Aziz Muhitdinov: Asl maqsadimiz reytingdagi o‘rnimizni balandlatish emas (VIDEO)
Bugun “110 metr balandlikda” loyihamizning navbatdagi mehmoni “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi direktori — Aziz Muhitdinov.
Iqtisod fanlari nomzodi Aziz Muhitdinov 1985 yili Toshkent shahrida tavallud topgan;
2008-2012-yillarda “O‘zbektelekom” AK bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i;
2012-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i;
2017-yili “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi DUK direktorning birinchi o‘rinbosari, direktor vazifasini bajaruvchi;
2018-yili Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi bosh direktori;
2018-2021-yillarda “UNICON.UZ — Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” DUK direktorining birinchi o‘rinbosari;
2022-yildan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
“Asl maqsadimiz reytingdagi o‘rnimizni balandlatish emas. Balki aholi farovonligi va jamiyat rivoji uchun xizmat qilishdir. Agar xalqimiz ular uchun yaratilayotgan qulayliklardan foydalanib, rozi bo‘lishsa, jahondagi mavqeimiz o‘z-o‘zidan yuqorilab boraveradi” — bu so‘zlar bizga emas, balki suhbatdoshimizga tegishli.
— Aziz Hakimovich, keling, suhbatimizni Elektron hukumat sohasidagi yangiliklardan boshlasak. Masalan, BMT reytingida O‘zbekiston erishgan natija tahlili va bu mamlakatimizga nima berishiga doir ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashsangiz...
— Bilasizmi, 2020-yilda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan olib boriladigan Elektron hukumat reytingida 87-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilga kelib 193 ta mamlakat orasida 69-o‘ringa ko‘tarildi. Bundan tashqari, Jahon bankining “GovTech” reytingida hukumat va davlat xizmatlari sektori bo‘yicha 37 pog‘onaga yuqorilab, 198 mamlakat ichida 43-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha esa 4-o‘rinni egalladi. Yana shunisi ham quvonarliki, “Open data Inception”ning 2022-yilgi tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 201 ta mamlakatlari orasida ochiq ma’lumotlar manbalari va ular soni bo‘yicha 4-o‘ringa chiqdi.
— Elektron hukumatning jamiyat hayotidagi o‘rni asosan yurtdoshlarimiz hayotini qulaylashtirayotgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali seziladi. Avvalgidek hujjat ishlari bilan sarson bo‘lishlar, turli ma’lumotlar yig‘ishlar my.gov.uz’da joriy etilayotgan xizmatlar tufayli unutilayotganini ham tan olishimiz kerak, to‘g‘rimi? 2022-yilda Yagona portalni rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
— Joriy yilda ijtimoiy sohalarga doir xizmatlarni takomillashtirishga e’tibor yanada kuchaytirildi. Xususan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga my.gov.uz xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari uchun 50 foiz chegirma yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 2022-yil 1-oktyabrdan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odam immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlash tizimi joriy etildi. Bugungi kunda mazkur tizim orqali 3 mingdan ortiq nafaqalar tayinlandi. Bundan tashqari, yil boshidan buyon Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 68 ta yangi onlayn xizmatlar ishga tushirilib, umumiy elektron davlat xizmatlari soni 368 taga yetdi. Shularning 240 tasidan bepul foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, barcha pullik xizmatlardan esa my.gov.uz orqali foydalanilganda 10 foiz chegirma belgilangan.
— Bir yil davomida eng ommabop xizmatlar 10 taligiga aynan qaysi xizmatlarni kiritgan bo‘lar edingiz?
— Keling, yaxshisi oddiy aholi va tadbirkorlar tomonidan my.gov.uz orqali eng ko‘p foydalanilgan TOP-3 xizmatlar haqidagi statistika bilan tanishtirsam. Bular: bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish, kredit tarixini bilish va avtotransport oynalari tusini qoraytirishga ruxsatnoma olish, shuningdek, tadbirkorlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli shartnoma ma’lumotlarini tizimga kiritish, avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga litsenziya olish hamda loyiha-smeta hujjatlarini kelishishga ariza berish kabi xizmatlarimizdan yil davomida keng foydalanildi.
— Bilamizki, yil avvalidan boshlab, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida bir qator ma’lumotlar va hujjatlar talabi bekor qilindi. Yil davomida tadbirkorlar uchun yana qanday xizmatlar joriy etildi?
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shu kunga qadar tadbirkorlarga qulaylik yaratayotgan xizmatlar talaygina. Masalan, 368 ta xizmatimizdan 242 tasi tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, sentyabr oyida Xalqaro Uptime instituti tomonidan beriladigan TIER—III sertifikatiga ega Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining Yagona ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi barpo etildi. Ushbu markaz davlat idoralarining ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan xarajatlarini qisqartirishga, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, my.gov.uzning mobil ilovasida 2022 yilda 50 turdagi yangi elektron davlat xizmatlari joriy qilinib, ular soni 160 taga yetkazildi. Shulardan 22 tasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, 92 tasidan esa bepul foydalanish mumkin bo‘ldi. 2022 yil davomida elektron davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish ortidan aholining 36 mlrd.dan ortiq mablag‘lari tejalishiga erishildi.
— Aholining davlat xizmatlaridan my.gov.uz orqali foydalanish hajmi yil davomida qanchaga ortdi?
— Bilasizmi, joriy yilda 12 milliondan ziyod aholi va tadbirkorlar elektron davlat xizmatlaridan my.gov.uz orqali foydalanishdi. Umumiy xisobda esa yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchilari soni 2022-yilda keskin ortib, 4 mln.ga yetdi. Natijada esa fuqarolarimizning vaqti va mablag‘i tejalib, davlat idoralariga bevosita tashrifi bosqichma-bosqich qisqarmoqda.
— Yangi 2023 yilda yana qanday yangi xizmat turlarini joriy etish ko‘zda tutilgan?
— 2023-yildan elektron davlat xizmatlari safidan “proaktiv shakldagi” xizmatlar ham o‘rin olishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan talab qilinadigan hujjatlar va ma’lumotlar so‘rovi yanada qisqartirilib, minimal darajaga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, asosiy e’tibor my.gov.uz mobil ilovasidagi xizmatlar sonini ko‘paytirishga qaratiladi hamda tijorat tashkilotlari xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
— Aziz aka, fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan yangi yil bilan qutlab, ularga tilaklaringizni yetkazishingiz mumkin, marhamat!
— Kirib kelayotgan 2023-yil bilan barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan tabriklayman. Barchaga yangi yilda avvalambor sihat-salomatlik, oilalariga tinchlik-xotirjamlik va ishlariga rivoj tilayman! Umid qilamanki, 2023-yilda barchamiz birgalikda elektron xizmatlar sohasini xalqimizning kundalik hayotida doimiy ravishda foydalanadigan, mushkullarini oson qiladigan platformaga aylantiramiz!
O‘zbekistonda elektron hukumatini rivojlantirishda aynan qaysi davlatlarning shu yo‘nalishdagi siyosatidan andoza olinmoqda? Fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganida boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarning 50 foizini qaytarib olish uchun qayerga va qanday murojaat qilish darkor? Bu savollarning barchasiga intervyuning to‘liq qismini youtube kanalimizda tomosha qilish orqali javob olishingiz mumkin!
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter