Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

15 ta hududda IT-shaharchalar tashkil etiladi

15 ta hududda IT-shaharchalar tashkil etiladi

Mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va yoshlarning qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha Prezidentga axborot berildi.

So‘nggi yillarda IT sohasi jadal rivojlanib, mutaxassislar va xizmatlar tobora ko‘payib bormoqda.

Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz o‘sdi, 200 million dollarlik eksport qilindi va 5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Lekin, hududlar kesimida qaraganda, IT xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki mutaxassislarning 80 foizi poytaxtda yashaydi.

Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, dastlab Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shaharlarida ana shunday hududlar tashkil qilinadi.

IT-shaharchalarda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar bo‘yicha bepul o‘qitiladi.

Davlatimiz rahbari bunday shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda barpo etilishi hamda ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini alohida ta’kidladi. 

Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu – malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yo‘lda yoshlarga qanot bo‘ladigan, zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan tizim bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, IT ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovini IT-Park orqali o‘tkazish taklifi bildirildi.

Davlatimiz rahbari bu tanlovda ham xuddi “President Tech Award”dagi kabi, nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Sun’iy intellekt dasturlarini yaratish va qo‘llash bo‘yicha ham muvaffaqiyatli ishlar olib borilmoqda.

Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo‘yicha ham axborot berildi.

U orqali 14 dan ziyod idoralarning ma’lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash mumkin.

Ushbu onlayn platforma orqali iste’molchilar 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni qulay tarzda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring