Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Banklardagi elektron xizmatlar haqida mulohazalar (1-qism)

Banklardagi elektron xizmatlar haqida mulohazalar (1-qism)

Foto: Novostipmr.com

Banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda bankning kredit tashkiloti sifatidagi mohiyatini ochib berishga imkon beradigan holatlarga katta ahamiyat beriladi.

Mijozlar bilan bank orasidagi munosabatlar ob’yektiv bo‘lishi zarur. Shu ma’noda, bank – boshqalarnikidan farq qiladigan mahsulot ishlab chiqaradigan ob’yekt hisoblanadi. Ushbu mahsulot, uning tarkibida pul mavjud bo‘lganligi sababli tovar bo‘lib hisoblanadi. Pul – xizmatlar, ishlab chiqarish, tarqatish, almashish va iste’molni rivojlantirishga hissa qo‘shadi va mijozlar bilan pul munosabatlarini rivojlantiradi.

Har bir bankning o‘z strategiyasi mavjud bo‘lib, uning asosida o‘z mahsulotlarining iste’molchilari guruhiga, u korxona bo‘ladimi yo muassasami yoki oddiy aholimi, e’tibor qaratiladi. Bozorning har bir segmentida jismoniy va yuridik shaxslardan tashkil topgan mijozlar bazasi o‘rganib borilmoqda.

Mijozlar bazasini qanday kengaytirish mumkinligi to‘g‘risida bank oldindan o‘ylashi kerak, aksariyat hollarda eng keng xizmat turlarini taqdim etuvchi banklar yutadi. Ma’lum segmentlar bilan ishlashda har bir iste’molchiga nima taklif qilishni aniq bilish kerakligini tushunish zarur.

Bankning turli bank xizmatlari bozoridagi faoliyati, uning natijalari har doim ma’lum manbalarda qayd etib boriladi va keyinchalik mijozlar bilan bank munosabatlarining butun kompleksini marketing tahlil qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston bank sektoridagi sog‘lom raqobat holatida banklararo tahlil ayni muddao hisoblanadi. Har bir bankda ko‘p sonli turli jihatlarning marketingi bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmalar mavjud. Aksariyat holatlarda ushbu jihatlar quyidagilardan iborat bo‘ladi:

1) kreditlash, omonatga pul qabul qilish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish bozorida yetakchilik qilishga erishayotgan raqobatchilarni o‘rganish;

2) raqobatchilarni o‘z banki bilan taqqoslash.

O‘zbekiston bank bozori xizmatlarni yaxshilashga, jamiyat manfaatlarini to‘liq qamrab oladigan yangi bank xizmatlarining paydo bo‘lishiga intiladi. Ammo kredit munosabatlarining rivojlanishi bilan, banklarning zimmasidagi majburiyatlar ham ko‘payib boradi. Ularni puxta bajarilishi bank xizmatlari hajmini oshiradi.
Shunday qilib, xorijiy tajribani o‘rgangan holda, O‘zbekiston bozoriga talab yuqori bo‘lgan va aholining turli qatlamlari ehtiyojlarini qondiradigan sifatli mahsulotlarni olib kirish va takomillashtirish zarur.

Shu o‘rinda ushbu vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribadan misollarni quyidagi keltirib o‘tamiz.

Kanada

Kanadaning “Royal Bank of Canada” banki “NOMI” deb nomlangan o‘zining virtual yordamchisini ishga tushirdi. Ushbu yangi joriy etilgan tizim sun’iy intellektga asoslangan bo‘lib, mijozlarga o‘z mablag‘larini boshqarish samaradorligini oshirishga imkon beradi. Kanadaliklar taqdim etilayotgan qulayliklari tufayli “NOMI”ni yoqtirib qolganlar.

Sun’iy intellekt mijozlarning moliyaviy hulqini va xarajatlarini tahlil qiladi, byudjet doirasidan chiqish holatlaridan ogohlantiradi va ularga mablag‘larini qanday qilib iqtisod qilish hamda yig‘ish bo‘yicha maslahatlar beradi.

Sun’iy intellekt algoritmlari bir nechta hisob raqami va bank kartalariga ega bo‘lgan mijozlarga sarf-xarajatlari, moliyaviy xatarlar va imkoniyatlarni aniq belgilab olib, ular bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga yordam beradi.

Shveysariya

Shveysariyada ilk bor litsenziyalangan “SEBA” kriptovalyuta banki o‘z faoliyatini boshlagan. Bank o‘z eshiklarini korporativ mijozlar va professional investorlar uchun ochgan. Bank mijozlari o‘zining ham an’anaviy, ham raqamli aktivlarni saqlashlari va ular bilan amaliyotlar amalga oshirishlari, shuningdek kriptovalyuta ko‘rinishida kredit olishlari mumkin. Bank rahbariyatiga ko‘ra, Shveysariyaning ilk boshqariladigan kriptovalyuta banki o‘z mijozlariga raqamli aktivlarning barcha imkoniyatlaridan xavfsiz foydalanishini ta’minlaydi. Ushbu bank an’anaviy va raqamli pullar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi va investitsion mahsulotlarni, moddiy aktivlar va shaxsiy ma’lumotlarni tokenizatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi deyilgan bankning matbuotga bergan bayonotida.

“SEBA” mijozlari dastlabki bosqichda beshta kriptovalyuta bilan amaliyotlar amalga oshirishi mumkin bo‘ladi: Bitcoin, Ethereum, Stellar, Litecoin va Ethereum Classic. Bank xizmatlaridan SEBAwalet ilovasi va bank hisob raqamiga bog‘langan plastik karta orqali foydalanish mumkin.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, plastik kartani mavjudligi kriptovalyutani ommaviy joriy qilinishiga juda muhim qadam hisoblanadi. Matbuotda chop etilgan bayonotda ushbu plastik kartani bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab 42,0 mln savdo nuqtalari qabul qilayotganligi haqida ma’lum qilingan.

Shvetsiya

Shvetsiya – 2023-yilgacha naqd pul mablag‘laridan butunlay voz kechishni o‘z oldiga qo‘ygan davlatlardan hisoblanadi. Shvedlar plastik kartalarini, qo‘l terilari ostiga chiplar joylashtirish bilan almashtira boshladilar. Ushbu texnologiya qo‘llanila boshlaganiga qisqa vaqt bo‘lganiga qaramasdan, aholi orasida nihoyatda mashhur bo‘lib ulgurgan. Bugungi kunda mamlakat aholisining 4,0 mingdan ortig‘i ushbu chipni teri ostiga joylashtirgan – mikrosxema bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasiga joylashtirilmoqda.

Texnologiya nafaqat bank kartalari, balki foydalanishdagi barcha plastik kartalarning o‘rnini bosishi mumkin. Xususan, transport kartalari, ishga kirish huquqini beruvchi kartalar, sportzallariga abonementlar va boshqalar. Bundan tashqari, mikrosxemada favqulodda holatlar uchun turli kontaktlar, konsertlar va transportga biletlarni saqlash mumkin.

Ushbu yangilikdan foydalanish xuddi plastik kartadan foydalangandek oson – qo‘l o‘quvchi uskunaga tegizilsa yetarli bo‘ladi. Mikrosxemani teri ostiga joylashtirish ham oddiy – yo‘g‘on ignali shprits bilan teri ostiga yuboriladi. 2 mm.ga 12 mm o‘lchamidagi plastina hech qanday noqulaylik yaratmaydi.

Singapur

Singapurning pul-kredit boshqarmasi (Monetary Authority of Singapore, MAS) dunyoning eng yaxshi markaziy banki sifatida har yillik Central Banking Awards mukofotini qo‘lga kiritdi.

Central Banking nashri Singapur markaziy bankiga ushbu mukofotni “o‘z davlatini moliyaviy texnologiyalar markazi”ga aylantirishga bo‘lgan intilishlari uchun topshirdi. Ayniqsa, “MASning nazorat va normativ-huquqiy amaliyotini takomillashtirishi va yangi texnologiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanligi” alohida qayd etilgan.

Boshqa ko‘pgina markaziy banklardan farqli ravishda Singapur savdo-sotiq va ochiq iqtisodiyotga kuchli bog‘liq bo‘lganligi sababli ushbu davlat valyuta kursini siyosatning asosiy vositasi sifatida ishlatadi. Xususan, 2018-yil davomida MAS milliy valyutani mustahkamlash maqsadida pul-kredit siyosatini kuchaytirish bo‘yicha ikki marta keskin islohotlar amalga oshirdi. Shuningdek, MAS bugungi kunda “innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy qilish”ga qaratilgan biznes sohasini rag‘batlantirishga mo‘ljallangan moliya sektori uchun sohani transformatsiyalash besh yillik xaritasini amalga oshirish ustidan ish olib bormoqda. Ushbu tadbirlardan maqsad 2016-2020-yillar davomida Singapur moliya sektorining o‘rtacha yillik o‘sishini 4,3% ga yetkazish va moliyaviy texnologiyalar sohasida 3 mingta xizmatlar va 1 mingta ish joylarini tashkil etishdan iborat.

Bugungi kunda MAS Singapurni dunyodagi yetakchi fintex markaziga aylantirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. E’lon qilingan monetar maqsad – bu barqaror iqtisodiy o‘sish va narxlarning barqarorligi hisoblanadi, bunda ushbu vazifalarni amalga oshirishning asosiy mexanizmi valyuta kursini boshqarish hisoblanadi. Bu yerda biron bir valyutaga qat’iy belgilangan kurs haqida gapirilmayapti – MAS aslida umumiy savdo kursini asosiy savdo sheriklarining valyutalari savatiga (nominal samarali kurs) qarab muvofiqlashtirib boradi.

Shuningdek, MAS to‘lovlarni amalga oshirish uchun butun dunyo bo‘yicha birinchi unifikatsiyalangan QR-kodni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda va tajriba qilishdan cho‘chimaydi. Singapur ochiq iqtisodiyotga ega bo‘lganligi sababli (tashqi savdoning yalpi ichki mahsulotga nisbati 300% dan oshadi), MAS eksportni qo‘llab-quvvatlashga va importning juda qimmat bo‘lmasligiga harakat qilmoqda.

Singapur regulyatorining bunday strategiyasi barcha uchun odatiy bo‘lib qolgan qoidalarga zid holat hisoblanadi. Buning natijasida, Singapur bugungi kunda butun dunyo bo‘yicha eng raqobatbardosh bo‘lgan beshta milliy moliyaviy tizimlardan bittasiga ega bo‘lib turibdi. Masalan: xususiy sektorga berilgan ichki kredit yalpi ichki mahsulotga nisbatan 130 foizni, yomon kreditlar ulushi esa 1,2 foizni tashkil etadi.

Ayni paytda, Singapur markaziy banki tezkor va xavfsiz elektron to‘lovlarni joriy qilish ustida ish olib bormoqda, biroz avval real vaqt rejimida banklar hisob raqamlari orasida mablag‘larni o‘tkazishga imkon beruvchi Fast and Secure Transfers (Fast) – elektron pullar o‘tkazmalari xizmatini ishga tushirgan edi. Bugungi kunda ushbu xizmat asosida PayNow tizimi ishlab kelmoqda, bu tizimdan 2,3 mln. kishi foydalanib kelmoqda, ya’ni Singapur aholisining yarmi. Pul o‘tkazmasini amalga oshirish uchun faqatgina uyali telefon raqami yoki milliy identifikatsiya raqamini ko‘rsatish yetarli bo‘ladi. Bunda ushbu tizim nafaqat jismoniy shaxslar, balki yuridik shaxslar foydalanishi uchun ham mo‘ljallangan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

Amerika Qo‘shma Shtatlari qat’iy qoidalarga ega bo‘lgan demokratik mamlakat bo‘lganligi sababli, ushbu mamlakatdagi barcha bank muassasalari qonunlarga qat’iy amal qiladilar. Federal qonunlarga muvofiq tarzda ishlash uchun Amerika banklari uchun mijozlarning shaxsini aniqlash («Customer Identification Program» (CIP)) majburiy va muhim hisoblanadi. Mijozlarga xizmat ko‘rsatishda bankning miqyosi va faoliyat turidan kelib chiqib, uning minimal talablari belgilanadi.

Amerika banklari orasida kam sonlilari masofadan turib shaxsiy hisob raqam ochishga qodir bo‘lib, ular qatorida bank “Bank of America” ham mavjud. “Bank of America”dagi hisob raqami AQShga sayyoh sifatida yoki xizmat safarlariga tez-tez boradiganlar uchun foydali bo‘ladi. Bunday hisob raqamga ega bo‘lish Amerika kompaniyalari bilan hamkorlik qilayotganlar uchun manfaatli bo‘ladi. Boshqa davlatdan turib “Bank of America”da hisob raqam ochish, hisob raqam egasini AQShning soliq rezidentiga aylantirmaydi va xalqaro daromadiga AQSh soliqlarini to‘lashga majbur qilmaydi.

“Bank of America”da shaxsiy hisob raqamga ega bo‘lish quyidagi afazalliklarni taqdim etadi:

  • xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyati;
  • Amerika banki xizmatlaridan foydalanish va pochta manzili (qutisi)ga ega bo‘lish imkoniyati;
  • G‘arb banklarining biridan Visa va MasterCard plastik to‘lov kartalarini olish imkoniyati.

Mijoz o‘z uyidan turib amerika internet-magazinlaridan xaridlar amalga oshirganda ham amerika bankidagi hisob raqam Amerika bozoridagi tovarlar assortimentiga katta imkoniyatlarni ochib beradi. Bu holatda, magazin tomonidan, boshqa davlatlarnikidan farqli ravishda, Amerika kartalaridan to‘lovlarni qabul qilishda rad javobi berilmaydi.

“Bank of America”ning mahsulotlari va xizmatlari

Hisob raqam

Bu – har kunlik moliyaviy amaliyotlar va to‘lovlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan hisobning asosiy turi. Shaxsiy bank hisobi ochilganda, mijozga debet kartasi taqdim etiladi. Asosiy hisob raqamini ochish uchun minimal depozit – 25 AQSh dollari. Bunda bank tomonidan 12 AQSh dollari miqdorida har oylik xizmat ko‘rsatish badali undiriladi. Agar mijoz har oyda 250 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda omonatga pul qo‘yib borsa va 1500 AQSh dollari miqdoridagi har kunlik o‘rtacha qoldiqni qo‘llab-quvvatlash talabini bajarib kelsa, u holda 12 AQSh dollari miqdoridagi badal bank tomonidan undirilmaydi. Agar mijoz 23 yoshga to‘lmagan talaba bo‘lsa ham u yuqoridagi talablardan ozod etiladi va undan hisob raqamga ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlar undirilmaydi.

Foizli hisob raqam

Ushbu hisob ham joriy to‘lovlar va amaliyotlarni o‘tkazishda asosiylardan hisoblanadi. Hisob raqamni ochishda minimal depozit miqdori 100 AQSh dollarini tashkil etadi. Biroq “Asosiy hisob raqam”dan farqli ravishda, bu yerda balans miqdoridan kelib chiqqan holda yig‘ilib boriladigan foiz to‘lovlari ko‘zda tutilgan. Shu jumladan, foizli hisob raqam hisobni yuritishga nisbatan qat’iy talablarga ega, buning uchun bank hisob raqamga xizmat ko‘rsatilishi uchun har oyda 25 AQSh dollari miqdorida badal undiradi. Kuniga 10 000 AQSh dollari miqdorida balans ta’minlangan holatda, bank tomonidan ushbu komissiya qo‘llanilmaydi. Hisob raqamlar Online Banking va Mobil bank orqali boshqarilishi mumkin.

Foiz stavkalari:

Hisob raqam balansidagi mablag‘ miqdori

Yillik foiz stavka

50 000 AQSh dollarigacha

0,01%

50 000 dan 99 999 AQSh dollarigacha

0,02%

100 000 dan va undan ortiq

0,03%

(Davomi bor)

Madina Abdurahmonova,  “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi mas’ul xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring