Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2023-yilning eng yaxshi rahbari

2023-yilning eng yaxshi rahbari

Foto: The Economist

2023-yil korporatsiyalarning xodimlari uchun oson kechmadi. Ko‘plab bozorlardagi sust o‘sish rahbarlarni xarajatlarni qisqartirishga undadi, vaholanki, inflyasiya tufayli xodimlar maoshlar oshirilishiga mahtal edilar. Murakkab geosiyosat va zaharli madaniy urushlar sababli kompaniyalar rahbarlari o‘zlarini xuddiki “dorboz arqonida yurgandek his etishdi”. Generativ sun’iy intellekt vasvasasi, texnologiyalardagi evrilishlar qanchadan-qancha rahbarlarni yurak o‘ynog‘iga duchor qilmadi deysiz?!

Shunga qaramasdan, 2023-yil ba’zi rahbarlar juda omadli kelgani bor gap. Xo‘sh, omadlilarning eng omadlilari kimlar? Shunga qiziqqan The Economist nashri yuksak taraqqiy etgan mamlakatlarning (Xitoy va Hindiston hisobga olinmagan) S&P 1200 indeksiga kiruvchi eng yirik kompaniyalari “kattalari”ning faoliyatini tahlil qildi. Oldingi omadsiz rahbarning almashtirilishini olqishlash bo‘lib qolmasligi uchun, bosh direktorlikda uch yildan kam ishlaganlar tahlilga kiritilmadi. Yuqoridagi omillar asosida saralab olingan rahbarlar sohadagi o‘rtacha daromadga nisbatan o‘z aksiyadorlariga qanchalik ko‘p daromad keltirganiga qarab reytingda joylashtirildi. Eng yaxshi rahbarlar o‘nligiga taniqli nomlar bilan bir qatorda, “nomsizlar” ham kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Top-10gacha Kanadaning Cameco tog‘-kon kompaniyasi va AQShning uy-joy quruvchi PulteGroup kompaniyasi rahbarlari yetib keldi. Ularning muvaffaqiyatiga asosan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar (uran narxining oshib ketishi va aksincha, eski uylarning  narxlari qulashi) sababchi bo‘ldi. Shu bois ular “eng yaxshilar” ro‘yxatidan tushib qoldi.

Da’vogarlar qatorida aksiyalar sotib olish bilan shug‘ullanuvchi ikkita firma (3i va Melrose Industries) rahbarlari ham bor edi. Ularning muvaffaqiyati ortida o‘zlarining moliya direktorlari uddaburonligi emas, balki portfel kompaniyalar (ular egalik qiluvchi aksiyalar tegishli kompaniyalar) rahbarlarining mehnati yotgani bois,  3i hamda Melrose Industries rahbarlari ham ro‘yxatga ilinmadi.

Niderlandiyaning mikrosxemalar tayyorlovchi asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi BE Semiconductor Industries kompaniyasi rahbari Richard Blikman ham ro‘yxatdan tushib qoldi. Uning to‘lovlari aksiyadorlarni qoniqtirmadi — kompaniya direktori uchun yomon ibrat.

Oxir-oqibat 2023-yilning besh nafar superyulduz rahbaridan iborat ro‘yxat (top-5) tuzildi. Aksiyadorlarining daromadi yuqorilab borish tartibida bular quyidagilar: Devid Riks (jahondagi eng qimmat farmatsevtika kompaniyasi — Eli Lilly rahbari); Devid Veles Osorno (Braziliyaning Lotin Amerikasi bo‘ylab mijozlarga ega yangi banki — Nubank rahbari); Sekiya Kazuma (Yaponiyaning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uchun ilg‘or qurilmalar chiqaruvchi Disco kompaniyasi rahbari); Mark Sukerberg (ijtimoiy-media gigant — Meta rahbari; Jensen Xuang (chiplar ishlab chiqurvchisi, bozor qiymati bu yil 1 trln dollardan oshgan Nvidia rahbari).

2023-yilning eng yaxshi beshligi shular. Ammo eng yaxshisi kim?

Har biri 1-o‘ringa loyiq edi. Riks Eli Lilly kompaniyasini yetakchilar safiga olib chiqib, semirishga qarshi dorilar ulkan bozorida daniyalik raqobatchi — Novo Nordisk bilan farqni juda qisqartirdi, soha uchun odatiy yilda ajoyib natijalarga erishdi.

Uncha-muncha yangi bank eski va tajribali banklar bozoriga kirishga jur’at eta olmaydi. Ammo Osorno rahbarligida (u 2013-yilda bankka asos solganlardan biri hamdir) Nubank mijozlari soni bo‘yicha 10 yil ichida Lotin Amerikasidagi beshinchi yirik moliya institutiga aylandi.

Disconing tadqiqotlar va ishlanmalar bo‘limini ham qo‘shib boshqarayotgan Kazuma esa kompaniyasining uzoq yillar davomida yarimo‘tkazgichlarni kubiklar shaklida kesish va silliqlash yo‘nalishidagi ustunligini ta’minlab kelyapti.

2022-yilda metakoinotga telbalarcha sho‘ng‘ib sarmoyadorlarni xavotirga solib qo‘ygan Sukerberg, nihoyat, o‘ziga keldi va 2023-yilda kompaniyasini generativ sun’iy intellekt bozoriga olib kirib, samarali natijalari bilan ularni mamnun etdi.

Janob Xuang esa sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchi barchani o‘z kompaniyasiga bog‘lab qo‘ydi — faqat uning chiplari bilan yuqori samaraga erishish mumkin.

Xo‘sh, qaysi birini tanlash kerak? Buni aniqlashning yo‘llaridan biri — qo‘l ostidagi xodimlarining fikri. Alqissa, aksiyalarini qimmatlashtirishga erishgan, biroq xodmilarini ranjitgan rahbar uzoqqa bormasligi tayin. Buni tahlil qilish uchun xodimlarning o‘z rahbarlari va ishlayotgan kompaniyalariga munosabatlari aks etgan ma’lumotlar Glassdoor saytidan olindi.

Sukerberg haqida yaxshi fikrlar atigi 62 foizni tashkil etdi, demak, uning “samarali yili” xodimlar uchun hech narsani anglatmaydi.

Disco kompaniyasi xodimlarining fikrlari ham bir qarashda shundaydek (ammo so‘ralgan respondentlar soni ancha oz). Balki bunga kompaniyada ishlarni muvofiqlashtirish mexanizmi g‘alati yo‘lga qo‘yilgani oydinlik kiritar. Kompaniya jamoasi o‘zaro ko‘rsatilgan xizmatlar uchun Will deb nomlangan virtual valyutadan foydalanadi. So‘ngra menejerlar bajarilgan topshiriqlar uchun valyutani jamoa a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi — mukofot pullari shunga qarab aniqlanadi. Bu iqtisodchining orzusidagi ish bo‘lishi mumkin, biroq xodimni mamnun etishi dargumon.

Mijozlarning g‘azabini qo‘zg‘ash — rahbar uchun eng yomon strategiya. Bu yil AQShning bir nechta shtatlari, jumladan, Kaliforniya, diabetga chalinganlar uchun suv va havodek zarur bo‘lgan insulin narxini qimmatlashtirishda ayblab Eli Lilly kompaniyasini sudga berdi. Bosim ostida qolgan kompaniya mart oyida insulin narxni 70 foizgacha tushirishga majbur bo‘ldi.

Osornoga keladigan bo‘lsak, uning strategiyasidagi barcha yo‘nalishlar ham muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Umuman olganda, Nubank daromad bilan ishlayapti, biroq bankning Meksikadagi faoliyati xarajatlarini qoplamayapti. Meksika muammosini amallagan taqdirda, Osorno yaqin yillarda eng zo‘r rahbar bo‘lishga haqli.

Yakunda uloq janob Xuangda ketdi. Sun’iy intellektga pul tikishda uncha-muncha rahbar Nvidia rahbarichalik uzoqni ko‘ra olmadi. O‘z kompaniyasi chiqarayotgan grafik protsessorlar sun’iy intellekt modellarini o‘qitishda ham juda yaxshi vosita bo‘lishini Xuang o‘n yil oldin anglab yetgandi. O‘shandan to shu kunlargacha u kompaniyasini bo‘lg‘usi sun’iy intellekt inqilobiga tayyorlab keldi. Dasturchilarga o‘zining chiplaridan ko‘proq foydalanishda ko‘maklashish maqsadida kompaniyaning Cuda dasturiy platformasini muntazam rivojlantirib keldi, yanada katta hisoblash quvvatini ta’minlash uchun ko‘plab chiplarni birlashtiruvchi tarmoq texnologiyalari ishlab chiqaruvchi Mellanox kompaniyasini sotib oldi. Sarflangan xarajatlar behuda ketmaganiga bugun guvohmiz: jahon maxsus chiplar bozorining 80 foizidan ziyodini Nvidia o‘z nazoratiga olgan.

Jamoat ko‘z o‘ngida Stiv Jobs qora vodolazkasi bilan yodda qolgan bo‘lsa, Xuangni mashhur charm kurtkasiz tasavvur qilish qiyin. Aytishlaricha, tinib-tinchimasligi va qat’iy qoliplarga rioya qilishi bilan u Apple asoschisini eslatadi. Xodimlar uchun undan yaxshi rahbar yo‘q — 98 foiz. Xullas, bosh direktorlar orasida eng yaxshi 2023-yil Jensen Xuangniki bo‘ldi. Yil rahbari!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring