Talaba va frilanser kelin. Unga osonmi?(VIDEO)
Sabohat Qalandarova – Xalqaro Vestminster universitetida tahsil oladi va Saudiya Arabistonining «Barq» kompaniyasida frilanser sifatida faoliyat yuritadi. Suhbat davomida Sabohat frilanserlikning ayollar uchun naqadar qulayligi va hozirda yangi kelin sifatida qanday qilib ham o‘qib, ham ishlab, boz ustiga, oyiga 20 million so‘m topish sirlari haqida o‘rtoqlashdi...
- «Ayti» olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?
- Rostini aytsam, soha tanlashga juda qiynalganman. Ingliz tili, matematika hamda ijodkorlikni o‘zida mujassamlashtiradigan kasbni izlaganman va «ayti» sohasini tanlaganman. Boshida «ayti» nima ekanligini umuman tushunmaganman bo‘lsam-da, ingliz tilini yaxshi bilishim sohani mustaqil ravishda mukammalroq o‘zlashtirishimda juda qo‘l kelgan.
- Qiz bola sifatida «ayti» sohasini tanlashingizga oila a’zolaringiz qanday fikr bildirishgan?
- Boshida oila a’zolarimda ham «ayti» haqida yetarlicha tushuncha bo‘lmaganligi bois temir-tersaklar orasida o‘g‘il bolalar bilan ishlaydigan soha, deb o‘ylashgan. Biroq keyinchalik «ayti»ning asl mohiyatini tushunib yetgach, tanlovimni qo‘llab-quvvatlashgan.
- Ish faoliyatingizni qachon boshlagansiz?
- Ikkinchi bosqichni tamomlagach, amaliyotda o‘zimni sinab ko‘rishni istaganman va juda ko‘p saytlarga rezyumemni joylashtirib, ish izlaganman. O‘sha vaqtlarda “Najot ta’lim”da ham o‘qiyotganligim bois, bir necha oydan so‘ng o‘quv markazida soham bo‘yicha dars bera boshlaganman. U yerda uch oy ishlagach, “frontend react” yo‘nalishi bo‘yicha Yudevsga ishga kirdim.
- Ilk olgan maoshingizni eslay olasizmi?
- Yudevsda ilk olgan maoshim 2 million edi, hozirda esa Saudiya Arabistonining “Barq” kompaniyasida masofadan turib frilanser sifatida ishlayman va ayni damda maoshim 20 million.
- Ish faoliyatingizga turmush o‘rtog‘ingizning munosabati qanday?
- Turmush o‘rtog‘im avvaliga bu sohada ishlashga qiynalasan, deb boshqa yo‘nalishga o‘tishni tavsiya qilganlar. Bu esa menga o‘zimni ko‘rsatishim uchun teskari motivatsiya bo‘lgan va turmush o‘rtog‘imning ham fikrlari o‘zgargan.
- Agar «ayti» sohasi bo‘lmasa...
- Men bu sohadan tashqari tarjimonlik bilan ham shug‘ullanishim mumkin. Ammo psixologiyaga ham qiziqishim sabab bu sohani mukammal o‘rganib sohamni o‘zgartirishim mumkin.
- «Ayti» siz uchun nima?
- Ijodkorlik, mashaqqat va rohat!
- Hozirgi kunda xotin-qizlarni «ayti» sohasiga qiziqtirish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
- Avvalambor, «ayti» nimaligini tushuntirish kerak ularga. Chunki ko‘pchilik «aytishnik» deganda kompyuter ustasini tushunadi. Hozirgi kunda yoshlarimiz orasida bu sohaga qiziqish ortib bormoqda. Shu bois ota-onalarda ham soha haqida yetarlicha ma’lumot berish kerak. Boisi «ayti» har bir ayol kishi uchun juda qulay soha. Ayniqsa, frilanserlik faoliyati uyda farzandlar tarbiyasi va uy ishlarini ham birgalikda olib borishga sharoit yaratadi. Agar ayollarimiz orasida yoshidan qat’i nazar, o‘z kasbini o‘zgartirish istagi tug‘ilsa, hech ikkilanmay «ayti» sohasida o‘zlarini sinab ko‘rishlarini tavsiya qilaman.
«Aytishnik» va talaba kelinning kun tartibi hamda hamma narsaga ulgurish sirlari haqida xabar.uz youtube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter