Amitida yirik anjuman: mavzular o‘ta dolzarb
Toshkent shahridagi Amiti universitetida «Hisoblash fanlaridagi texnologik yutuqlar (ICTACTS 2022)» mavzusidagi ikkinchi yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 10-12 oktyabr kunlari o‘tkazilayotgan anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – yetakchi xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yurtlari, ilmiy hamda innovatsion markazlar bilan hamkorlikda faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘lib, konferensiya, o‘z navbatida, muhandislik, innovatsion tendensiyalar, sun’iy intellekt va hisoblash intellekti kabi bir nechta seksiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu tadbirning ochilish marosimida Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat, Amiti universiteti bosh kampusining Hindiston Respublikasi rahbariyatidan janob Amol Chauhan, professor Gurinder Singx va yana boshqa ko‘plab mehmonlar ishtirok etdi.
«Ilg‘or texnologiyalarga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro konferensiyalarning o‘tkazilayotgani oliy ta’lim va axborot texnologiyalari sohasiga qaratilayotgan e’tibordan dalolat beradi. 2019 yilda IT-Park ochilgandan so‘ng Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi. Davlatlarimiz o‘rtasida fan va texnologiya sohasida 23 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Olimlar O‘zbekiston va Hindiston hukumatlari tomonidan moliyalashtirilgan ko‘plab loyihalar ustida hamkorlik qilishmoqda. O‘zbekistonda texnologiya sektorining kelajagi juda yorqin, chunki hukumat axborot, texnologiya tadqiqotlari va innovatsiyalarni ilgari surish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda», – deydi Manish Prabxat.
Seminarda taqdim etilgan jami 600 dan ziyod ilmiy maqolalardan saralab olingan eng yaxshi 90 tasi namoyish etiladi.
Ekspert sifatida AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya Federatsiyasi, Tayvan, Indoneziya, Malayziya, Hindiston va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar hamda yurtimizdan taklif etilgan olimlar oflayn va onlayn seksiyalarda faol ishtirok etishmoqda.
Anjumanda bildirilgan taklif va mulohazalar, umumiy xulosalar sun’iy intellekt, internet, aqlli tibbiyot kabi sohalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter