Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maxfuza Ro‘yiddinova

«Kema uchun eng xavfsiz hudud – qirg‘oq. Ammo u buning uchun yaratilmagan».

ITdagi ilk o‘zbek milliarderlari qachon paydo bo‘ladi? (VIDEO)

«Vaqtni to‘g‘ri investitsiya qilish – aynan muvaffaqiyat degan tushunchaning asosini tashkil etadi», — deydi bugungi qahramonlarimiz. Omad o‘z-o‘zidan kelmaydi, boshqalarga qaraganda 10 baravar ko‘proq harakat qilsangizgina ular oldida muvaffaqiyatliroq bo‘lasiz. Bugungi suhbatdoshlarimizdan biri 20 yoshda 1 million dollarlik shartnoma imzolashga erishgan, ikkinchi suhbatdoshimiz esa 20 yoshdan endi oshgan bo‘lsa-da, bir nechta korxonalarni boshqarib keladi. Ularga omad o‘z-o‘zidan kelgan, deb o‘ylaysizmi?

IT biznes orqali nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning yetakchi mamlakatlarida muvaffaqiyat qozongan Bobir Akilxanov va uning shogirdi Sardor Ahmedovning «OMAD» sirlari va xatolaridan chiqargan xulosalari haqida gaplashamiz. Suhbatdan avval keling, ular bilan yaqindan tanishib olamiz!

Bobir Akilxanov — 20 yoshida o‘zining ijtimoiy tarmog‘iga asos solgan va 1 million dollar sarmoya jalb qilgan. Forbesda Bobir Akilxanov IT tadbirkor sifatida Forbes Tech Council tarkibiga kirgan birinchi o‘zbekistonlik sifatida ko‘rsatilgan. 2006 yilda Anthill jurnalida yilning eng yaxshi tadbirkori sifatida etirof etilgan. Rossiyada bir yildan kamroq vaqt ichida 8 million obunachi to‘plagan veb-sayt asoschisi bo‘ldi. «Plov.com» ning asoschi hamkori hisoblanadi - Forbes reytingida Rossiyada 1-o‘rinni egallagan. «Lasik», «APT Systems», «Museum of Modern Art», «Peter Neilsen» va 60 dan ortiq maxsus veb yoki ilovalarga asoslangan loyihalar bilan ishlaydi. Shuningdek, «Jafton.com», «Missed.com» kompaniyalari hamda «Bobir Akilkhanov Tech Academy» asoschisidir.

Sardor Ahmedov — IT sohasiga Bobir Akilxanov sabab kirib kelgan, dastlab shogird, keyinchalik esa biznes hamkoriga aylangan. Hozirda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Jafton.com va masofaviy ta’lim beruvchu Missed.com kompaniyalarini birgalikda boshqarishadi.  Shuningdek, xorijdagi o‘zbekistonliklarni birlashtirish maqsadida «Uzbek Diaspora» NNTga asos solgan. Dastlabki bizneslaridan biri Nutra First nomli kompaniya bo‘lgan. Ammo bugungi kunda butun diqqat-e’tiborini IT biznesiga qaratganini ma’lum qildi.

Sardor «Harvard Business Review» va «Pace Lubin School of Business» korxonalarining maslahat kengashlaridagi yagona o‘zbek hamda Forbes Business Councildagi eng yosh vakil hisoblanadi.

— IT sohasiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?

Bobir Akilxanov: — Birinchi kompyuterimni 1994 yillarda olib berishgan. Shundan keyin qiziqishim ortgan. 1998 yillarda otam internetga ulanganlar va shunda tushungandimki, bu narsalarni barchasi menga yoqyapti. 2000 yillarda qiziqishimni ko‘rib, ota-onam meni dasturlash sohasi bo‘yicha Avstraliyaga o‘qishga yuborishgan.

Sardor Ahmedov:  — Ustozim Bobir akaga shogird tushganman va shu orqali sohaga kirib keldim. Shu narsani aytmoqchimanki, ustoz- shogirdlik an’anasi yoshlar uchun biznesga kirishda eng maqbul yechim hisoblanadi. Bobir aka menga sotuvni puxta o‘rgatdilar. Aynan sotuv taraflama bizda hozir muammo bo‘lmaydi, chunki qanday sotishni bilamiz. 

— IT sohasida qaysi muammoni ko‘ra bildingiz?

Bobir Akilxanov: — Birinchi loyiham haqida gapiradigan bo‘lsam, universitetni oxirgi kurslarida o‘qiyotganimizda bir savol oldimizda turardi: og‘aynilar bilan qanday qilib aloqani ushlab qolamiz? Bunga qanday yechim topsa bo‘ladi, deb o‘ylardim. Shunda menga Facebookni ko‘rsatishdi, o‘sha paytlar u hali kichkina loyiha edi. Lekin muhim loyiha bo‘la olishini sezganman. U ichimdagi o‘ylarimga yechim berib, tengdoshlarni bir portalga yig‘a olgan.

Sardor Ahmedov: — Bizda ikkita kompaniya bor,  ularning har biri alohida muammolarga yechim izlaydi. Birinchisi Jafton.com bo‘lib, an’anaviy biznesdan raqamlashtirish sohasiga o‘tmoqchi bo‘lgan mijozlarga konsalting beramiz va biznezni to‘g‘ri yo‘naltiramiz. Ikkinchi loyihamiz Missed.com startap bo‘lib, biznes avtomatizatsiya, ya’ni CRM tizimini o‘z ichiga oladi.

 — Chet el sharoitiga moslashish jarayoni qanday kechgan? U yerda biznes tashkil etishdagi qiyinchiliklar haqida gapirib bering.

Bobir Akilxanov:  — Chel elda raqobat juda kuchli, u yerda hamma o‘zi uchun kurashishi kerak. Hamma narsa manfaatlar ustiga qurilgan, toza kapitalizm. Agar bozorga arzirli taklif, yaxshi servis bilan kirib bora olsangiz, yo‘q sen o‘zbeksan, yoki boshqa millatsan, deb ajratmaydi. Taklif ma’qul kelsa, talab bo‘ladi, albatta. Har qanday biznesni rivojlanib ketishiga vaqt kerak. Shu joyiga kelganda ko‘pchilik taslim bo‘ladi. Ularni bu borada ayblab ham bo‘lmaydi, chunki, ijara haqi juda yuqori. 

 — Biznes boshlaganda qilgan xom-xayollaringiz va topgan haqiqatlaringiz?

Bobir Akilxanov: — Biznesni boshlashim bilan bir yilda muvaffaqiyatga erishib, boyib ketaman, deb o‘ylardim. Misol qiladigan bo‘lsak, sportchilar ham bir kunda chempion bo‘lmaydilar-ku, xuddi shunga o‘xshab, biznesda ham asta-sekinlik  bilan o‘sib boriladi. Odatda shu joyida juda ko‘p xato qilardim. Biznes boshlab, 6 oydan keyin, atigi 500 dollar ishlayapman, deb bizneslarimni tashlab ketardim. O‘sha vaqtda kimdir menga shoshmay tur, sen hozir 500 dollar topyapsan, ikki yildan keyin 1000 dollar, uch yildan keyin 10 000 dollar topasan, deb tushuntirganda, balki bu xatolarni qilmasdim. Sabrim yetmagan.

Sardor Ahmedov: — Men hamma yoshlarga o‘xshab o‘ylardim. Mana biznes boshlayman, g‘oyam zo‘r va juda tez ko‘tarilaman, nafaqat u, balki millardlik kompaniyalarni osonlik bilan bir-ikki yilda qurib tashlasa bo‘ladi, deb fikrlardim. Eng katta xato ham shu yerda edi. G‘oyaga juda katta e’tibor berib, sotuv tarafiga uncha e’tibor bermaslik. G‘oyangiz qanchalik zo‘r bo‘lmasin, bilimingiz, tajribangiz va, asosiysi, shunga yarasha  jamoangiz bo‘lmasa, samarali ishlay olmaymiz. Endilikda xatolardan kelib chiqib, maqsad qo‘yadigan bo‘lsak, kamida besh yilni nazarda tutamiz. Masalan,  Missed.com loyihamiz bizga foyda olib kelmayapti, ammo  biz 5 yil davomida pul tikishga tayyormiz. Negaki, hozir bilamiz, harakatdan to‘xtamasak biznesdagi burilish nuqtaga yetib kelamiz. Buning uchun bizga faqat sabr kerak.

 — IT sohasini O‘zbekistonda rivojlanib ketishiga nima to‘sqinlik qiladi va kamchiligimiz nimada?

Bobir Akilxanov: — Hozir to‘sqinliklar yo‘q. Ilgari, 2005 yilda birinchi jamoam bilan ish boshlaganimda oylik to‘lash ham muammo edi. Tabiiyki, oyliklar konvertda to‘lanardi. Shu tufayli organdagi insonlar bilan ham muammolar yuzaga kelardi. Ish faoliyatida zarur bo‘lgan juda ko‘p narsalar taqiqqa uchrardi. Shu tufayli rivojlanish ham qiyin edi. Hozirda davlat tomonidan hamma narsa qilinib bo‘lindi, shunchaki bizga biroz vaqt kerak.

Sardor Ahmedov: — Hozirda faqat vaqt kerak va o‘ylashimcha, yoshlarni ko‘proq “ayti” sohasiga jalb qilish lozim. Hozir IT biznesdan ko‘ra an’anaviy turini ustun ko‘rayotganlar ko‘proq. To‘g‘ri, hamma o‘zi qiziqqan sohada ishlaydi, ammo IT bu zamon talabi ekanligini esdan chiqarmaslik kerak.

Bir narsaga ishonaman, yaqin yillarda O‘zbekistonda juda kuchli dasturchilar, million dollarlik IT korporatsiyalar ham yetishib chiqadi.

 — O‘zbekiston kelajagini IT bilan yaqin besh yilda qanday tasavvur qilasiz?

Bobir Akilxanov: — Onlayn do‘konlar rivojlanadi, bu esa qo‘shimcha xizmatlarni paydo qiladi, teletibbiyot rivojlanadi. Uzoqqa borish shart emas, Rossiya va Qozog‘istonga qarashimiz mumkin, ularda bor, ularda rivojlangan hamma narsa bizda ham bo‘ladi, 100 foiz buni ayta olaman.

Sardor Ahmedov: — Hozirda bizda junior, ya’ni boshlang‘ich pozitsiyadagi “ayti”chilar ko‘p, agar shulardan 50 000 tasi yaqin besh yilda tajribali mutaxassisga aylansa, bu menimcha juda zo‘r va ana shunday tajribali mutaxassislar O‘zbekistonda juda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Yana bir narsaga ishonamanki, tez orada aynan O‘zbekistonda milliard dollarlik kompaniya paydo bo‘ladi.

— Tajribangiz va xatolaringizdan kelib chiqib, yoshlarga tavsiyangiz...

Bobir Akilxanov: — Yoshlardagi eng katta xato sabrsizligidir. Shuni biling, muvaffaqiyat bittada keladigan narsa emas. Yana bir narsa bor, yoshlarda fikr va maqsadlar tarqoq bo‘lishi kerak emas. Ya’ni, bir narsani boshladingizmi, ayni vaqtda boshqa narsalarga chalg‘imang. Aks holda vaqtni noto‘g‘ri taqsimlaysiz va hamma ish chala bo‘ladi. Vaqtni to‘g‘ri sarflashni bilish kerak. Har doim yoshlarga aytaman, vaqtni to‘g‘ri investitsiya qiling, sizdagi eng katta boylik ham aynan shu – vaqt.

Sardor Ahmedov: — Birinchi navbatda inson o‘zi qiziqqan sohani tanlashi kerak. Masalan, siz ilgari tibbiyot sohasida ishlab, IT sanoatiga endi kirib kelayotgan bo‘lsangiz, Aynan teletibbiyot sohasida muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. O‘zingiz yaxshi tushunadigan soha bo‘lishi muhim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring