Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

E’zoza Turg‘unova

“Agar inson nimanidir chin dildan orzu qilsa, butun koinot uni shu orzusiga yetishtirish payida bo‘ladi!”

Qarzga kompyuter olib ish boshlagan ikki do‘st bugun qancha maosh olmoqda?(VIDEO)

Qahramonlarimiz IT sohasida faoliyat boshlab, birgalikda yangi assotsiatsiya ochish ustida ishlayotgan ikki do‘st – Azizbek Qobilov va Behzod Mahkamovlardir.

Azizbek QOBILOV 1998-yili Andijon shahrida tug‘ilgan;

2016-2020-yillar davomida INHA universitetining Computer Science and Engineering yo‘nalishida tahsil olgan;

2016-yildan buyon dasturlash sohasida Mobile, Web, Desktop va Artificial Intelligence engineering yo‘nalishlarida faoliyat yuritib kelmoqda;

2017-yildan esa dasturchilar guruhi bilan birga chet el va mahalliy loyihalar ustida ishlamoqda;

2019-yili INHA Summer School tanlovida qatnashib, Janubiy Koreyadagi INHA universiteti tomonidan tashkil etilgan maktabda o‘qish grantini qo‘lga kiritgan;

2020-2021-yillarda Bobur Akilkhanov Tech Academy dasturlash maktabida Senior Mentor sifatida 60 dan ziyod dasturchilarni tayyorlagan;

Hozirgi kunda Creative Advanced Technologies kompaniyasida Backend Development Team Lead lavozimida faoliyat olib boradi.

Behzodxon MAHKAMOV 1997-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan;

2016-2020-yillar davomida INHA universitetida Computer Science and Engineering fakultetida ta’lim olgan;

2019-yilda IT-Parkning inkubatsiya dasturida Worklens nomli loyihasi bilan qatnashgan;

2020-yilda Covid-19 Challenge musobaqasida jamoasi bilan qatnashib, $10000 grant yutib olgan;

2021-yildan buyon Zip24 kompaniyasida bosh dizayner lavozimida ishlab keladi;

Hozirgi kunda UX/UI bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Malevich DGTL nomli dizayn studiyasini ochgan.

Bolalikdagi orzu… IT sohasiga kirib kelishi...

Azizbek: – Bolaligimda kosmonavt bo‘lishni orzu qilganman. Ammo Amerika standartlariga ko‘ra, bo‘yim to‘g‘ri kelmagani uchun tibbiyot sohasiga kirish haqida o‘ylay boshlaganman. Endi tibbiyot yo‘nalishiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lib yurgan paytlarimda esa kelajak IT mutaxassislar qo‘lida ekanini anglab yetganman. Shu sabab tanlovimni o‘zgartirganman.

Behzodxon: – Mening bolaligim asosan shifoxonada o‘tgani uchun kelajakda shifokor bo‘laman, deb niyat qilardim. Lekin 10-12 yillab o‘qishga sabrim yetmasa kerak, deb kompyuter texnologiyalariga ixtisoslashgan akademik litseyga o‘qishga kirganman. Shu tariqa IT olamiga ilk qadamimni qo‘yganman.

Nega aynan IT mutaxassisi?

Azizbek: – Sir emas, ko‘pchilikni IT sohasiga qiziqtiradigan narsa bu – pul. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, dunyo bo‘yicha eng ko‘p pul topiladigan soha ham aynan IT ekan. Aynan shu omil IT sohasiga kirishimga sabab bo‘lgan.

Behzodxon: – Akademik litseyda o‘qib yurgan paytlarim (2-bosqichda), yangi ochilgan INHA universitetiga ekskursiyaga olib kelishgan. O‘shanda aynan kompyuter texnologiyalari sohasi mening kelajagim ekanligini anglab yetganman.

Ayollarning IT sohasida ishlashi qanchalik to‘g‘ri?

Azizbek: – Ba’zi qizlar bu sohani eplay olamanmi-yo‘qmi degan shubhaga borishadi. Ilmiy jihatdan olib qaraganda, ayolning miyasi erkaknikidan kuchliroq bo‘lishi isbotlangan, ya’ni hisob-kitoblarga yaxshi degan ma’noda. Shunday ekan, nega bu sohada ayollar ishlamasligi kerak?..

Behzodxon: – IT sohasiga qizlar judayam kerak. Chunki ular oldilariga qo‘yilgan vazifalarni erkaklarga nisbatan mas’uliyat bilan bajarishadi. Buni o‘z tajribamda ham kuzatganman. Shaxsan o‘zim ayollarning IT sohasida ishlashiga ijobiy fikr bildiraman.

Agar boshqa kasbni tanlash imkoniyati berilsa...

Azizbek: – Agar shunday imkoniyat berilsa, jarroh bo‘lardim. Chunki bu kasbga qiziqishim haligacha saqlanib qolgan. Hatto o‘tgan yilgi tug‘ilgan kunimda yaqinlarim jarrohlik uskunalarini sovg‘a qilishgan.

Behzodxon: – To‘g‘risini aytsam, menga bunday imkoniyat berilishi shart emas. Chunki insonning o‘zida xohish bo‘lsa, istagan paytida, istagan sohasi bilan shug‘ullanishi va hattoki butun boshli hayotini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Masalan, men dizaynerman va bu sohadan zeriksam, arxitektura bilan shug‘ullansam bo‘ladi.

ITning hayotingizda tutgan o‘rni?..

Azizbek: – Hozirgi kunga kelib IT sohasi hayotimning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Men uni mo‘jizaga qiyoslagan bo‘lardim. Chunki IT – bizning kelajagimiz. Shunday ekan, u nafaqat IT mutaxassislari, balki barcha insonlar hayotidagi muhim omillardan biri.

Behzodxon: – IT mening hayotimda ham muhim ahamiyatga ega. Agar unga ta’rif bersam, avvalo, tezlik, rivojlanish va yangi imkoniyatlar eshigi, degan bo‘lardim. Chunki biz bu sohada o‘z yurtimizda ishlash bilan bir vaqtda Amerikada ham faoliyat yuritishimiz mumkin.

Ish boshlashdagi qiyinchiliklar…

Azizbek: – IT sohasida, avvalo, noutbuk, kompyuter kerak bo‘ladi. Ilk kompyuterimni qarzga olingan pulga xarid qilganman. Hozirgi kunda bu sohani tanlagan yoshlarning eng katta muammosi bu – til bilmasligi. Hech bo‘lmaganda rus tilini o‘rganish kerak. Chunki ITga oid asosiy qo‘llanmalar, internetdagi videomateriallar rus va ingliz tilida. O‘z tajribamda ham xorijiy tildagi IT atamalarni tushunmay, qiynaladigan talabalarni ko‘p kuzatganman.

Behzodxon: – Men ham aynan shunday muammoga duch kelganman. Kompyuter sotib olishga pulim bo‘lmagan. Ammo shu sohaga ishtiyoqim balandligi uchun qarz olib, ishlatilgan kompyuterdan foydalanganman.

Qarzga kompyuter olib ish boshlagan yigitlar bugun qancha maosh olishi va bu sohada hamkorlik qanchalik muhim ekanligi sizga ham qiziq bo‘lsa, suhbatning to‘liq shaklini ict.xabar.uz saytining YouTube kanalida tomosha qiling. Asosiysi, izohlarda o‘z fikr-mulohazalaringizni yozib qoldirishni unutmang!

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring