Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2023-yildagi xorijiy tendensiyalar (video)

Yil yakunlarini sarhisoblashda davom etamiz va texnologiyalar olamidagi eng muhim voqealarga to‘xtalamiz. Tendensiyalar, hodisalar, shov-shuvli voqealar, yangiliklar — xo‘sh, 2023-yil nimasi bilan bizning esimizda qoldi?

Asosiy tendensiya — katta til modellari

Generativ neyrotarmoq — transformerlar yoki GPTlar 2023-yilning eng qiziqarli texnologik voqealaridan biriga aylandi. Agar 2023-yilgacha sun’iy intellekt va neyrotarmoqlarga qiziqish nisbatan bir maromda kechgan bo‘lsa, 2022-yil oxiridan 2023-yil boshigacha sun’iy intellekt chin ma’noda portlash effektini namoyon etdi. Bu global statistikada ham ko‘rinadi (sun’iy intellekt, shuningdek, generativ so‘rov, ayniqsa generativ AI modellariga qiziqish tinmay ortib bormoqda).

2023-yilda sun’iy intellekt rivojlangan eng ko‘zga ko‘ringan va muhim sohalardan biri katta til modellari — LLMlar edi. Xususan, 2023-yilda OpenAI kompaniyasi GPT-4 Turbo, uning asosiy raqobatchisi Google kompaniyasi Bardni taqdim etdi.

2023-yilda asosiy texnologik tendensiyalar dunyoning yangi manzarasini yaratish uchun madaniy va geosiyosiy dinamika bilan o‘zaro bog‘lanadi. Generativ AI ta’siri barcha sohalarga — sanoatdan tortib, ijtimoiy-madaniy jarayonlargacha kirib bordi.

Shuning barobarida, global ziddiyatlarning kuchayishi kiberxavfsizlikning ahamiyatini har qachongidan oshirdi. Korporativ gigantlarning ustunligi haqidagi xavotirlarning kuchayishi esa davlat organlarini monopoliyaga qarshi faoliyatni tartibga solishga va yirik korporativ operatsiyalarni kuzatishga undamoqda.

Google taqdim etgan RT-2 modeli

Google DeepMind robototexnika uchun RT-2 modelini namoyish etdi. U Transformers arxitekturasiga asoslangan va ilgari robototexnika bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsani butunlay o‘zgartiradi. Ushbu modeldan foydalanib, robotlarga nafaqat harakat qilish, balki fikr yuritish, ularning harakatlari va ma’nosini bilish qobiliyati ham berilishi mumkin.

Sem Altmanning g‘alati iste’fosi

OpenAIda rahbariyatning o‘zgarishi, ayniqsa, Sem Altmanning iste’foga chiqarilishi va keyin yana joyiga qaytishi sun’iy intellekt olamidagi munozaralar markaziga aylandi. Ushbu voqealar o‘rinli xavotirlarga sabab bo‘ldi, negaki kompaniya xavfsizlik va axloqiy tamoyillariga qaramay, o‘z mahsuloti bilan tajribalar o‘tkazishni boshlagan edi.

Microsoftning OpenAI xodimlariga qiziqishi, ayniqsa, Altmanni o‘ziga og‘dirib olish qarori sun’iy intellektning ahamiyati qanchalik kattaligini ko‘rsatadi. Keyinchalik Altman o‘zi uchun qadrdon OpenAI bag‘riga qaytdi, ammo endi o‘zgartirilgan shartnoma shartlari bilan bosh direktor kursisiga o‘tirdi. Bu yana bir bor sun’iy intellekt sohasida tijoriy ishtahalarni axloqiy tamoyillar bilan tiyish qiyinligini ko‘rsatmoqda.

 AI Act qabul qilinishi

Bu, albatta, sanoatni o‘zgartiradigan voqea! Bu Yevropada sun’iy intellektni global miqyosda tartibga soluvchi yangi qabul qilingan hujjatdir. (Katta va kichik) kompaniyalardan shaffof bo‘lishlari, modellar qanday ishlashi haqida tafsilotlarni oshkor qilishlari va yaratilgan kontentni belgilashlari talab qilinadi. AI endi qiziqarli o‘yinchoq emas, ko‘pchilik buni xavf deb bilishadi, shuning uchun uni tartibga solish vaqt masalasi edi, endi u hal qilindi.

Smartfondagi sun’iy yo‘ldoshli internet

2023-yil avgustida chiqarilgan Huawei Mate 60 Pro — sun’iy yo‘ldosh orqali qo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlaydigan — birinchi asosiy smartfon, u telekommunikatsiyalarda yangi davrni boshlab berdi. Ushbu xususiyat foydalanuvchilarga, hatto dunyoning eng chekka burchaklarida ham, ovozli aloqani saqlab qolish imkonini beradi.

Telekommunikatsiya bozori asosan mahalliy miqyosdagi aloqa operatorlari nazoratida. Operatorlar — qurilma ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilar o‘rtasida vositachidir. Smartfonlarda sun’iy yo‘ldoshli internet paydo bo‘lishi bilan vaziyat o‘zgarmoqda. Smartfonlar kabi qurilmalarni ishlab chiqaruvchilar endi, an’anaviy tashuvchilarni chetlab o‘tib, iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishni taklif qilishlari mumkin. Ushbu yangilik texnologiya gigantlariga vertikal integratsiyani yaratishga imkon beradi va ularni oxirgi iste’molchiga har qachongidan ham yaqinlashtiradi. Bu mobil aloqaning mohiyatini o‘zgartirib yuborishi, global voqelikka aylantirishi mumkin.

Adliya Google va monopoliyalarga qarshi

Google kabi texnologik gigantlar ustidan monopoliyaga qarshi tekshiruvlar o‘zgarib borayotgan zamon va tartibga soluvchilarning raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari belgisidir. Sentyabr oyida AQSh Adliya vazirligi kompaniyani nohaq amaliyotlarda, xususan, Google qidiruv tizimini barcha qurilmalarda standart holga keltiradigan Apple bilan kelishuvlarida ayblab, Googlega qarshi sud jarayonini boshladi.

Shunisi qiziqki, Microsoft bosh direktori Satya Nadella bu ishning asosiy guvohiga aylanib, Google hukmronligi innovatsiyalarni qanday bo‘g‘ib qo‘yishi va bozorning boshqa ishtirokchilari uchun imkoniyatlarni kamaytirishi mumkinligini ta’kidladi. Bu regulyatorlar raqobatga qarshi amaliyotlarni, shu jumladan Amazon va boshqa texnologiya gigantlariga qarshi shunga o‘xshash da’volarni bostirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirayotgan ko‘plab holatlardan biridir.

Amazon 18 000 ishchini qisqartiradi, ishdan bo‘shatish “urf”ga kirdi

Amazondan boshlab, Cisco, Meta va Microsoft kabi gigantlarda ish o‘rinlarini qisqartirish 2023-yilda sezilarli tendensiyaga aylandi. Bu holat bir necha omillar, jumladan, iqtisodiy qiyinchiliklar va iste’molchilarning xatti-harakatlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Pandemiya davrida ushbu kompaniyalarning aksariyati raqamli texnologiyalar va masofadan ishlashga qiziqish ortib borayotganini faol olqishlashgandi. Biroq, 2023-yil kelishi bilan, daromadlarning pasayishi va bozor sharoitlarining o‘zgarishi, kadrlar siyosatini to‘g‘rilash zaruratini keltirib chiqardi.

MOVEitning buzilishi

May oyida Progress Software bilan sodir bo‘lgan hodisa katta kiberxavfsizlik inqirozining boshlanishini belgiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, MOVEit mahsulotidagi zaiflik tufayli dunyo bo‘ylab taxminan 2 620 ta tashkilot va 77,2 million kishi kibertahdidlarga duch kelgan.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyat kibermakonga tarqalmoqda, chunki geosiyosat xavfsizlik muammolarini kuchaytiradi

Dunyoning turli burchaklarida ortib borayotgan geosiyosiy keskinlik e’tiborni kibermakondagi tahdidlarga qaratmoqda. Misol uchun, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyat DDOS hujumlari va veb-saytlarni buzish kabi kiberhujumlarning ko‘payishiga olib keldi. Vaziyat Rossiyaning Ukrainaga qarshi faolligi va Xitoyning Tayvanga qarshi kiberoperatsiyalari tufayli yanada og‘irlashmoqda.

Bu o‘zgarishlar nafaqat global mojarolarning harbiy jihatlarini, balki kibermakonning harbiy va geosiyosiy operatsiyalar uchun yangi chegara sifatida o‘sib borayotgan rolini ham ko‘rsatadi. Kiberxavfsizlik xodimlari (CISO) uchun bu yangi muammolarni keltirib chiqaradi va kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini talab qiladi. Zamonaviy dunyoda CISOlar doimo hushyor bo‘lishlari, tez o‘zgaruvchan vaziyatlarga moslashishga va o‘z tashkilotlarini turli kibertahdidlardan himoya qilishga tayyor turishlari kerak.

AQSh Xitoyga chiplar eksportini chekladi

AQShning texnologiya eksportiga, ayniqsa sun’iy intellekt chiplari va superkompyuterlar sohasiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etishi global texnologiya savdo urushidagi zalvorli yurishlardan bo‘ldi. Ushbu harakatlar global yarimo‘tkazgichlar ta’minot zanjiriga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va ushbu mahsulotning turli sohalar uchun muhim strategik ahamiyatga egaligini yana bir bor ta’kidlaydi.

Qo‘shma Shtatlarning asosiy maqsadi — Xitoyning ilg‘or texnologiyalarga kirishini cheklash, ayniqsa, harbiy modernizatsiya va inson huquqlarining buzilishi sharoitida. Biroq, bunday harakatlar yanada kengroq global ta’sirga ega. AQSh ittifoqchilariga Xitoyga chip eksportini cheklash bo‘yicha bosim global ta’minot zanjirini buzishi va ko‘plab kompaniyalarning kerakli texnologiyalarga kirishini qiyinlashtirishi mumkin.

Ushbu holat oqibatida biznes olami global savdoning yangi voqeliklariga moslashish, ularning ta’minot zanjirlarini tahlil qilish va bunday siyosat cheklovlari bilan bog‘liq xavflarni minimallashtirish uchun muqobil yechimlarni topish muammosiga duch kelmoqda.

Apple Vision Pro: kelajakka qaytish

Apple kompaniyasining o‘z Vision Pro qurilmasi bilan aralash reallik segmentiga kirishi — yilning texnologiya sanoatidagi asosiy voqealaridan biri sifatida ajralib turadi. Ushbu mahsulot kompaniyaning uzoq muddatli investitsiyalari hamda sensorlar, materialshunoslik, displeylar va protsessorlar kabi turli sohalardagi tadqiqotlarini aks ettiradi. Biroq Apple innovatsiyalari, Meta kabi boshqa yirik ishtirokchilarning sa’y-harakatlariga qaramay, aralash reallik bozori bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Qurilmalarning o‘ta qimmatligi, cheklangan tarkibi, foydalanish qiyinligi va keng qo‘llaniladigan ilovalarning yetishmasligi ko‘plab savollarni ochiq qoldiradi. Aralash reallik va virtual haqiqat garnituralari bozorda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lsa-da, ularning jamiyat tomonidan qabul qilinishi nisbatan pastligicha qolmoqda.

Shunday qilib, yirik o‘yinchilarning ta’sirchan yangiliklariga qaramay, aralash haqiqatni iste’molchilarning kundalik hayotiga qabul qilish uzoq vaqtni talab qilishi mumkin. Bozor hali-veri bu texnologiyalarning keng tarqalishi va qo‘llanilishiga imkon bermaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring