona Alimova

Hayotdagi har bir vaziyat minnatdorlik bilan qarshi olinishga loyiq

Bir kun "selfi"siz yashaylik!

Bir kun

Foto: Peopletalk.ru

O‘zini kashf etish deganda ijobiy qirralarini oshirish, manfaatli mehnat bilan shug‘ullanish va uning mevasini ko‘rish, o‘z ustida ishlash tushuniladi. Lekin ommaviy madaniyat avj olgan bugungi kunda tushunchalar ta’rifi o‘zgarib ketgani rost.  Hozirgi yoshlar auditoriyasi ijtimoiy tarmoq orqali o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni shaxs sifatida shakllanish, tanilish va tan olinishning bir unsuri sifatida qabul qilib olishgan.

Ehtimol, buning oqibatlarini sezgan holda 16 mart - Selfisiz kun, deb e’lon qilingan ekan.

Selfi so‘zini birinchi marta 2002 yilda avstraliyalik fuqaro Neytan Xoup ishlatgan va u o‘z tishining suratini internetga joylagan. Surat muallifi uning sifatsizligi uchun uzr so‘radi va bu selfi ekanligini tushuntirdi. O‘zini suratga olish 2010 yil oxiriga kelib mashhur bo‘ldi. 2013 yilda "selfi" so‘zi yoshlar jargonidan Oksford lug‘atiga ko‘chib o‘tdi.

Selfi "epidemiya"si  inson ko‘p vaqtini o‘zini suratga olish va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishga sarflashga olib keldi. Do‘stlar bilan diydorlashuv, oilaviy sayohatlar, kino, teatr, ko‘rgazmalar tomoshasi vaqti insonlar oqibat, tabiat manzarasi va san’at asarlaridan emas, smartfondan ko‘proq zavq olishga o‘tib olganlar. Go‘yo u yerga madaniy hordiq chiqarish emas, fotofaktni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish uchun boradigandek tasavvur uyg‘otyaptilar.

Selfimaniya o‘ziga nisbatan hurmat va ishonchning pastligi, boshqalar bilan munosabatlarda iliqlik yetishmasligidan darakdir. Zamonaviy inson hayotini osonlashtiradigan yangi qurilmalardan foydalanishning yomon joyi yo‘q, albatta. Lekin smartfon egalari ijtimoiy tarmoqlardagi "layk"lar uchun o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yganiga ko‘p bor guvoh bo‘ldik. Qoya chetida, sharsharada, ko‘prik panjarasida, tomda, temiryo‘lda, yovvoyi hayvonlar oldida, mashina boshqarayotib selfi olishdan tap tortmayotgan yoshlar bilan bog‘liq mudhish hodisalardan sheriklari saboq chiqarmayotgani ikki hissa o‘yga toldirib qo‘yadi. Bunday selfilardan yilda bir emas, har on voz kechsa arziydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring