Frilanser Zohidjon Akbarov: Xabar.uz o‘quvchilariga zo‘r taklifim bor!(VIDEO)
Bugungi mehmonimiz — Senior Mobile dasturchi, frilanser Zohidjon Akbarov.
— IT olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?
— «Ayti»ga kirib kelishim qiziq bo‘lgan. Sababi — iqtisod sohasini tanlab, o‘qishga kira olmagach, bir tanishimning tavsiyasi bilan o‘sha kezlar yangi ochilgan Turin politexnika universitetiga o‘qishga kirganman.
— Nima uchun aynan IT?
— Bilasizmi, men erkin bo‘lishni istayman. Qat’iy ish grafigi asosida rahbarlar qo‘l ostida ishlash, hamisha bir xil formada yurish men uchun emas. Bu borada esa IT sohasi men uchun juda qo‘l kelgan. Ba’zan o‘ylab qolaman, agar o‘sha paytlar iqtisodchi bo‘lib ketganimda u sohada uzoq vaqt ishlay olmasmidim...
— Frilanser Zohidjon Akbarovning kun tartibi qanday?
— To‘g‘risini aytsam, menda aniq bir kun tartibi yo‘q. Umuman olganda, frilanserlar kun tartibiga rioya qilishmaydi. Shaxsan o‘zim ishimni kechki payt boshlayman.
— Frilanserlik bilan shug‘ullanishning bugungi kundagi ahamiyati...
— Frilanserlik bilan shug‘ullanish bugungi kunda, ayniqsa, ayollar uchun juda muhim ahamiyatga ega. Ayolim ham hozirda arab tilidan onlayn tarzda dars beradi. Bu ham frilanserlikning bir turi hisoblanadi. Men o‘zim frilanserlik bilan shug‘ullanayotganligimga hali ko‘p bo‘lmadi. Avvaliga o‘zbek kompaniyalarida ishlagan bo‘lsam, hozirda xorij kompaniyalarida faoliyatimni davom ettiryapman. Meni sohamda frilanserlik bilan ilk bor ish boshlaganlar soatiga 30 dollardan, oyiga o‘rtacha 5 ming dollar pul topishlari mumkin. Keyinchalik ish sifatiga va avvalgi mijozlaringizning siz haqingizda qoldirgan yaxshi fikrlariga qarab ish haqqingiz ortib boraveradi.
— Frilanser sifatida endi ish boshlayotganlar aynan qaysi sayt yoki kompaniyalardan oson ish topishlari mumkin?
— Dasturlashga endi kirib kelganlarga o‘zimizning kompaniyalarda ishlashni tavsiya qilaman. Chunki ularga hozir asosiysi fikr va tajriba almashish uchun jamoa kerak. Agar ular boshidanoq frilanserlik platformalaridan ish izlashgudek bo‘lishsa, katta akulalarga «yem» bo‘lishlari hech gap emas.
— IT sohasida yaxshi ishga joylashish, yaxshi daromad topish uchun, avvalo, nima qilish kerak?
— Bu sohada avvaliga mahalliy kompaniyalarda ishlab, yetarlicha tajriba orttirgach, yuqori daromad topish maqsadida xorijiy kompaniyalarda ishlashni istayotgan dasturchilarimiz, birinchi navbatda, ingliz tilini hech bo‘lmaganda gaplasha oladigan darajada bilishlari zarur. Til bilmagan holda mijozlar bilan gaplashishda ham bir qancha muammolarga duch kelish mumkin.
— Ushbu sohaga faqatgina yuqori daromad topish istagida kirayotgan yoshlar haqida fikringiz...
— Bilasizmi, bu sohani faqat pul uchun tanlaganlar birinchi zinadayoq yiqiladilar. Biroq sohaga qiziqib ketganlaridan maqsadlari o‘zgarib, yetuk mutaxassis bo‘lib ketish ehtimoli ham yo‘q emas. Shaxsan o‘zim ham avvaliga bu sohani yaxshi tushunmay turib kirganman. Shuning uchun pulga qiziqib bo‘lsa ham IT sohasiga kirib ko‘rishlarini tavsiya qilaman.
— IT sohasida yaxshi daromad topish uchun oliy ma’lumotli bo‘lish qanchalik muhim sizningcha?
— Agar ijtimoiy tarmoqlar orqali mustaqil o‘rganish barobarida tajribali dasturchiga ham shogird tushishsa oliy ma’lumot u qadar shart bo‘lmaydi. Ammo OTMlari fikr almashish, tanishlar orttirish va raqobatli muhit uchun zamin yaratib beradi. Raqobat bo‘lgan joyda esa albatta rivojlanish bo‘ladi.
— YouTube orqali mustaqil o‘rganish istagida bo‘lganlarga aynan qaysi kanallarni tavsiya qilasiz?
— YouTube orqali chet tilida istagancha ma’lumot topish mumkin. Ammo o‘zbek tilida ma’lumotlar juda kam. Shu bois ham men hozirgi kunda shaxsiy YouTube kanalim orqali bepul darsliklarimni joylab borayapman.
Tez kunda professional tarzdagi videodarsliklarim ham aynan o‘zbek tilida montajdan chiqadi. Yangi videodarsliklarimizning ustida ko‘plab mutaxassislar ish olib borganligi bois uni pullik qilishga majbur bo‘ldik. Ammo xabar.uz va ictxabar.uz kuzatuvchilari orasida IT sohasini o‘rganishni istaganlar bo‘lsa, Instagram sahifasi orqali murojaat qilishsa, albatta, katta chegirmalar qilib beramiz.
Hattoki, shu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishni istasa-da, moliyaviy jihatdan sharoiti to‘g‘ri kelmagan yoshlarimiz ham xabar.uz va ictxabar.uz rasmiy sahifalari orqali murojaat qilsalar, avvalo, sinab ko‘rib shogirdlikka olaman!
Tajribali frilanser Zohidjon Akbarov ko‘pchilikka tanish bo‘lgan aynan qaysi mobil ilovalar muallifi ekanligi sizga ham qiziq bo‘lsa, suhbatning to‘liq qismini YouTube kanalimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin...
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter